O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi raisligida videokonferensiya shaklida o‘tkazilgan yig‘ilishda Armaniston, Ozarbayjon, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Rossiya, Tojikiston, O‘zbekiston, MDH Ijroiya qo‘mitasi hamda MDH Parlamentlararo Assambleyasi Kengashi Kotibiyati vakillari ishtirok etdi.
Yig‘ilishni MSK Raisining o‘rinbosari B.Qo‘chqorov olib bordi.Tadbir davomida O‘zbekiston Markaziy saylov komissiyasi tashabbusi bilan ishlab chiqilgan MDH a’zo davlatlar saylov organlari rahbarlarining Maslahat Kengashining Nizomi loyihasi yuzasidan muhokama o‘tkazildi.
Nizom loyihasiga ko‘ra, Maslahat Kengashi Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi ishtirokchi-davlatlari saylov organlari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash, MDH davlatlar tomonidan tan olingan xalqaro huquqiy hujjatlarga muvofiq, saylov va referendum o‘tkazish tajribasini hisobga olgan holda, a’zo davlatlarda saylov jarayonini takomillashtirishga ko‘maklashish maqsadida tashkil etilmoqda.
Kengash o‘z faoliyati davomida MDHga ishtirokchi davlatlar saylov organlari o‘rtasida saylov sohasidagi hamkorlikni rivojlantirishga ko‘maklashadi, saylov jarayonini shuningdek fuqarolarning saylov huquqlari hamda erkinliklarini ta’minlash va himoya qilishga oid Hamdo‘stlikning huquqiy bazasini, demokratik saylovlarni tashkil etishni takomillashtirish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqadi.
Shu bilan birga saylovni tashkil etish va o‘tkazish sohasida o‘zaro tajriba almashuvchi forumlar, ilmiy-amaliy anjumanlar hamda seminarlar tashkil etadi. Bundan tashqari, saylov sohasidagi mutaxassislarni tayyorlash, ilg‘or tajriba asosida ularning saylov va referendumlarni samarali tashkil etish hamda o‘tkazish bo‘yicha malakasini oshirish masalalarini ko‘rib chiqadi.
Yig‘ilish so‘ngida ekspert guruhi tomonidan Maslahat Kengashining kelishilgan Nizomi va Maslahat Kengashini tuzish to‘g‘risidagi Bitim loyihasini MDHga a’zo davlatlarga kelishish uchun yuborish hamda keyinchalik MDH Davlat rahbarlari Kengashiga ko‘rib chiqish uchun kiritish haqida qaror qabul qilindi.
Markaziy saylov komissiyasi
Matbuot xizmati