Avval xabar berganimizdek, saylov qonunchiligi talablariga muvofiq siyosiy partiyalarning o‘z vakolatli vakillarini tayinlaganligi hamda ularni o‘rnatilgan tartibda ro‘yxatga olish va belgilangan namunadagi mandatni berish haqidagi murojaatlari Markaziy saylov komissiyasiga kelib tusha boshlagan edi.
Bugun 27 iyul kuni ushbu jarayon o‘z yakuniga yetdi. O‘zbekiston ekologik partiyasi, O‘zbekiston “Adolat” sosial demokratik partiyasi hamda Xalq demokratik partiyasi vakolatli vakillarini ro‘yxatga olish to‘g‘risidagi murojaatlari qabul qilindi.
Markaziy saylov komissiyasi siyosiy partiyalar tomonidan tavsiya etilgan vakolatli vakil nomzodiga tegishli hujjatlarni ko‘rib chiqib, uch kunlik muddatda uni ro‘yxatga oladi va unga belgilangan shaklda mandat beradi.
Eslatib o‘tamiz, 26 iyul kuni Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi hamda O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi tomonidan murojaatlar kelib tushgan edi.
Markaziy saylov komissiyasi
Matbuot xizmati