Majlisni Markaziy saylov komissiyasi raisi Z.Nizamxodjayev olib bordi.
Majlis kun tartibidagi asosiy masala – siyosiy partiyalarning vakolatli vakillarini ro‘yxatga olish.
O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksining 34-moddasida belgilanganidek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlar, Qonunchilik palatasi deputatligiga nomzodlar, mahalliy Kengashlar deputatligiga nomzodlar ko‘rsatgan siyosiy partiya saylov komissiyasining majlislarida, hujjatlarni topshirishda, imzo varaqalari to‘g‘ri to‘ldirilganligini tekshirishda, saylov uchastkasida ovozlarni sanab chiqishda ishtirok etish uchun vakolatli vakil tayinlashga haqli.
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining 2019 yil 11 sentyabrdagi 935-sonli qarori bilan Siyosiy partiyaning vakolatli vakili to‘g‘risida nizom tasdiqlangan. Mazkur Nizomga muvofiq, Markaziy saylov komissiyasining majlislarida, hujjatlarni topshirishda, imzo varaqalari to‘g‘ri to‘ldirilganligini tekshirishda ishtirok etish uchun siyosiy partiya yuqori organining rahbari saylov kampaniyasi boshlanganligi rasman e’lon qilingan kundan boshlab besh kunlik muddatda o‘z vakolatli vakilini tayinlaydi hamda uni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun Markaziy saylov komissiyasiga tegishli hujjatlarni taqdim etadi. Markaziy saylov komissiyasi, o‘z navbatida, siyosiy partiya tomonidan tavsiya etilgan vakolatli vakil nomzodiga tegishli hujjatlarni ko‘rib chiqib, uch kunlik muddatda uni ro‘yxatga oladi va unga belgilangan shaklda mandat beradi.
2021 yil 23 iyul kuni Markaziy saylov komissiyasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi bo‘yicha saylov kampaniyasi boshlanishini e’lon qilish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.
Shundan so‘ng mamlakatimiz siyosiy maydonida faoliyat olib borayotgan beshta siyosiy partiya rahbarlari o‘z vakolatli vakillarini tayinlab, ularni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun Markaziy saylov komissiyasiga murojaat etdi va tegishli hujjatlarni taqdim qildi.
Markaziy saylov komissiyasi Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston liberal-demokratik partiyasi, O‘zbekiston “Adolat” sosial-demokratik partiyasi, O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi hamda O‘zbekiston Ekologik partiyasi rahbarlari tavsiya etgan vakolatli vakillarga tegishli hujjatlarni ko‘rib chiqib, vakolatli vakillarni ro‘yxatga olish hamda ularga belgilangan shakldagi guvohnoma (mandat)ni berish haqida qaror qabul qildi.
Yuqoridagilarga asosan, kunning ikkinchi yarmida Markaziy saylov komissiyasi tomonidan siyosiy partiyalarning vakolatli vakillariga ularning ro‘yxatga olinganligi haqida guvohnomalar (mandat) topshirildi.
Qonunchilikka ko‘ra, siyosiy partiya vakolatli vakilining vakolat muddati saylov yakunlari to‘g‘risidagi axborot matbuotda e’lon qilingan kundan e’tiboran tugagan hisoblanadi.
Mazkur institutning saylov kampaniyasi davrida faol ish olib borishi saylovlarning oshkoraligi, adolatliligi va qonununiyligini ta’minlashga hamda saylov komissiyalari faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirishga xizmat qiladi.
Markaziy saylov komissiyasi
Matbuot xizmati