O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining doimiy asosda ishlovchi a’zosi Suyarjon Qurbanqulov 1-Qoraqalpog‘iston saylov okrugi hamda saylov uchastkalarida bo‘ldi.
S.Qurbanqulov dastlab saylov okrugi binosining jihozlanishi, komissiya a’zolari hamda Matbuot markazi xodimlarining samarali faoliyat yuritishi uchun yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdi. Shuningdek, Okrug saylov komissiyasi raisi U.Jalmenov va hududiy mas’ullar bilan birgalikda Nukus shahridagi bir necha uchastka saylov komissiyalarining Nizom talablariga muvofiq jihozlanganligi, Internet aloqasi bilan ta’minlanganligi, komissiya a’zolari o‘rtasida ishlar taqsimoti samarali tashkil etilganlik holatlari o‘rganildi.
Shu kuni Markaziy saylov komissiyasi a’zosi ishtirokida o‘rganishlar natijalarini muhokama etish hamda aniqlangan kamchiliklarni bartaraf qilish yuzasidan 1-Qoraqalpog‘iston saylov okrugida yig‘ilish o‘tkazildi.
Yig‘ilishda uchastka saylov komissiyalari tomonidan saylovchilar ro‘yxatiga aniqlik kiritish bo‘yicha aniqlanayotgan kamchiliklar va ularni bartaraf etish bo‘yicha vazifalar belgilandi. Aniqlangan kamchiliklar, ya’ni, ayrim saylov uchastkalarida saylovchilar sonining ortib ketganligi uyma-uy yurib shakllantirilgan ro‘yxatda bartaraf bo‘layotganligi ma’lum qilindi. Shuningdek, okrug va uchastka saylov komissiyalari o‘zlarining faoliyatini amalga oshirishda karantin qoidalarini inobatga olgan holda barcha tadbirlarni saylov qonunchiligida belgilangan tartibda amalga oshirishi zarurligi ta’kidlandi.
Qoraqalpog‘istondagi uchastka saylov komissiyalari faoliyatini o‘rganish tadbirlari davom qilmoqda.
1-Qoraqalpog‘iston okrug saylov komissiyasi Matbuot markazi