• eye Maxsus imkoniyatlar
MDH Parlamentlararo Assambleyasi kuzatuvchilari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi
22.10.2021
738
Bugun, 22-oktabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi raisi Zayniddin Nizamxodjayev Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi Parlamentlararo Assambleyasi kuzatuvchilari bilan uchrashdi.

Uchrashuvda mamlakatimizda bo‘lib o‘tadigan joriy yilgi Prezident saylovini o‘tkazish borasida amalga oshirilayotgan ishlar, xususan, saylov komissiyalari a’zolarining saylov qonunchiligiga doir bilim va ko‘nikmalarini boyitish, saylov jarayoniga zamonaviy axborot kommunikasiya texnologiyalarini joriy etish yuzasidan olib borilayotgan sa’y-harakatlar to‘g‘risida ma’lumot berildi. Qolaversa, ushbu siyosiy tadbirlarda yoshlarning faolligini oshirish, imkoniyati cheklangan fuqarolarning saylov huquqlarini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida so‘z yuritildi.

Ta’kidlash joizki, ushbu tuzilma kuzatuvchilari MDH saylovlarni kuzatish missiyasi tarkibiga kiradi. Shu bilan birga, guruhning saylovlarni kuzatish bilan bog‘liq faoliyati MDH PAga a’zo davlatlarda demokratiya, parlamentarizmning rivojlanishi va fuqarolarning saylov huquqlariga rioya etilishini monitoring qilish xalqaro instituti tomonidan muvofiqlashtiriladi. 

Shuningdek, uchrashuvda MDH PA kuzatuvchilari bu yilgi saylovlarning ochiq va shaffof hamda xalqaro normalarga muvofiq o‘tishiga muvaffaqiyatlar tiladi.