Uchastka saylov komissiyalari tarkibi 10760 ta saylov uchastkasi bo‘yicha jami 142 044 nafar komissiya a’zosini tashkil etdi.
Komissiya a’zolarining 89 897 nafari avval ham saylov jarayonlarida ishtirok etgan bo‘lsa, birinchi marta qatnashayotganlar 52 147 nafarni tashkil etmoqda.
Uchastka saylov komissiyasi a’zolarining 90 703 nafari oliy ma’lumotli, 43 761 nafari o‘rta maxsus va 7 580 nafari o‘rta ma’lumotga ega mutaxassislar. Ular orasida huquqshunos, shifokor, muhandis, pedagog, iqtisodchi, jurnalist kabi soha vakillari bor.
Qayd etish joiz, O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksining 23-moddasiga muvofiq, uchastka saylov komissiyasi okrug saylov komissiyasi tomonidan saylovga kamida qirq kun qolganida besh-o‘n to‘qqiz nafar a’zodan, shu jumladan rais, rais o‘rinbosari va kotibdan iborat tarkibda tuziladi.
Uchastka saylov komissiyasi a’zoligiga nomzodlar fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, jamoat birlashmalari, korxonalar, muassasalar va tashkilotlar tomonidan taklif etilib, bu nomzodlar xalq deputatlari tuman, shahar Kengashlarining majlislarida muhokama qilinadi hamda tegishli okrug saylov komissiyasiga tasdiqlash uchun tavsiya etiladi.
Markaziy saylov komissiyasi
Matbuot xizmati