Uchrashuv davomida Missiya a’zolari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish doirasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishtirildi. Ta’kidlanganidek, saylov kampaniyasi tadbirlari Saylov kodeksi talablari va demokratik prinsiplarga muvofiq amalga oshirilmoqda.
Markaziy saylov komissiyasi raisi Zayniddin Nizamxodjayev o‘z so‘zida Markaziy saylov komissiyasi tomonidan o‘tgan davr mobaynida Prezident sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va o‘tkazishga doir 19 ta qaror va jami 15 ta normativ-huquqiy xujjat qabul qilingani, shu bilan birgalikda, joylarda Prezident saylovini o‘tkazuvchi 14 ta saylov okrugi va 10 760 ta saylov uchastkasi tuzilib, saylovga tayyor holga keltirilganligini qayd etib o‘tdi.
Shuningdek, Markaziy saylov komissiyasi tomonidan xalqaro kuzatuvchilar va OAV vakillarini akkreditasiyadan o‘tkazish jarayoni tugaganligi hamda shu kunga qadar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida qatnashadigan xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlardan kuzatuvchilar soni mingga yaqinni tashkil etganligi ta’kidlandi.
Qayd etish joiz, Islom hamkorlik tashkiloti (IHT) saylovlarni kuzatish missiyasiga IHT Bosh kotibiyatining Xalqaro munosabatlar departamenti direktori Anisul Xak boshchilik qiladi.
IHT Bosh kotibiyatining Xalqaro munosabatlar departamenti direktori Anisul Xak:
-“O‘zbeksiton Islom hamkorlik tashkilotiga a’zo bo‘lgan 57 tashkilotlardan biri hisoblanadi. Markaziy saylov komissiyasi va O‘zbekiston hukumatiga Prezident saylovida kuzatuchi sifatida ishtirok etish uchun tashkilotimizga taklifnoma yuborganlaridan juda mamnun bo‘ldik. O‘zbekistondagi bu siyosiy jarayon nafaqat O‘zbekiston uchun, balki jahon hamjamiyati uchun juda muhimdir. Biz 20 oktyabrdan to‘laqonli kuzatuvchi sifatida o‘z faoliyatimizni boshlaymiz. Kuzatuv natijalari bo‘yicha Missiya tomonidan hisobot tayyorlanadi va saylovlarni tashkil etish yuzasidan bayonot beriladi”.
Markaziy saylov komissiyasi
Matbuot xizmati