• eye Maxsus imkoniyatlar
Xorijlik kuzatuvchilar Surxondaryoda saylovga tayyorgarlik jarayoni bilan tanishmoqda
28.09.2021
1586
Saylov – 2021 Yevropa xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining uzoq muddatli kuzatuvchisi Linden Yoxanna hamda qisqa muddatli kuzatuvchisi Ramaska Rikardas O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi 9- Surxondaryo okrug saylov komissiyasi faoliyati bilan tanishdi. Mamlakatimiz hayotidagi muhim siyosiy jarayonga ko‘rilayotgan tayyorgarlik ishlari bilan qiziqdi.

Suhbat chog‘ida 9-Surxondaryo okrug saylov komissiyasi raisi Salohiddin Sattorov xalqaro kuzatuvchilarga shu haqda atroflicha ma’lumot berdi.  

Okrug hududida tashkil etilgan 860 ta saylov uchastkasida joriy yilning 24 oktyabr kuni bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga puxta hozirlik ko‘rilmoqda. Milliy qonunchiligimizga ko‘ra, saylovni ochiq va shaffof o‘tkazish uchun okrug saylov komissiyasi a’zolari uchastka saylov komissiyalari faoliyatini tashkil etishga yaqindan ko‘maklashayotir.  

Markazlashgan holda tayyorlangan barcha namunadagi banner, stend va peshlavhalar uchastka saylov komissiyalariga yetkazib berildi. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, Saylov kodeksi, yangi chop etilgan o‘quv qo‘llanmalari, saylovga oid qonun hujjatlari to‘plami va huquqiy axborot materiallari, saylovga oid plakatlar bilan ta’minlandi.  

Shu kunlarda barcha saylov uchastkalari Saylov kodeksi asosida jihozlanib, saylovchilarga qulay sharoit yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Uchastka saylov komissiyalari a’zolari uyma-uy yurib, saylovchilarning yagona elektron ro‘yxatiga kiritilgan fuqarolarni xatlovdan o‘tkazayotir. Nogironligi bo‘lgan saylovchilar va saylovlarda ilk marta qatnashadigan yoshlar aniqlanmoqda.

Uchrashuvda xalqaro kuzatuvchilar nogironligi bo‘lgan saylovchilarga yaratilayotgan sharoitlar, pandemiya paytida ovoz berishni karantin qoidalari asosida tashkil etish, Afg‘onistonda yuz bergan so‘nggi voqealarning saylov jarayoniga ta’siri bo‘lish yoki bo‘lmasligi, uchastka saylov komissiyalarini shakllantirish va tarkibda xotin-qizlar ishtiroki, saylovga oid murojaat va shikoyatlarni ko‘rib chiqish masalalari bilan ham qiziqdi.  

Linden Yoxanna samimiy suhbat uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi 9-Surxondaryo okrug saylov komissiyasi raisi Salohiddin Sattorovga minnatdorlik bildirdi.