• eye Maxsus imkoniyatlar
SAYLOVGA TAYYORGARLIK – DOIMIY E’TIBORDA
17.06.2021
1660
Avval xabar berilganidek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida shu yil 7 iyun kuni boshlangan uchastka saylov komissiyasi raisi, rais o‘rinbosari va kotibligiga nomzodlarning bilim va amaliy ko‘nikmalarini oshirishga yo‘naltirilgan seminar-treninglar izchil davom etmoqda.

Avval xabar berilganidek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida shu yil 7 iyun kuni boshlangan uchastka saylov komissiyasi raisi, rais o‘rinbosari va kotibligiga nomzodlarning bilim va amaliy ko‘nikmalarini oshirishga yo‘naltirilgan seminar-treninglar izchil davom etmoqda.

Treninglarda joriy yilning oktyabr oyida bo‘lib o‘tadigan Prezident saylovining o‘ziga xos tomonlari, milliy saylov komissiyalari tizimi, ularning vakolatlari va vazifalari, saylov jarayonida xorijiy davlatlar, xalqaro tashkilotlar va mahalliy kuzatuvchilarining ishtiroki, ularning huquqlar va majburiyatlari, saylov kuni ovoz berishni tashkil qilish, saylov natijalarini aniqlash va e’lon qilish tartibiga oid mavzular bo‘yicha nazariy va amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazilmoqda.

“Men o‘tgan 10 kun mobaynida Qashqadaryo viloyatining deyarli barcha tuman va shaharlarida bo‘lib, mashg‘ulotlar jarayonini bevosita kuzatdim, - deydi O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi a’zosi Orifjon Bozarov. -  Viloyatning 15 shahar va tumanida o‘tayotgan seminarlarda jami 647 nafar tinglovchi ishtirok etmoqda. Mashg‘ulotlar davomida tinglovchilar  O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyasi va Saylov kodeksiga kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar, “Bir saylovchi – bir ovoz” tamoyiliga qat’iy amal qilish, saylovchilarning yagona elektron ro‘yxati va saylov jarayonini boshqarish axborot tizimidan foydalanish tartibi bo‘yicha nazariy bilim va amaliy ko‘nikmalarini oshirmoqda. Bunda seminar-treninglarga yangicha yondoshuv, jumladan, interfaol vositalar va zamonaviy axborot texnologiyalaridan samarali foydalanilayotgani mashg‘ulotlarning sifat va samaradorligini oshirmoqda”.

“Navoiy viloyatining o‘n bir tuman va shaharida mashg‘ulotlarga 362 nafar tinglovchi jalb etilgan, - deydi O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi a’zosi Shuhrat Jo‘rayev. - Saylovga tayyorgarlik ko‘rish va o‘tkazish janayonida pandemiya sharoitidan kelib chiqadigan saylov komissiyalari a’zolari va saylovchilarning salomatligi bilan bog‘liq xavfsizligini ta’minlashga doir masalalardan xabardor bo‘lish muhim ahamiyatga ega.  Seminar-treninglar davomida bunday masalalar amaliyotda ham ko‘rsatib o‘tilmoqda”.

Toshkent shahridagi Shayxontohur tumanida  247 nafar   uchastka  saylov komissiyasi raisi, rais o‘rinbosari va kotibligiga nomzodni o‘qitish rejalashtirilgan. Hozirgacha  110 nafar  tinglovchi belgilangan tartibda test sinovlarini topshirib, seminarlarni muvaffaqiyatli yakunladi.

“Mamlakatimizda demokratik islohotlarning chuqurlashgani, fuqarolarning siyosiy ongi hamda faolligi yuksalganligi, xususan, ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlardagi so‘z erkinligi Prezident sayloviga qiziqishni tobora oshirmoqda va ayni paytda jamiyatimizdagi bu  yuksalish saylov jarayoniga yangi talablarni qo‘ymoqda, - deydi seminar tinglovchisi Baxtiyor Qushboqov. - Bu esa, saylov jarayonlarini qonunchilikka mos tarzda uyushqoqlik bilan tashkil etish uchun uchastka saylov komissiyasi a’zolari hamda saylov jarayoni boshqa ishtirokchilarning bilimi va ko‘nikmasi yuqori darajada bo‘lishini talab etadi. Biz ana shu muhim siyosiy jarayonga o‘ta ma’suliyat hissi bilan yondoshib, bilimimizni oshirdik, va talay yangiliklardan xabardor bo‘ldik. Huquqiy, siyosiy, ijtimoiy sohalarga oid savollarimizga trenerlar tomonidan batafsil javoblar berildi”.

Tinglovchi Manzura Abdumajidovaning fikricha,  o‘tkazilgan seminar treninglardan ishtirokchilar saylov va saylovoldi jarayonlarini qonunda belgilangan tartibda, yuqori saviyada tashkil etish, saylov jarayoni ishtirokchilarining ijtimoiy-siyosiy sohaga oid bilimi va amaliy ko‘nikmalarini oshirish, saylovchilar va saylov tashkilotchilarining amaldagi saylov institutlariga ishonchini mustahkamlash hamda ularda daxldorlik hissini yuksaltirishga xizmat  qiladi, deb bemalol aytish mumkin.  Seminar-treninglar tinglovchilari ham nazariy, ham amaliy mashg‘ulotlarda o‘rganganlarini  kelgusida  o‘zining amaliy faoliyatida  bemalol qo‘llay oladi.    

Markaziy saylov komissiyasi

Matbuot xizmati