• eye Maxsus imkoniyatlar
Siyosiy savodxonlik haftaligi doirasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi
13.10.2021
760
13-oktabr kuni Mudofaa vazirligi Markaziy apparatida Markaziy saylov komissiyasining doimiy asosda ishlovchi a’zosi Suyarjon Qurbankulov ishtirokida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Mazkur tadbir Mudofaa vazirligi qo‘shinlarida e’lon qilingan “Siyosiy savodxonlik haftaligi” tadbirlari doirasida harbiy qism va muassasalarda tuzilgan saylov komissiyasi a’zolarining siyosiy bilimlarini oshirish maqsadida tashkil etildi.

Uchrashuv davomida S.Kurbankulov tomonidan saylov kampaniyasi tadbirlari, Saylov kodeksiga kiritilgan o‘zgartirishlar, xususan, muddatidan oldin ovoz berish tartibi, chet davlatda bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolarining saylovda ishtirok etishlari uchun yaratilgan imkoniyatlar, ovoz berish kuni mamlakatimiz hududida joylashgan 207 ta saylov uchastkasida saylov jarayonlari onlayn video-translyasiya qilinishi haqida ma’lumot berib o‘tildi.

Qayd etish joiz, Saylov kodeksining 27-moddasiga muvofiq, harbiy qismlardagi harbiy xizmatchilarning, shuningdek harbiy xizmatchilar oila a’zolarining va boshqa saylovchilarning ro‘yxatlari, agar ular harbiy qismlar joylashgan hududlarda yashasa, harbiy qismlarning komandirlari taqdim etadigan ma’lumotlar asosida tuziladi.

Harbiy qismlardan tashqarida istiqomat qiluvchi harbiy xizmatchilar yashash joylari bo‘yicha umumiy asoslarda saylovchilar ro‘yxatiga kiritiladi.