• eye Maxsus imkoniyatlar
Xorijlik ekspertlar 10-Toshkent viloyati okrug saylov komissiyasi faoliyati bilan tanishmoqda
28.09.2021
927
YXHTning Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi (DIIHB) vakillari Xelen Kornblyum va Pol Sveyne Nurafshon shahridagi 10-Toshkent viloyati okrug saylov komissiyasi binosida bo‘lib, hududda amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi.

Okrug saylov komissiyasi raisi Mahmud Boltaboyev mehmonlarni qabul qilib, ularga atroflicha ma’lumot berdi. Viloyat bo‘yicha 963 ta saylov uchastkasi faoliyat ko‘rsatadi. E’tiborlisi, saylov uchastkalari aholi uchun qulay hududlarda bo‘lishiga alohida e’tibor qaratilib, keyingi besh yil ichida yangi qurilgan bino va inshootlarni tanlashga alohida e’tibor berildi. Hozirda barcha saylov uchastkalariga ko‘rsatkichlar, peshlavhalar va axborot stendlari tayyorlanib joylashtirildi.

Barcha saylov uchastkalari saylovga oid qonun va boshqa me’yoriy hujjatlar, zarur zamonaviy axborot-kommunikasiya texnologiyalari bilan ta’minlandi. Jismoniy harakati cheklangan saylovchilar imkoniyatini e’tiborga olgan holda binolarga nishab yo‘laklari barpo etildi.  

Hozir Toshkent viloyati bo‘yicha uchastka saylov komissiyasi a’zolarining umumiy soni 12 ming 386 nafarni tashkil etmoqda. Ular orasida 7 ming 165 nafar ayollar, 1 ming 833 nafari 21-30 yoshdagi yigit-qizlar, 235 nafari huquqshunoslar, 5 ming 741 nafari pedagoglar va boshqa soha vakillari 4 ming 686 nafardir.

O‘z navbatida saylov komissiyasi a’zolari tarkibi shakllantirilganda ko‘p millatlilikka ham alohida e’tibor berildi. Jumladan, 87 nafar qoraqalpoqlar, 1 ming 557 nafar qozoqlar, 116 nafar ruslar, 568 nafar tojiklar, 18 nafar koreyslar va 252 nafar boshqa millat vakillari a’zolikka qabul qilingan.

Uchastka saylov komissiyalari tarkibi Saylov Kodeksi talablari asosida tuzilgan. Uchrashuv davomida mehmonlar o‘zlariga yuklatilgan vazifalar haqida ham aytib o‘tdi. Xususan, YXHTning Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi (DIIHB) joriy yil 24 oktyabr kuni mamlakatimizda bo‘lib o‘tadigan Prezident saylovini kuzatish missiyasini ochdi. Yoxan Merfi rahbarligidagi missiya tarkibiga 28 ta uzoq muddatli kuzatuvchilar kiradi. Bundan tashqari, YXHTga a’zo davlatlardan 250 nafar qisqa muddatli kuzatuvchi ham Prezident saylovi arafasida mamlakatimizga kelishi rejalashtirilgan.  

Xorijlik kuzatuvchilar joylarda bo‘lib, saylovchilarning ro‘yxatga olinishi, saylovoldi tashviqoti qay tarzda amalga oshirilayotgani, saylovga oid qonunchilik va uning ijrosi kabi ko‘plab yo‘nalishlarni kuzatib boradi. Davlat hokimiyati organlari, siyosiy partiyalar va fuqarolik jamiyati vakillari bilan ham uchrashuvlar o‘tkaziladi.