• eye Maxsus imkoniyatlar
Markaziy saylov komissiyasining navbatdagi yig‘ilishi
18.10.2021
4432
2021-yil 18-oktabr kuni Markaziy saylov komissiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Majlisni Komissiya Raisi Z.Nizamxodjayev olib bordi.

Majlis kun tartibidan O‘zbekiston Prezidenti saylovida xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlardan qatnashadigan kuzatuvchilarni akkreditasiya qilish hamda Ommaviy axborot vositalari vakillarini akkreditasiyadan o‘tkazish masalalari joy oldi.

Komissiya a’zolari dastlab O‘zbekiston Prezidenti saylovida xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlardan qatnashadigan kuzatuvchilarni akkreditasiya qilish to‘g‘risidagi masalani ko‘rib chiqishdi.

Qayd etilganidek,  Tashqi ishlar vazirligi tomonidan 411 nafar xorijiy (xalqaro) kuzatuvchilarni akkreditasiyadan o‘tkazish bo‘yicha MSKga taqdimnomalar kiritildi. Shu sababli, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlardan qatnashadigan kuzatuvchilarni akkreditasiya qilish to‘g‘risidagi MSK qarori loyihasi ishlab chiqilgan.

Unga muvofiq, xalqaro tashkilotlardan  xususan, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi, Shanxay Hamkorlik Tashkiloti, Yevropa Ittifoqi, Yevropa Parlamenti, Turkiy tilli davlatlarning Parlament Assambleyasi, Iqtisodiy Hamkorlik Tashkiloti, Osiyo Parlament Assambleyasi, shuningdek, Amerika Qo‘shma Shtatlari, Avstriya, Belgiya, Buyuk Britaniya, Germaniya, Gruziya, Italiya, Fransiya, Xitoy, Chexiya, Janubiy Koriya, Latviya, Polsha, Kanada, Yaponiya kabi xorijiy mamlakatlardan jami 411 nafar xalqaro kuzatuvchi ro‘yxatdan o‘tkazildi.

 Shunday qilib, shu kunga qadar akkreditasiyadan o‘tkazilgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlardan qatnashadigan kuzatuvchilar umumiy soni 968  nafarni tashkil etmoqda. Saylov kodeksining 33-moddasiga muvofiq, O‘zbekiston Prezidenti saylovida xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlardan qatnashadigan kuzatuvchilarni akkreditasiya qilish saylovga kamida o‘n kun qolguniga qadar davom etadi. Markaziy saylov komissiyasi tomonidan xalqaro kuzatuvchilarni akkreditasiyadan o‘tkazish uchun hujjat qabul qilish 14-oktyabr kuni to‘xtatildi.

Markaziy saylov komissiyasi xalqaro kuzatuvchilarga saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish davrida o‘z faoliyatlarini amalga oshirishlari uchun mandatlarni qonunda belgilangan muddatda taqdim etmoqda.

Komissiya a’zolari tomonidan ommaviy axborot vositalari vakillarini akkreditasiyadan o‘tkazish masalasi ham ko‘rib chiqildi.

Qayd etilganidek, o‘tgan vaqt davomida Markaziy saylov komissiyasiga 4 ta mahalliy va ­34 ta xorijiy Ommaviy axborot vositasi tomonidan murojaat kelib tushgan.

Majlisda Ommaviy axborot vositalari vakillarini akkreditasiyadan o‘tkazish to‘g‘risidagi qaror loyihasi bir ovozdan ma’qullandi hamda jami 20 nafar mahalliy  va 87 nafar xorijiy OAV vakili akkreditasiyadan o‘tkazildi. 

Endilikda akkreditasiyadan o‘tkazilgan mahalliy OAV vakillari jami 1439 nafar,  xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillari esa 233  nafarni tashkil etmoqda.

Qayd etish joiz, OAV vakillarini akkreditasiyadan o‘tkazish jarayoni  MSKning “Saylov kampaniyasi davrida ommaviy axborot vositalari vakillarini akkreditasiyadan o‘tkazish tartibi to‘g‘risida”gi nizomi talablariga muvofiq amalga oshirildi. Saylov kodeksining 33-moddasiga asosan, akkreditasiyadan o‘tkazish saylov kampaniyasi boshlanganligi rasman e’lon qilingan kundan boshlab, saylovga kamida o‘n kun qolguniga qadar davom etdi. Markaziy saylov komissiyasi tomonidan ommaviy axborot vositalari vakillarini akkreditasiyadan o‘tkazish uchun hujjat qabul qilish 14-oktyabr kuni to‘xtatildi.

Majlisda kun tartibiga kiritilgan qarorlar ochiq ovoz berish orqali, komissiya a’zolari tomonidan bir ovozdan qabul qilindi.

 

Markaziy saylov komissiyasi

Matbuot xizmati