• eye Maxsus imkoniyatlar
Muddatidan oldin ovoz berish qoidalari
14.10.2021
8743
Saylov kuni o‘z yashash joyida bo‘lish imkoniyatiga ega bo‘lmagan saylovchi muddatidan oldin ovoz berish huquqiga ega. Muddatidan oldin ovoz berish saylovga o‘n kun qolganida boshlanadi va saylovga uch kun qolganida tugallanadi. Demak, 2021-yil 14-20-oktabr kunlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida muddatidan oldin ovoz berish o‘tkaziladi.

Ovoz berish kuni bino va xonalar qanday jihozlanishi hamda saylovchi tomonidan muddatidan oldin ovoz berish uchun amalga oshiriladigan ishlar ketma ketligini ko‘rib chiqamiz.

 

OVOZ BERISH BINOLARI HAMDA UCHASTKA SAYLOV KOMISSIYALARI BINOLARI

Saylov kodeksining 49-moddaga muvofiq, ovoz berish binolari maxsus ajratilgan joylar bo‘lib, ularda yashirin ovoz berish uchun yetarli miqdorda kabinalar yoki xonalar jihozlanishi, saylov byulletenlarini berish uchun joylar ajratilishi hamda saylov qutilari o‘rnatilishi kerak.

 Saylov qutilari ovoz beruvchilar ularning yoniga albatta yashirin ovoz berish kabinalari yoki xonalari orqali o‘tib keladigan qilib o‘rnatiladi.

Ovoz berish binosida boshqa hech qanday siyosiy tadbirlar o‘tkazilishiga ruxsat etilmaydi.

Binolarni jihozlash va ularda zarur tartibni saqlab turish mas’uliyati uchastka saylov komissiyasining zimmasida bo‘ladi.

Davlat organlari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish uchun zarur binolar va jihozlarni saylov komissiyalari ixtiyoriga bepul berib turishi shart.

Lozim bo‘lgan darajada jihozlangan ovoz berish binolari saylov komissiyalariga saylovdan kamida o‘n bir kun oldin taqdim etilishi kerak.

Tutash hududlarni obodonlashtirish, fuqarolar, ayniqsa jismoniy imkoniyati cheklangan shaxslar uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, saylov komissiyalarini texnik vositalar, mebel, ashyolar, ofis texnika vositalari, transport bilan ta’minlash mahalliy davlat hokimiyati organlarining, aloqa vositalari bilan ta’minlash esa O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikasiyalarini rivojlantirish vazirligining zimmasiga yuklatiladi.

Jamoat tartibini saqlash, saylov o‘tkaziladigan binolar va joylarni qo‘riqlash, shuningdek saylov natijalariga doir hujjatlarni tashish chog‘ida uchastka saylov komissiyalari a’zolarini kuzatib borish tegishli vakolatli organlarning zimmasiga yuklatiladi.

 

OVOZ BERISH XONALARINI JIHOZLASH TARTIBI

Qayd etish joiz, ovoz berish xonalari yorug‘ va keng bo‘lishi, alohida kirish va chiqish joyi bo‘lishi, shuningdek ularda jismoniy imkoniyati cheklangan shaxslar uchun nishab yo‘lkalar nazarda tutilgan bo‘lishi lozim.

Saylov kodeksining 50- moddasiga muvofiq, uchastka saylov komissiyalari joylashgan binolar tegishli tarzda jihozlanishi va quyidagilarga ega bo‘lishi kerak:

O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i (binoning ustida va ichida);

O‘zbekiston Respublikasining Davlat gerbi (binoning ichida);

saylov uchastkasining tartib raqami ko‘rsatilgan peshlavha;

yashirin ovoz berish kabinalari yoki xonalari;

saylov qutilari;

zarurat bo‘lsa, jismoniy imkoniyati cheklangan shaxslar uchun maxsus jihozlangan yashirin ovoz berish kabinalari;

kuzatuvchilar uchun alohida joylar;

saylov sanasiga bag‘ishlangan plakatlar;

saylov uchastkasining xaritasi;

uchastka saylov komissiyasi a’zolarining tarkibi, ish rejasi, navbatchiliklar jadvali haqidagi axborot;

saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishga taalluqli ma’lumotlar joylashtiriladigan maxsus stend;

barcha ro‘yxatga olingan nomzodlarning Markaziy saylov komissiyasi, viloyat, tuman, shahar saylov komissiyasi tomonidan nashr qilingan tarjimai holi va dasturi;

zarur mebel, ofis texnika vositalari (telefon, printer, Internet jahon axborot tarmog‘iga ulangan va Saylov jarayonini boshqarish axborot tizimiga kirish imkoniyatiga ega bo‘lgan kompyuterlar, seyf, kanselyariya tovarlari);

yong‘inga qarshi vositalar.

 

 PANDEMIYA SHAROITIDA OVOZ BERISH TARTIBI

Saylovchi ovoz berish binosiga kirishda ijtimoiy masofaga rioya qilishi shart. Bunda ikki saylovchi o‘rtasidagi masofa 1,5-2 metr bo‘lishi lozim.

Saylovchi binoga kirishida tana harorati o‘lchanadi, unga himoya niqobi va tibbiy qo‘lqop beriladi. Qo‘llari antiseptik bilan dezinfeksiya qilinadi. Saylovchi uchastka saylov komissiyasiga shaxsini tasdiqlovchi hujjatini ochib ko‘rsatadi,  zaruratiga ko‘ra qisqa muddatga himoya niqobini ochib yuzini ko‘rsatadi.

Esda tuting! Saylovda sanitariya qoidalarga rioya etishingiz salomatligingizni saqlashda muhim hisoblanadi.

 

SAYLOV UCHASTKASIDA MUDDATIDAN OLDIN OVOZ BERISH TARTIBI

Muddatidan oldin ovoz berishni amalga oshirish uchun saylovchi saylov kunida bo‘la olmasligining sabablari (ta’til, xizmat safari, xorijga chiqish va hokazo) ko‘rsatilgan ariza asosida tegishli uchastka saylov komissiyasidan saylov byulletenini oladi. Saylovchi saylov byulletenini olganligi haqida tegishli uchastka komissiyasining kamida ikki nafar a’zosi hozirligida saylovchilar ro‘yxatiga imzo qo‘yadi.

Saylov byulleteni maxsus jihozlangan yashirin ovoz berish kabinasida yoki xonasida saylovchi tomonidan to‘ldiriladi.

Saylovchi qaror qabul qiladi va to‘ldirilgan saylov byulletenini yopiq konvertda qoldiradi, konvert tegishli uchastka saylov komissiyasining seyfida saqlanadi. Konvertning yelimlangan joyiga uchastka komissiyasining ikki nafar a’zosining imzolari qo‘yilib, ular komissiyaning muhri bilan tasdiqlanadi.

2021 yil 14-20 oktyabr kunlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida muddatidan oldin ovoz berish o‘tkaziladi. 

Saylov uchastkasida muddatidan oldin ovoz berish vaqti soat 9:00 dan soat 19:00 ga qadar davom etadi.

O‘zbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida tuzilgan saylov uchastkalarida muddatidan oldin ovoz berish ushbu saylov uchastkalari joylashgan yerdagi mahalliy vaqt bilan soat 9:00 dan soat 19:00ga qadar amalga oshiriladi.

Eslatib o‘tamiz saylovchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bo‘yicha Markaziy saylov komissiyasining 12-00 qisqa raqamiga, xorijdagi vatandoshlarimiz esa  998 (55) 500-12-00 raqamiga qo‘ng‘iroq qilishlari  mumkin.