
Davra suhbati chog‘ida yurtdoshlarimizga O‘zbekistonning Xitoydagi elchixonasi huzurida tuzilgan 48-saylov uchastkasida saylovchilar uchun barcha zarur sharoitlar yaratilganligi ma’lum qilindi. Saylovda ovoz berish jarayoni 24 oktyabr yakshanba kuni mahalliy vaqt bilan ertalab soat 8.00 dan kech soat 20.00 gacha o‘tkazilishi aytib o‘tildi.
Uchrashuvda O‘zbekiston Prezidentligiga beshta siyosiy partiyadan ko‘rsatilgan nomzodlarning tarjimai holi va saylovoldi dasturlariga alohida e’tibor qaratildi. Nomzodlarning ish faoliyati, ilgari surayotgan tashabbus va g‘oyalari hamda o‘z oldiga qo‘ygan maqsadlari bilan ham saylovchilar yaqindan tanishdi.
O‘z navbatida, yurtdoshlarimizga so‘nggi oylarda Xitoydagi epidemiologik vaziyat keskinlashuvi oqibatida mamlakat bo‘ylab hududlararo harakatlanish, xususan, Pekinga kirish – chiqish uchun quyilgan nazorat cheklovlari tushuntirildi.
Elchixona ma’lumotlariga ko‘ra, aynan shu holatdan kelib chiqib, vakolatxona saylov uchastkasida vatandoshlarimizning saylash huquqini ado etishi uchun barcha xavfsizlik choralari ko‘rilgan. Shuningdek, zarur holatlar uchun birinchi tibbiy xizmat ko‘rsatish nuqtasi yo‘lga quyilgan.
Ochiq muloqot tarzida o‘tgan davra suhbatida vatandoshlar o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga javob oldi.