Majlis kun tartibidan saylov uchastkalarida saylovchilarning muddatidan oldin ovoz berishini tashkil etish, O‘zbekiston Prezidenti saylovida xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlardan qatnashadigan kuzatuvchilarni akkreditasiya qilish hamda Ommaviy axborot vositalari vakillarini akkreditasiyadan o‘tkazish masalalari joy oldi.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish yuzasidan ayrim okrug saylov komissiyalari raislarining axborotlari tinglandi.
Komissiya a’zolari dastlab Saylov uchastkalarida saylovchilarning muddatidan oldin ovoz berishini tashkil etish to‘g‘risidagi masalani ko‘rib chiqishdi.
Saylov kodeksining 57-moddasiga muvofiq, saylov kuni o‘z yashash joyida bo‘lish imkoniyatiga ega bo‘lmagan saylovchi muddatidan oldin ovoz berish huquqiga ega. Muddatidan oldin ovoz berish saylovga o‘n kun qolganida boshlanadi va saylovga uch kun qolganida tugallanadi.
Saylov kodeksining 561-moddasiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga va chet davlatlarning vakolatli davlat hokimiyati organlari bilan kelishuvlarga muvofiq chet davlatlarning aholi zich joylashgan hududlarda muddatidan oldin ovoz berish saylovchining turgan joyida o‘tkazilishi mumkin. O‘zbekiston Respublikasining chet davlatdagi diplomatik va boshqa vakolatxonasi huzurida tuzilgan uchastka saylov komissiyasi saylovchilarning turgan joyida ovoz berish vaqti hamda joyi to‘g‘risida qaror qabul qiladi va bu haqda saylovchilarni, kuzatuvchilarni ommaviy axborot vositalari orqali xabardor etadi.
Majlisda qayd etilganidek, muddatidan oldin ovoz berish 2021 yil 14 oktyabr kuni boshlanib 2021 yil 20 oktyabrning yakuniga qadar o‘tkaziladi. Saylov uchastkasida muddatidan oldin ovoz berish vaqti soat 9:00 dan soat 19:00 ga qadar davom etadi.
O‘zbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida tuzilgan saylov uchastkalarida muddatidan oldin ovoz berish ushbu saylov uchastkalari joylashgan yerdagi mahalliy vaqt bilan soat 9:00 dan soat 19:00 ga qadar amalga oshiriladi.
Komissiya a’zolari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlardan qatnashadigan kuzatuvchilarni akkreditasiya qilish to‘g‘risidagi masala ko‘rib chiqildi.
Qayd etilganidek, Tashqi ishlar vazirligi tomonidan 65 nafar xorijiy (xalqaro) kuzatuvchilarni akkreditasiyadan o‘tkazish bo‘yicha MSKga taqdimnomalar kiritildi. Shu sababli, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlardan qatnashadigan kuzatuvchilarni akkreditasiya qilish to‘g‘risidagi MSK qarori loyihasi ishlab chiqilgan. Unga muvofiq, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Demokartik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi, Mustaqil davlatlar hamdo‘stligi Parlamentlararo assambleyasi, Xalqaro Gaaga konferensiyasi kabi xalqaro tashkilotlardan, shuningdek, Belgiya, Gresiya, Fransiya, Italiya, Niderlandiya, Ozarbayjon, Rossiya, Armaniston, Tojikiston, Ukraina kabi davlatlardan jami 65 nafar xalqaro kuzatuvchi ro‘yxatdan o‘tkazildi.
Shunday qilib, shu kunga qadar akkreditasiyadan o‘tkazilgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlardan qatnashadigan kuzatuvchilar umumiy soni 224 nafarni tashkil etmoqda. Markaziy saylov komissiyasi xalqaro kuzatuvchilarga saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish davrida o‘z faoliyatlarini amalga oshirishlari uchun mandatlarni qonunda belgilangan muddatda taqdim etmoqda.
Komissiya a’zolari tomonidan ommaviy axborot vositalari vakillarini akkreditasiyadan o‘tkazish masalasi ham ko‘rib chiqildi.
Qayd etilganidek, o‘tgan vaqt davomida Markaziy saylov komissiyasiga 17 ta mahalliy va 84 ta xorijiy Ommaviy axborot vositasi tomonidan murojaat kelib tushgan. Majlisda Ommaviy axborot vositalari vakillarini akkreditasiyadan o‘tkazish to‘g‘risidagi qaror loyihasi bir ovozdan ma’qullandi hamda jami 179 nafar mahalliy va xorijiy OAV vakili akkreditasiyadan o‘tkazildi.
Endilikda akkreditasiyadan o‘tkazilgan mahalliy OAV vakillari jami 1334 nafar, xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillari esa 146 nafarni tashkil etmoqda.
Majlis davomida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Buxoro, Sirdaryo va Toshkent viloyati saylov okruglari raislarining saylovga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha hisobotlari tinglandi.
Majlisda kun tartibiga kiritilgan qarorlar ochiq ovoz berish orqali, komissiya a’zolari tomonidan bir ovozdan qabul qilindi.
Markaziy saylov komissiyasi
Matbuot xizmati