• eye Maxsus imkoniyatlar
YXHTning DIIHB Missiyasi rahbari O.Merfi ishtirokidagi uchrashuv
15.09.2021
2325
Joriy yil 15 sentyabr kuni Markaziy saylov komissiyasida Yevropada Xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YeXHT) Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi (DIIHB)ning O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Saylovni kuzatish missiyasi (SKM) rahbari Ouen Merfi boshchiligidagi missiyasi vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuv davomida Markaziy saylov komissiyasi Raisi Z.Nizamxodjayev YXHT DIIHB bilan hamkorlik samarali rivojlanib borayotgani va o‘zining ijobiy natijalarini berayotganini ta’kidlab, xalqaro kuzatuvchilarga joriy yil bo‘lib o‘tadigan Prezident sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha asosiy tadbirlar dasturiga muvofiq amalga oshirilayotgan ishlar xususida ma’lumot berib o‘tdi. Missiya vakillari O‘zbekiston Respublikasining Saylov kodeksi bilan saylov qonunchiligiga kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchalarning mazmun-mohiyati, ularning saylovlarni demokratik asoslarda tashkil etishdagi roli bilan tanishtirildi.

Qayd etish joiz, o‘tgan vaqt mobaynida O‘zbekiston YXHT DIIHB missiyasining saylovlarni kuzatish borasidagi bir qator tavsiyalarini amalga oshirdi. Bugungi kunga kelib YXHT DIIHB tomonidan 2019 yilgi hisobotida taqdim etilgan 32 tavsiyaning 18 tasi to‘la qabul qilindi, 3 tasi qisman qabul qilindi, 8 tasi ko‘rib chiqilmoqda.

O‘z navbatida, SKM rahbari O.Merfi o‘z so‘zida missiyaning asosiy vazifalari, ishlash metodologiyasi, missiya tarkibi haqida ma’lumotlar berib o‘tdi.

Ta’kidlash lozimki, Byuroning saylovni kuzatish bo‘yicha missiyasi tarkibiga asosiy guruh bilan birga uzoq muddatli kuzatuvchilar, shuningdek ovoz berish kuni saylov uchastkalarida kuzatuvni amalga oshiradigan qisqa muddatli kuzatuvchilar kiritilgan.

O‘zbekistonga kelishi rejalashtirilgan uzoq muddatli kuzatuvchilarning faoliyati DIIHBga mintaqalardagi kuzatuv natijalarini inobatga olgan holda saylov jarayoni haqida to‘laligicha hisobot tuzish imkonini beradi.

Qisqa muddatli kuzatuvchilarning vazifalari ularga biriktirilgan hududda saylov kuni kuzatuvni amalga oshirish, shuningdek o‘z xulosalari haqida aniq va to‘laligicha missiyaning bosh qarorgohiga xabar berishdan iboratdir.

Uchrashuv so‘ngida DIIHB YXHTning SKM vakillaridan 12 nafariga xalqaro kuzatuvchi mandatlari topshirildi.