• eye Maxsus imkoniyatlar
MSK a’zolari okrug va uchastkalardagi saylovga tayyorgarlik jarayonini o‘rganmoqda
28.09.2021
2471
Markaziy saylov komissiyasi tomonidan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazish bo‘yicha kalendar rejaga asosan shu yil 10-13-sentabr kunlarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi 14 ta okrug saylov komissiyalari tomonidan 10760 ta saylov uchastkasi bo‘yicha Uchastka saylov komissiyalari tarkibi tasdiqlangan edi. Uchastka saylov komissiyalari tarkibi 10760 ta saylov uchastkasi bo‘yicha jami 142 044 nafar  komissiya a’zosini tashkil etadi. 


Ayni kunlari Markaziy saylov komissiyasining doimiy asosda ishlovchi a’zosi Baxodir Yunusov O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko‘rishda okrug va uchastka saylov komissiyalari oldida turgan asosiy vazifalar bo‘yicha Respublika hududlarini monitoring qilish va amaliy yordam ko‘rsatish maqsadida Andijon, Namangan, Farg‘ona viloyatlarida bo‘lib turibdi. 


Komissiya a’zosi mazkur hududlarda joylashgan saylov uchastkalarida saylovga tayyorgarlik ishlari, jumladan uchastkalarning jihozlanishi, sanitariya-gigiyena holatlariga rioya qilinishi holatlarini o‘rganmoqda.


Ma’lumot o‘rnida qayd etish joiz,  Andijonda 931 ta, Namanganda 831 ta va Farg‘ona viloyatida 1203 ta saylov uchastkasi tashkil etilgan. Xozirda Andijonda 13801 nafar, Namanganda 11165 nafar va Farg‘onada 16800 nafar uchastka saylov komissiyalari a’zolari o‘z faoliyatlarini olib bormoqda. 


Qayd etish joiz, Saylov kodeksining 50-moddasiga muvofiq, ovoz berish xonalari yorug‘ va keng bo‘lishi, alohida kirish va chiqish joyi bo‘lishi, shuningdek ularda jismoniy imkoniyati cheklangan shaxslar uchun nishab yo‘lkalar nazarda tutilgan bo‘lishi lozim.


Shu bilan birga uchastka saylov komissiyalari joylashgan binolar tegishli tarzda jihozlanishi va O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i, O‘zbekiston Respublikasining Davlat gerbi, saylov uchastkasining tartib raqami ko‘rsatilgan peshlavha, yashirin ovoz berish kabinalari yoki xonalari, saylov qutilari, zarurat bo‘lsa, jismoniy imkoniyati cheklangan shaxslar uchun maxsus jihozlangan yashirin ovoz berish kabinalari, kuzatuvchilar uchun alohida joylar, saylov sanasiga bag‘ishlangan plakatlar, saylov uchastkasining xaritasi, uchastka saylov komissiyasi a’zolarining tarkibi, ish rejasi, navbatchiliklar jadvali haqidagi axborot, saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishga taalluqli ma’lumotlar joylashtiriladigan maxsus stend,  barcha ro‘yxatga olingan nomzodlarning Markaziy saylov komissiyasi, viloyat, tuman, shahar saylov komissiyasi tomonidan nashr qilingan tarjimai holi va dasturi, zarur mebel, ofis texnika vositalari, yong‘inga qarshi vositalarga  ega bo‘lishi kerak.


Uchastka saylov komissiyasi saylovchilarning dastlabki ro‘yxatini olganidan keyin uni mazkur uchastka hududida yashovchi aholini uyma-uy aylanib chiqish yo‘li bilan aniqlashtirish choralarini ko‘radi.


O‘rganishlar davomida maskur masala yuzasidan uchastka saylov komissiyasi a’zolariga tegishli tavsiyalar berildi.


Markaziy saylov komissiyasi
Matbuot xizmati