• eye Maxsus imkoniyatlar
O'zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi xodimlari uchun seminar trening tashkil etildi
17.08.2021
1899
2021-yilning 24-oktabr sanasida mamlakatimizda bo'lib o'tadigan muhim siyosiy jarayon — O'zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovining shaffof o'tishi va bu jarayonlarni OAVda sifatli va tezkor yoritishda jurnalistlarning o'rni beqiyos.

 

Ayni shu maqsadda, joriy yilning 16-17 avgust kunlari Markaziy saylov komissiyasining Matbuot markazi tomonidan O'zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi xodimlari uchun “Saylov jarayonlarini OAV orqali samarali yoritish” mavzuida ikki kunlik seminar trening tashkil etildi.

Ushbu seminar treningda O'zbekiston Milliy teleradiokompaniyaning 150 dan ziyod xodimlari ishtirok etdi. Shu jumladan, MTRKning hududiy jurnalistlari uchun ZOOM platformasi orqali bog'lanish imkoniyati yaratiladi.

Tadbir maqsadi – mamlakatimizdagi asosiy teleradiokanallar majmuasi bo'lgan MTRKda bo'lajak Prezident saylovlarini sifatli va keng yoritishga ko'maklashishdan iborat.

Trening ikki kundan iborat bo'lib, quyidagi mavzularni o'z ichiga olgan:

  • Saylov qonunchiligiga kiritilgan o'zgarishlar hamda O'zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovining o'ziga xos hususiyatlari;
  • O'zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi kampaniyasi davrida ommaviy axborot vositalari vakillarining huquq va majburiyatlari;
  • O'zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi davrida nomzodlar tomonidan saylovoldi tashviqotini olib borish tartibi.

 

Ushbu seminar treningni Markaziy saylov komissiyasi a'zolari, Toshkent Davlat Yuridik universiteti professor o'qituvchilari olib bordi. 

Ma'lumot o'rnida: MSK Matbuot markazi seminar-treninglarda ishtirok etish istagini bildirgan jurnalistlarni ketma-ket saylov jarayonini yoritish borasida o'qitib boradi.

 

Markaziy saylov komissiyasi

Matbuot markazi