• eye Maxsus imkoniyatlar
Siyosiy partiyalar saylovda ishtirok etish to‘g‘risida ariza va nomzodlar to‘g‘risida ma’lumotlar taqdim etdi
10.08.2021
1349
Joriy yilning 10 avgust kuni Markaziy saylov komissiyasiga Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati-O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi, O‘zbekiston "Milliy tiklanish" demokratik partiyasi va O‘zbekiston “Adolat” sosial-demokratik partiyasining vakolatli vakillari partiyaning saylovda ishtirok etishiga ijozat surab berilgan arizalarni taqdim etdi.


O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksining 63-moddasiga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida ishtirok etish uchun siyosiy partiya saylovga kamida yetmish kun qolganida Markaziy saylov komissiyasiga bir qator hujjatlarni taqdim etishi kerak.  Xususan, saylovda ishtirok etish to‘g‘risida partiya rahbari tomonidan imzolangan ariza, O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining siyosiy partiya ro‘yxatga olinganligi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan ma’lumotnoma, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga bo‘lajak nomzod to‘g‘risidagi ma’lumotlar.


Tadbir davomida Markaziy saylov komissiyasi tomonidan siyosiy partiyalarning vakolatli vakillariga hujjatlar qabul qilib olingan sana va vaqt ko‘rsatilgan ma’lumotnoma taqdim etildi.


Markaziy saylov komissiyasi taqdim etilgan hujjatlar asosida partiyaning saylovda ishtirok etishiga ijozat berish to‘g‘risida besh kunlik muddat ichida uzil-kesil qaror qabul qiladi hamda siyosiy partiyaning vakolatli vakiliga belgilangan namunadagi imzo varaqalarining blankalarini beradi.


Saylovda ishtirok etuvchi partiyalarning ro‘yxati arizalarning kelib tushishi navbati tartibida markaziy matbuotda e’lon qilinadi.

 
Markaziy saylov komissiyasi
Matbuot xizmati