• eye Maxsus imkoniyatlar
Siyosiy partiyalarning O'zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida ishtirok etishiga rasman ijozat berildi
14.08.2021
4730
2021-yil 14-avgust kuni Markaziy saylov komissiyasining navbatdagi yig'ilishi bo'lib o'tdi. Yig'ilishni Komissiya Raisi Z.Nizamxodjayev olib bordi.

 

Tadbirda O'zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o'tkazuvchi okrug saylov komissiyalarining shaxsiy tarkibini tasdiqlash, siyosiy partiyalarning O'zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida ishtirok etishiga ijozat berish va ommaviy axborot vositalari vakillarini akkreditatsiyadan o'tkazish to'g'risidagi masalalar ko'rib chiqildi.

Markaziy saylov komissiyasi a'zolari majlis kun tartibidagi birinchi masala – O'zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o'tkazuvchi okrug saylov komissiyalarining shaxsiy tarkibini tasdiqlash masalasini ko'rib chiqdilar.

Mamlakatimiz saylov qonunchiligiga muvofiq, okrug saylov komissiyasi a'zoligiga nomzodlar Qoraqalpog'iston Respublikasi Jo'qorg'i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari tomonidan saylov okruglari tuzilganidan so'ng uch kun ichida Markaziy saylov komissiyasiga tavsiya etildi. Saylov kodeksida okrug saylov komissiyasi a'zolari soni 21 nafargacha bo'lishi belgilangan.

Yig'ilishda barcha okrug saylov komissiyalariga tavsiya etilgan nomzodlar o'rganib chiqilib, tasdiqlandi.

Ayni paytda 14 ta saylov okrugidagi saylov komissiyasi a'zolari soni 266 nafarni tashkil etmoqda. Ulardan 104 nafarini ayollar (39%), 14 nafarini nogironligi bor shaxslar (5%) tashkil etmoqda. Mutaxassisligi kesimi bo'yicha olganda, 32 nafari huquqshunos (12%), 21 nafari shifokor (8%), 26 nafari muhandis (10%), 90 nafari pedagog (34%), 41 nafari iqtisodchi (15%), 11 nafari jurnalist (4%) va 45 nafari (17%) boshqa soha vakillaridan iboratdir.

Shuningdek, majlisda O'zbekiston Respublikasi Saylov kodeksining 14, 16, 63-moddalariga muvofiq Markaziy saylov komissiyasi O'zbekiston Ekologiya partiyasi, O'zbekiston Xalq demokratik partiyasi, Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O'zbekiston Liberal-demokratik partiyasi, O'zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi, O'zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasining O'zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida ishtirok etishga ijozat berishni so'rab taqdim qilgan hujjatlarini ko'rib chiqib, mazkur partiyalarga 2021- yil 24- oktabr kuni bo'lib o'tadigan O'zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida ishtirok etishi uchun ijozat berdi.

Endi siyosiy partiyalar Markaziy saylov komissiyasiga O'zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodni ro'yxatga olishni so’rab ariza bilan murojaat eta oladilar. Bunda ular tomonidan siyosiy partiya yuqori organining O'zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod ko'rsatish to'g'risidagi qarori, siyosiy partiya yuqori organi majlisining O'zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod ko'rsatish to'g'risidagi, O'zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodning familiyasi, ismi, otasining ismi, tug'ilgan sanasi, kasbi, lavozimi, ish va yashash joyi, partiyaviyligi ko'rsatilgan bayonnomasi, nomzodning o'z nomzodi ovozga qo'yilishiga rozi ekanligi to'g'risidagi arizasi, nomzodni qo'llab-quvvatlovchi imzo varaqalari ham topshiriladi. Mazkur imzo varaqalarida O'zbekiston Respublikasi jami saylovchilari umumiy sonining kamida bir foizining imzosi bo'lishi kerak.

Majlisda, shuningdek, ommaviy axborot vositalari vakillarining akkreditatsiyasi to'g'risidagi qaror loyihasi ham ko'rib chiqildi.

Aytish joizki, Markaziy saylov komissiyasi ommaviy axborot vositalari bilan o'zaro hamkorlik, saylov jarayoni ishtirokchilarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini ta'minlash masalalariga doimo katta e'tibor qaratib keladi. Saylovlar davrida jurnalistlarga o'z faoliyatlarini amalga oshirishlari uchun yanada qulay shart-sharoitlarni yaratish maqsadida ularni akkreditatsiyadan o'tkazish davom etmoqda.

Hozirgi paytda Markaziy saylov komissiyasiga akkreditatsiyadan o'tkazishni so'rab ko'plab ommaviy axborot vositalaridan murojaatlar kelmoqda. Shu kungacha 700 nafardan ziyod OAV vakillari akkreditatsiyadan o'tkazildi.

Majlis so'ngida kun tartibiga kiritilgan masalalar yuzasidan Markaziy saylov komissiyasining tegishli qarorlari qabul qilindi.

Shu kunning o'zida mazkur siyosiy partiyalarga O'zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida ishtirok etishga ijozat berish to'g'risidagi guvohnomalar hamda belgilangan miqdorda imzo varaqalarining blankalari topshirildi. Shu bilan birga, akkreditatsiyadan o'tgan jurnalistlarga ham tegishli tartibdagi guvohnomalar berildi.

 

Markaziy saylov komissiyasi

Matbuot xizmati.