• eye Maxsus imkoniyatlar
Xorijiy davlatlarda tuzilgan O‘zbekiston Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi uchastka saylov komissiyalari tarkibi tasdiqlandi
13.09.2021
1065
Markaziy saylov komissiyasi tomonidan joriy yil 25-avgust kuni qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari huzurida saylov uchastkalarini tuzish to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, 37 davlatda O‘zbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida 54 ta saylov uchastkasi tuzilgan edi.

Joriy yilning 13-sentabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi 14-Toshkent shahar okrug saylov komissiyasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida tuzilgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi 37 davlatdagi 54 ta uchastka saylov komissiyalarining shaxsiy tarkibi tasdiqlandi.

Uchastka saylov komissiyalari tarkibiga elchixona xodimlari, konsullar, elchixona maslahatchilari, xorijdagi tadbirkor yurtdoshlarimiz, madaniy markaz vakillari, Uzbekistan Airways va Tashqi mehnat migrasiyasi agentligi vakillari, shuningdek xorijda tahsil olayotgan o‘zbekistonlik talabalar ham kiritilgan.

Saylov kodeksining 23-moddasiga muvofiq, uchastka saylov komissiyasi okrug saylov komissiyasi tomonidan saylovga kamida qirq kun qolganida besh — o‘n to‘qqiz nafar a’zodan, shu jumladan rais, rais o‘rinbosari va kotibdan iborat tarkibda tuziladi. Agar komissiya yetti nafargacha a’zodan iborat tarkibda tuzilsa, rais va kotib saylanadi. Zarur bo‘lgan hollarda, uchastka saylov komissiyasining son tarkibi o‘zgartirilishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalarida uchastka saylov komissiyasi raisining vazifalarini ushbu vakolatxonalarning rahbari amalga oshiradi.

Saylov kodeksining 271 moddasiga asosan, O‘zbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida tuzilgan saylov uchastkalarida saylovchilarning ro‘yxatlari mazkur muassasalar boshliqlari tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlar asosida tuziladi.

O‘zbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida tuzilgan uchastka saylov komissiyalari chet davlatlarda turgan fuqarolarni saylovchilar ro‘yxati bilan tanishish usuli, joyi va vaqti to‘g‘risida xabardor qiladi.

O‘zbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida tuzilgan uchastka saylov komissiyalari chet davlatlarda turgan fuqarolarning ularni saylovchilar ro‘yxatiga kiritish to‘g‘risidagi murojaatida ko‘rsatilgan shaxsga doir ma’lumotlarni tekshiradi va fuqaroni saylovchilar ro‘yxatiga kiritish haqidagi masalani hal qiladi.

O‘zbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida tuzilgan uchastka saylov komissiyalari saylovchilar ro‘yxatiga kiritilgan fuqarolar haqidagi ma’lumotlarni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligiga taqdim etadi.


Markaziy saylov komissiyasi

Matbuot xizmati