• eye Maxsus imkoniyatlar
SEMINAR-TRENINGLARNING NAVBATDAGI BOSQICHI IYUL OYIDA BO‘LIB O‘TADI
24.06.2021
1437
Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida  O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi tomonidan tasdiqlangan Saylov komissiyalari a’zolarining malakasini oshirishni tashkil etish konsepsiyasiga binoan o‘tkazilayotgan seminar-treninglarning navbatdagi bosqichi yakunlandi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida  O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi tomonidan tasdiqlangan Saylov komissiyalari a’zolarining malakasini oshirishni tashkil etish konsepsiyasiga binoan o‘tkazilayotgan seminar-treninglarning navbatdagi bosqichi yakunlandi.

7-23 iyun kunlari o‘tgan mazkur bosqichda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi va saylovoldi jarayonlarini qonunda belgilangan tartibda, yuqori saviyada tashkil etish uchun saylov jarayoni tashkilotchilari, ishtirokchilarining saylov qonunchiligi hamda amaliyotiga oid bilimi va amaliy ko‘nikmasini oshirishga alohida e’tibor qaratildi.

Mashg‘ulotlarda tinglovchilar “Bir saylovchi – bir ovoz” tamoyiliga qat’iy amal qilish, saylovchi shaxsan o‘zi ovoz berishining ahamiyatini keng tushuntirish, shuningdek, saylovchilar ro‘yxati bilan ishlash, saylovchilarning yagona elektron ro‘yxati va saylov jarayonini boshqarish axborot tizimidan foydalanish tartibini atroflicha o‘rgandi.

Yana bir diqqatga sazovor jihati shundaki, o‘quv dasturining har bir mavzusi bo‘yicha yuqori malakali ekspertlar tomonidan videodarslar va videoroliklar tayyorlanib, o‘quv jarayonida foydalanish uchun respublika va hududiy trenerlarga taqdim etilgani interfaol usulda tashkil etilgan mashg‘ulotlarda juda qo‘l keldi.

Mazkur bosqichda tayyorlangan hududiy trenerlar tuman va shaharlarga taqsimlanib,  uchastka saylov komissiyasi raisi, rais o‘rinbosari va kotibligiga 33 mingdan ortiq nomzod uchun saylov qonunchiligidagi yangiliklar va ularni amaliyotda qo‘llash masalalari yuzasidan mashg‘ulotlar o‘tkazdi.

Cyeminar-treninglar tuman va shaharlarda tashkil etilgan namunaviy saylov uchastkasi, maxsus jihozlangan auditoriyalar va kompyuter xonasini o‘z ichiga olgan binolarda bo‘lib o‘tdi.  O‘tkazilgan seminar-treninglar yakunida tinglovchilar Oliy va o‘rta-maxsus ta’lim vazirligi huzuridagi Bosh ilmiy metodik markazi ta’lim portalida joylashtirilgan nazorat testlarini topshirdilar. O‘quvlarda ishtirok etgan barcha guruhlar tinglovchilari test jarayonlarida ishtirok etdi.

Hozirda ekspertlar tomonidan o‘nta  mavzu bo‘yicha jami ikki yuzdan ortiq keyslar tuzish ishlari olib borilmoqda. Joriy yilning 12 iyul kuni tuman (shahar)lar darajasida uchastka saylov komissiyalari raislari, ularning o‘rinbosarlari va kotiblari lavozimlariga nomzodlar uchun seminar-treninglarning navbatdagi  bosqichini boshlash rejalashtirilgan.

Shu munosabat bilan, 7-11 iyul kunlari respublika trenerlari va monitoring guruhi a’zolari mashg‘ulotlarini yuqori saviyada tashkil qilish va hududiy trenerlarga metodik ko‘mak berish maqsadida hududlarda bo‘lib, mahalliy trenerlar uchun o‘ziga xos mahorat darslarini o‘tkazadi.

Markaziy saylov komisssiyasi
Matbuot xizmati