• eye Maxsus imkoniyatlar
Mamlakatimizda MDH Parlamentlararo Assambleyasining uzoq muddatli kuzatuvchilari o‘z faoliyatini boshladi
06.10.2021
1591
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi taklifiga binoan, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi ishtirokchi davlatlari Parlamentlararo Assambleyasining uzoq muddatli kuzatuvchilari mamlakatimizga tashrif buyurdi.

6-oktabr kuni Markaziy saylov komissiyasida Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi ishtirokchi davlatlari Parlamentlararo Assambleyasi (MDH PA) Kengashi Kotibiyati raisi o‘rinbosari – MDH PA ishtirokchi-davlatlarida demokratiyaning rivojlanishi, parlamentarizm va fuqarolarning saylov huquqlariga rioya etilishini monitoring qilish xalqaro instituti (DPRXI) direktori  Ivan Mushket boshchiligidagi delegasiya vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Markaziy saylov komissiyasi raisi Zayniddin Nizamxodjayev mehmonlarni saylov kampaniyasi tadbirlari bilan tanishtirib, saylov O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyasi hamda Saylov kodeksiga muvofiq ochiq va oshkora o‘tkazilayotganini ta’kidladi. Shu bilan birga, ayni damda Prezidentlikka nomzodlarning saylovoldi tashviqoti jarayoni bo‘lib o‘tayotgani, muddatidan oldin ovoz berish tartibi, chet davlatda bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolarining saylovda ishtirok etishlari uchun yaratilgan imkoniyatlar qayd etildi. 

Uchrashuv davomida ta’kidlanganidek, MDH PA kuzatuvchilari guruhiga Tojikiston Respublikasi Majlisi namoyandagon Majlisi Oli raisi birinchi o‘rinbosari Maxmadali Vatanzoda boshchilik qiladi. MDH PA kuzatuvchilari o‘z faoliyati davomida Toshkent shahri va viloyatlarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini kuzatadi va monitoring olib boradi.

Uzoq muddatli monitoring davomida DPRXI ekspertlari saylov kampaniyasining asosiy bosqichlarini kuzatadilar va tahlil qiladilar, shuningdek saylov jarayonining ishtirokchilari: turli darajadagi saylov komissiyalari rahbarlari va siyosiy partiyalar shtablari vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazadilar. Uzoq muddatli kuzatuv natijasi sifatida yakuniy hisobot e’lon qilinadi.

I.Mushket saylovga tayyorgarlik ko‘rish jarayoniga ijobiy baho berib, saylov sohasida olib borilayotgan islohotlarni olqishladi.

Tadbir yakunida kuzatuvchilarga saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishga doir barcha tadbirlarda, shuningdek, saylov kuni ovoz berish xonalarida va ovozlarni sanab chiqishda qatnashish huquqini beradigan tegishli namunadagi guvohnomalar topshirildi.

Malumot uchun: MDH PA kuzatuvchilar guruhi MDH saylovlarni kuzatish missiyasi tarkibiga kiradi. Shu bilan birga guruhning saylovlarni kuzatish bilan bog‘liq faoliyati MDH PAga a’zo davlatlarda demokratiya, parlamentarizmning rivojlanishi va fuqarolarning saylov huquqlariga rioya etilishini monitoring qilish xalqaro instituti (DPRXI) tomonidan muvofiqlashtiriladi. Bugunga qadar MSK tomonidan 69 nafar MDH PA Kengashi Kotiyabiyati hamda DPRXI vakillari xalqaro kuzatuvchi sifatida akkreditasiya qilingan.