• eye Maxsus imkoniyatlar
Markaziy saylov komissiyasining navbatdagi majlisi
20.08.2021
2477
20-avgust kuni O'zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining navbatdagi majlisi bo'lib o'tdi. Videokonferensiya shaklida o'tkazilgan majlisda MSK rahbariyati va a'zolari, okrug saylov komissiyalari rahbarlari va a'zolari, siyosiy partiyalarning vakolatli vakillari, jurnalistlar ishtirok etdi.

 

Majlis kun tartibidan Saylov uchastkasini aniqlash va o'zgartirish bo'yicha interfaol xizmat ko'rsatish tartibi to'g'risidagi nizomni tasdiqlash, Ommaviy axborot vositalari vakillarini akkreditatsiyadan o'tkazish va Toshkent viloyatida bo'shab qolgan o'rinlarga O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a'zosi saylovini o'tkazish masalalari o'rin oldi.

Tadbirda qayd etilganidek, O'zbekiston Respublikasi fuqarolarining konstitutsiyaviy huquqlari amalga oshirilishiga qulay sharoit yaratish hamda saylov jarayoniga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish maqsadida Saylov uchastkasini aniqlash va o'zgartirish bo'yicha interfaol xizmat ko'rsatish tartibi yo'lga qo'yilmoqda. Mazkur interfaol xizmatdan doimiy yoki vaqtincha yashash joyi manziliga ega bo'lgan, saylov kuniga qadar yoki saylov kuni o'n sakkiz yoshga to'lgan, O'zbekiston Respublikasi fuqarolari foydalanishlari mumkin.

Majlisda ommaviy axborot vositalari vakillarini akkreditatsiyadan o'tkazish to'g'risidagi MSK qaroriga muvofiq 48 nafar mahalliy va yana shuncha xorijiy OAV vakillari ro'yxatdan o'tkazildi. Qayd etish joiz, shu kunga qadar akkreditatsiyadan o'tkazilgan mahalliy OAV vakillari soni 750 nafardan oshdi.

Kun tartibidagi yana bir masala Saylov kodeksining 14, 78 va 87-moddalariga muvofiq Markaziy saylov komissiyasi  Toshkent viloyati davlat hokimiyati vakillik organlari deputatlarining bo'shab qolgan o'riniga O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati a'zosi saylovi bo'yicha qo'shma majlisi 2021 yil 24 avgust kuni soat 11:00 da Qibray tumani, Universitet ko'chasi, 2-uyda joylashgan Toshkent davlat agrar universiteti binosida chaqirilishi yuzasidan qaror qabul qildi.

Shuningdek, majlisda MSK faoliyatiga taaluqli boshqa masalalar ham ko'rib chiqildi.

 

Markaziy saylov komissiyasi

Matbuot xizmati