Loyiha doirasidagi 2021-yilda amalga oshiriladigan tadbirlar prezident saylovi kampaniyasi davrida hamkorlik qilishga qaratilgan. Ishchi rejada MSK va boshqa manfaatdor tomonlarning saylov jarayonining shaffofligi va inklyuzivligini ta’minlash, ayollar, yoshlar va nogironligi bo‘lgan shaxslarning saylovda faol ishtirokini qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlar ko‘zda tutilgan.
Bu borada alohida e’tibor saylov jarayoni ishtirokchilari uchun o‘quv tadbirlarini tashkil etishga qaratilmoqda.
Xususan, joriy yilning avgust oyida «Ommaviy axborot vositalarida saylovlarni samarali yoritish masalalari» mavzusidagi bir qator o‘quv seminarlari boshlandi. Prezident sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish jarayonini yoritayotgan mintaqaviy ommaviy axborot vositalari vakillari onlayn treningdan o‘tish imkoniyatiga ega bo‘lishdi.
O‘quv seminarlarining asosiy maqsadi - O‘zbekistonda ommaviy axborot vositalariga PR va media mahsulotlar sifatini yaxshilashga ko‘maklashish. O‘quv mashg‘ulotlari davomida asosiy e’tibor milliy saylov qonunchiligidagi o‘zgarishlar, saylov jarayonini yoritishda tez-tez uchraydigan kamchiliklar, jurnalistik va PR materiallarini tayyorlashning o‘ziga xos xususiyatlari, O‘zbekiston saylovlarini yoritishning gender jihatlari kabi mavzularga qaratildi.
O‘quv seminarlariga milliy mutaxassislar bilan bir qatorda BMT Taraqqiyot dasturining xalqaro ekspertlari ham jalb qilingan.
Bugun Toshkent shahri va Toshkent viloyati ommaviy axborot vositalari vakillari uchun ushbu mavzu bo‘yicha yakuniy yettinchi o‘quv seminari oflayn shaklda bo‘lib o‘tdi.
O‘quv seminari ochilish qismida O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi raisi Z.M.Nizamxodjayev, BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi doimiy vakili M.Dimovska, Shveysariyaning O‘zbekistondagi elchixonasi vakili D.Kurolova murojaat qildi va ishtirokchilarga muvaffaqiyat tiladi.
MSK raisi tadbirda «O‘zbekiston Respublikasi saylov qonunchiligi: asosiy yangiliklar, e’tibor berish kerak bo‘lgan muhim jihatlar» mavzusidagi taqdimot bilan chiqish qildi va ishtirokchilarning savollariga javob berdi.