Joriy yil 14 iyul kuni Markaziy saylov komissiyasi O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi, “Dunyo” axborot agentligi, Elektron ommaviy axborot vositalari milliy assosiasiyasi, "Zo‘rTV" teleradiokompaniyasi, “Uzreport” axborot agentligi bilan oktyabr oyida bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovlarida OAVlar bilan hamkorlikni kuchaytirish hamda tayyorgarlik ishlarining olib borilishi va o‘tkazilishini yoritish bo‘yicha ikki tomonlama memorandumlar imzoladi.
Mazkur hujjatda saylov qonunchiligi normalariga amal qilgan xolda barcha darajadagi saylov komissiyalari faoliyati, nomzodlar va siyosiy patiyalarning saylovoldi dasturlari haqidagi ma’lumotlarni saylovchilarga o‘z vaqtida yetkazish kabi muhim vazifalar aks etgan.Tadbirda saylovlarni ochiqlik, oshkoralik va transparentlik asosida o‘tkazishda ommaviy axborot vositalarining roli muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.
Saylov kampaniyasi davomida barcha muhim voqea va yangiliklardan fuqarolar ommaviy axborot vositalari orqali xabardor bo‘ladilar. OAV saylov kampaniyasi davrida tashviqot ishlari, saylov komissiyalari faoliyati va boshqa masalalarni keng yoritib borib, aholining siyosiy faolligini oshiradi, ularning mamlakatimiz siyosiy va ijtimoiy hayotidagi ishtirokini kengaytiradi.
Ma’lumot uchun: 2019 yil bo‘lib o‘tgan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari saylovlari kampaniyasi davrida televideniyeda – 16 738 ta, radiokanallarda – 6914 ta, bosma ommaviy axborot vositalarida – 4771ta, veb-saytlarda – 2278 ta, telegram kanallarida 3435 ta yaqin, ijtimoiy tarmoq sahifalarida – 6723 ta, jami respublika bo‘yicha – 40 860ga yaqin saylovga oid materiallar berilgan.
Bundan tashqari, 40 800dan ortiq siyosiy partiyalarga oid axborotlar, shuningdek xalqaro OAV orqali 100 dan ortiq saylovga oid materiallar e’lon qilingan.
Markaziy saylov komissiyasi
Matbuot xizmati