• eye Maxsus imkoniyatlar
Janubiy Koreyaning yirik shaharlarida muddatidan oldin ovoz berish nuqtalari tashkil etiladi
06.10.2021
617
Joriy yil 24-oktabr kuni mamlakatimizda bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ishlari doirasida O‘zbekistonning Janubiy Koreyadagi elchixonasi tomonidan 18-Kvanju saylov uchastkasida davra suhbati tashkil etildi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.

Tadbirda elchixona, Tashqi mehnat migrasiyasi agentligining Kvanju shahridagi vakolatxonasi huzurida tashkil etilgan saylov komissiyasi a’zolari hamda bu yerda doimiy va vaqtincha istiqomat qilayotgan faol vatandoshlar hozir bo‘ldi.

Davra suhbatida mamlakatimizda ushbu muhim siyosiy jarayonni tashkil etish bo‘yicha ko‘rilayotgan tayyorgarlik ishlari, elchixona huzurida tashkil etilgan saylov uchastkalarida fuqarolarimizning ovoz berishi uchun yaratilayotgan shart-sharoitlar, muddatidan oldin ovoz berish tartibining tashkiliy jihatlari, shuningdek, O‘zbekiston Prezidenti saylovi kampaniyasi, davlat rahbarligiga nomzodlar va ularning saylovoldi dasturlari, milliy qonunchilikdagi o‘zgarishlar haqida batafsil ma’lumotlar taqdim etildi.

18-saylov uchastkasi vakillari tomonidan O‘zbekiston Konstitusiyasi, Saylov kodeksi, yangi chop etilgan o‘quv qo‘llanmalari, saylovga oid qonun hujjatlari to‘plami saylov uchastkasida mavjudligi ta’kidlangani barobarida barcha namunadagi banner, stend va peshlavhalar hamda Prezidentlikka nomzodlarning saylovoldi dasturlari muddatidan oldin ovoz berish uchun mo‘ljallangan joylarga tarqatilishi ma’lum qilindi.

Muloqot chog‘ida, shuningdek, Janubiy Koreyadagi bugungi epidemiologik vaziyatdan kelib chiqqan holda, O‘zbekiston Prezidenti saylovini o‘tkazishda koronavirus infeksiyasining tarqalishi xavfini oldini olish bo‘yicha ijtimoiy masofani saqlash, saylovga keluvchilarning niqob taqishini nazorat qilish, saylov uchastkasini shaxsiy himoya va dezinfeksiya vositalari bilan ta’minlash bilan bog‘liq masalalarga ham alohida e’tibor qaratildi.

Ma’lumotnoma o‘rnida: Koreya Respublikasida O‘zbekiston Prezidenti saylovini o‘tkazish uchun 17-sonli Seul hamda 18-sonli Kvangju saylov uchastkalari tashkil etilgan. Bundan tashqari, aholiga qulaylik yaratish, ularning o‘z konstitusiyaviy huquqidan to‘la foydalanishini ta’minlash maqsadida Janubiy Koreyaning yana 14 ta yirik shaharida muddatidan oldin ovoz berish nuqtalari tashkil etiladi.