Tadbirning ochilishida Markaziy saylov komissiyasi, Davlat boshqaruvi akademiyasi, Toshkent davlat yuridik universiteti rahbarlari hamda professor-o'qituvchilari, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda so'zga chiqqanlar tomonidan qayd etilganidek, joriy yilda davlatimiz va xalqimiz hayotida muhim siyosiy voqea – O'zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi bo'lib o'tadi. Bu barcha darajadagi saylov komissiyalarining zimmasiga ulkan mas'uliyat yuklaydi.
O'zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi tomonidan saylov komissiyalari a'zolarining saylov qonunchiligi va xalqaro standartlar bo'yicha bilimini tizimli asosda shakllantirish muhim vazifa sifatida belgilangan.
Qo'yilgan vazifalardan kelib chiqib, joriy yil aprel oyida Saylov komissiyalari a'zolari malakasini oshirishni tashkil etish konsepsiyasi tasdiqlandi. Mazkur konsepsiyada saylov komissiyalari a'zolarining saylov qonunchiligi va saylovda zamonaviy axborot texnologiyalarini qo'llash bo'yicha nazariy bilimi hamda amaliy ko'nikmasini oshirishga qaratilgan seminar-treninglarni tashkil etish va o'tkazishni uch bosqichda amalga oshirish nazarda tutilgan.
Shu kunga qadar O'zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi jarayoni tashkilotchilarining saylov qonunchiligi bo'yicha malakasini oshirishga qaratilgan keng qamrovli mashg'ulotlar butun respublika bo'ylab bir necha bosqichda o'tkazildi.
Navbatdagi bosqich o'quv mashg'ulotlarida jami 266 nafar Okrug saylov komissiyalari raisi, rais o'rinbosari, kotibi hamda a'zolar ishtirok etmoqda.
Seminar-trening Davlat boshqaruvi akademiyasi va Toshkent davlat yuridik universiteti professor-o'qituvchilaridan iborat ekspertlar guruhi tomonidan ishlab chiqilgan o'quv dasturi va o'quv-metodik materiallar asosida aynan shu ekspertlar tomonidan olib boriladi.
Ikki kun davom etadigan o'quv mashg'ulotlari davomida Okrug saylov komissiyalari faoliyatini tashkil qilish, Okrug va USK binolari va ovoz berish xonalarini jihozlash, O'zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovining konstitutsiyaviy-huquqiy asoslari, saylovni o'tkazuvchi saylov komissiyalari vakolat va vazifalari, saylovchilar ro'yxati bilan ishlash kabi mavzular keng qamrab olinadi.
Markaziy saylov komissiyasi
Matbuot xizmati