• eye Maxsus imkoniyatlar
Prezident saylovi: saylov kampaniyasi boshlandi
23.07.2021
25751
2021 yil 23 iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda yirik siyosiy jarayon O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga start berildi.

2021 yil 23 iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda yirik siyosiy jarayon O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga start berildi.

Tadbirda siyosiy partiyalar rahbarlari, fuqarolik jamiyati institutlari va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.  Unda Markaziy saylov komissiyasi 2021 yilning 24 oktyabr sanasini O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi kuni, deb belgiladi. Saylov kampaniyasi 23 iyuldan boshlanishi e’lon qilindi.

Prezident saylovi shu yil 8 fevralda O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyasining 117-moddasiga kiritilgan o‘zgartishga muvofiq, oktyabr oyida bo‘lib o‘tadi.

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi Raisi Zayniddin Nizamxodjayev Prezident saylovi yangilangan milliy saylov qonunchiligi, umume’tirof etilgan xalqaro standartlarga mos, demokratik tamoyillar asosida, ochiq va oshkora o‘tkazilishini alohida qayd etdi.

Bo‘lajak saylov 2017 — 2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida belgilangan demokratik g‘oyalarning amaldagi yana bir yorqin ifodasi bo‘ladi.

2016 yil 4 dekabrdagi Prezident saylovidan buyon o‘tgan besh yil mobaynida xalqimiz, mamlakatimiz hayotida, jamiyatimizda, milliy saylov qonunchiligida ulkan o‘zgarishlar yuz berdi. Nufuzli xalqaro tashkilotlar hamda ekspertlar keng e’tirof etishganidek, bu davrda respublika hayotining ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy sohalarida xalq farovonligini yuksaltirishga yo‘naltirilgan dadil islohotlar amalga oshirildi.

Ilk bor O‘zbekiston Respublikasining Saylov kodeksi asosida o‘tadigan Prezident saylovida konstitusiyaviy qoidalar va xalqaro saylov standartlariga binoan O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti, ya’ni davlat rahbari davriylik prinsipi asosida saylanishi ta’minlanadi.

Qolaversa, mamlakatimizda siyosiy partiyalar soni yana bittaga ko‘payib, partiyalararo raqobat sezilarli darajada kuchaydi.

Majlisda saylov kampaniyasi davrida barcha siyosiy partiyalar va ular ko‘rsatgan nomzodlar uchun sog‘lom raqobat muhiti va teng sharoit yaratilishi alohida ta’kidlandi. Bunda Prezident sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bilan bog‘liq ishlarni, jumladan, saylovchilarning ovoz berish jarayonini o‘z nomzodini ilgari surgan siyosiy partiyalar, fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlari, xalqaro tashkilotlar va xorijiy davlatlar vakillari, jurnalistlar, jumladan, xorijlik jurnalistlar – minglab kuzatuvchilar kuzatib boradi.

Bo‘lajak saylovni siyosiy-huquqiy va tashkiliy jihatdan yuksak saviyada o‘tkazish maqsadida, Markaziy saylov komissiyasi tomonidan shu yil 14 aprelda tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha asosiy tadbirlar dasturiga binoan, hamkor tashkilotlar bilan birgalikda keng ko‘lamli ishlar izchil amalga oshirilmoqda.

Unga ko‘ra, Prezident saylovining ahamiyati, o‘ziga xos jihatlari, Saylov kodeksi, saylov qonunchiligiga kiritilgan o‘zgartish hamda qo‘shimchalarning mazmun-mohiyatini saylovchilarga va saylov tashkilotchilariga yetkazish muhim vazifa sifatida belgilangan. Aytish joizki, saylov kampaniyasi e’lon qilingunga qadar bo‘lgan davrda amalga oshirilgan bunday tadbirlar millionlab fuqarolarni qamrab oldi.

Majlisda saylov qonunchiligida belgilangan normalarning ijrosini o‘z muddatida va samarali ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazish bo‘yicha kalendar rejasi tasdiqlandi.

Kalendar rejada Markaziy saylov komissiyasi tomonidan tegishli davlat organlari, siyosiy partiyalar va boshqa jamoat tashkilotlari bilan hamkorlikda qadam-baqadam va kun-bakun amalga oshiriladigan vazifalar belgilangan. Okrug hamda uchastka saylov komissiyalarini tuzish, kuzatuvchilarning saylovdagi ishtirokini ta’minlash, saylovchilarning yagona elektron ro‘yxati, siyosiy partiyalarning, Prezidentlikka nomzodlar va ularning ishonchli vakillarining saylovdagi ishtiroki, saylov kampaniyasini moliyalashtirish, saylovoldi tashviqoti, saylov jarayonini yoritish, ovoz berishni o‘tkazish bilan bog‘liq ishlar ana shular jumlasidandir.

Markaziy saylov komissiyasi hamda barcha darajadagi saylov komissiyalari Prezident sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish davrida o‘z ishini qonuniylik, mustaqillik, xolislik, ochiqlik, oshkoralik hamda shaffoflik tamoyillariga to‘la amal qilgan holda tashkil etadi.
Majlisda shu maqsadda O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi Matbuot markazi va uning hududiy bo‘linmalarini tashkil etish to‘g‘risida qaror qabul qilindi hamda mazkur Markazning nizomi tasdiqlandi. Matbuot markazida tajribali jurnalistlar, huquqshunoslar, tarjimonlar, ekspertlar va boshqa mutaxassislardan iborat ixtisoslashtirilgan yettita guruh faoliyat olib boradi.

Markaziy saylov komissiyasining Toshkent shahri, Navoiy ko‘chasi, 1-uyda (Ma’rifat markazi, Simpoziumlar saroyi binosida) ish boshlayotgan Matbuot markazi hamda uning hududiy bo‘linmalari zamonaviy axborot-kommunikasiya texnologiyalari bilan jihozlanadi. Ularda jurnalistlarga va jamoatchilikka saylovga oid masalalar bo‘yicha tezkor axborot yetkazish maqsadida brifinglar, matbuot anjumanlari, uchrashuvlar hamda boshqa tadbirlar tashkil qilinadi.

Matbuot markazi Markaziy saylov komissiyasining “Saylov 2021” veb-portali hamda boshqa axborot resurslarining yuritilishini ta’minlaydi.

Yig‘ilish so‘ngida Markaziy saylov komissiyasi tomonidan ommaviy axborot vositalari vakillari uchun majlisda ko‘rib chiqilgan masalalar yuzasidan matbuot anjumani va taqdimotlar o‘tkazildi.

Markaziy saylov komissiyasi
Matbuot xizmati