Okrug saylov komissiyasi raisi Mahmud Boltaboyev mehmonga hududda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko‘rish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida batafsil ma’lumot berdi.
Qayd etilganidek, xozir viloyat bo‘yicha 963 ta saylov uchastkasi faoliyat ko‘rsatadi. O‘tgan vaqt davomida barcha saylov uchastkalari saylovga oid qonun va boshqa me’yoriy hujjatlar, zarur zamonaviy axborot-kommunikasiya texnologiyalari bilan ta’minlandi. Jismoniy harakati cheklangan saylovchilar imkoniyatini e’tiborga olgan holda binolarga nishab yo‘laklari barpo etildi.
Toshkent viloyati bo‘yicha uchastka saylov komissiyasi a’zolarining umumiy soni 12 ming 386 nafarni tashkil etadi. O‘z navbatida ularning tarkibi shakllantirilganda ko‘p millatlilikka ham alohida e’tibor berildi. Jumladan, 87 nafar qoraqalpoqlar, 1 ming 557 nafar qozoqlar, 116 nafar ruslar, 568 nafar tojiklar, 18 nafar koreyslar va 252 nafar boshqa millat vakillari a’zolikka qabul qilingan. Uchastka saylov komissiyalari tarkibi Saylov kodeksi talablari asosida tuzilgan. Joylarda targ‘ibot ishlarini olib borish maqsadida, chaqiruv plakatlari, saylovga oid stendlar va boshqa targ‘ibot materiallari belgilangan joylarga tartib bilan o‘rnatildi.
Uchrashuvda xorijlik mehmon O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlarini ko‘rsatgan siyosiy partiyalarning hududda o‘tkazayotgan targ‘ibot tadbirlari, aholi bilan uchrashuvlari haqida ham o‘zini qiziqtirgan savollarga javob oldi. Shundan so‘ng Yevgeniy Kozyak Nurafshon shahrida tashkil etilgan saylov uchastkalari faoliyati bilan ham tanishdi. Saylov kodeksining 49-moddasiga asosan hududda 21 ta saylov uchastkasi tuzilib, barcha zarur jihozlar bilan ta’minlandi. Saylov uchastkalariga olib boriladigan yo‘llar asfalt yotqizildi.
Uchastka saylov komissiyalari a’zolari, mahalla fuqarolar yig‘inlari va profilaktika inspektorilari bilan hamkorlikda xonadonma xonadon yurib xatlov ishlari olib borildi. Unga ko‘ra, saylovchilar soni 24 ming 101 nafarni tashkil etmoqda.
MDH saylovlarni kuzatish missiyasi shtabi boshlig‘i Yevgeniy Kozyak shuningdek, Sirdaryo viloyatida bo‘lib, siyosiy tadbirga tayyorgarlik ishlari bilan tanishdi.
Yevgeniy Kozyakni Prezident saylovini o‘tkazuvchi 8-Sirdaryo okrug saylov komissiyasi raisi Jamshidxon Nuritdinov kutib oldi. Okrug saylov komissiyasi raisi xalqaro kuzatuvchiga viloyatda olib borilayotgan saylovga tayyorgarlik ishlari, okrug saylov komissiyasi va 284 ta uchastka saylov komissiyalari to‘g‘risida ma’lumotlar berdi.
Saylovda viloyatdagi uchastka saylov komissiyalarida 3511 nafar a’zo faoliyat yuritadi. Ularning 2546 nafari ilgari ham saylovlarda ishtirok etgan, 1646 nafari ayollar, 718 nafari 21-30 yoshdagi yigit-qizlardir. Komissiya a’zolarining 524 nafari o‘zini-o‘zi boshqarish organlari, 129 nafari huquqshunoslar, 2922 nafari pedagoglar va boshqa sohalar vakillari bo‘lib, barchasi saylov qonunchiligidan xabardor fuqarolardir.
Xalqaro kuzatuvchi Guliston shahrida joylashgan 15, 19, 20-saylov uchastkalarida bo‘lib, saylovga hozirlik doirasida olib borilayotgan ishlar, pandemiya sharoitida saylovchi va kuzatuvchilarga yaratilgan qulayliklar bilan tanishdi, uchastka saylov komissiya raislari bilan suhbatlashdi.
– Sirdaryoda men 2019 yilgi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va mahalliy kengashlarga saylovlarda kuzatuvchi sifatida ishtirok etganman, bu qisqa davrda viloyatda ulkan bunyodkorlik ishlari amalga oshirilganligining guvoxi bo‘ldim. Prezident sayloviga xam yuksak darajada tayyorgarlik ko‘rilganligi amin bo‘ldim, - deydi MDH saylovlarni kuzatish missiyasi shtabi boshlig‘i Yevgeniy Kozyak. - O‘tkazilayotgan saylov nafaqat O‘zbekiston, balki MDH mamlakatlari va xalqlari uchun xam ahamiyatlidir.
MDH saylovlarni kuzatish missiyasi shtabi boshlig‘i Yevgeniy Kozyak OAV xodimlari bilan uchrashib ,ularni qiziqtirgan savollarga javob berdi.