Okrug saylov komissiyasi raisi Shavkat Sharipov mehmonlarga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi kampaniyasi jarayonlari, okrug saylov komissiyasi vakolatlari va olib borilayotgan ishlar haqida ma’lumot berdi. Xalqaro kuzatuvchilar okrug saylov komissiyalarining tarkibi, faoliyati, nomzodlarning saylovoldi tashviqoti tadbirlari, ularga qonunchilik talablari asosida teng sharoitlar yaratib berish masalalari hamda saylov jarayonini boshqarishda axborot tizimi, saylovchilarning yagona elektron ro‘yxati bilan qiziqishdi.
Xalqaro kuzatuvchilar tomonidan okrugda saylovga har tomonlama puxta hozirlik ko‘rilgani, barcha jarayonlar qonun talablari asosida o‘tkazilayotgani ta’kidlandi.
Shuningdek, 7-Samarqand okrug saylov komissiyasida o‘tkazilgan matbuot anjumanida YeXHTning Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosining xalqaro kuzatuvchilari Alessandro Bartolini hamda Lela Taliuri ishtirok etdi.
Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi uzoq muddatli kuzatuvchilari Daniela Bottijelli va Minder Martinlar ham O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi 11-Farg‘ona okrugi saylov komissiyasi, shu bilan birga, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi uzoq muddatli kuzatuvchilari Voychex Ponikevski va Yevgeniy Loginovlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi 12-Xorazm okrug saylov komissiyasi faoliyati, matbuot markazi hamda OAV vakillariga yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdilar.