• eye Maxsus imkoniyatlar
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi Raisi o‘rinbosari Baxrom Kuchkarovning brifingdagi Axboroti
24.10.2021
733

MSK Matbuot markazi

2021 yil 24 oktyabr

soat: 12:30

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi mamlakatimiz hududida tashkil etilgan 10 ming 761 ta saylov uchastkalarida, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining xorijiy davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida tuzilgan 54 ta saylov uchastkalarida bugun soat 8:00 da boshlanib, saylovchilarning ovoz berish jarayoni samarali davom etmoqda.

Markaziy saylov komissiyasi hamda barcha saylov okruglari va uchastkalari o‘rtasida doimiy aloqa o‘rnatilgan.

Umume’tirof etilgan xalqaro saylov standartlariga va milliy saylov qonunchiligimizga, ochiqlik va oshkoralik, qonuniylik va xolislik prinsiplariga to‘la amal qilgan holda tashkil etilgan saylovda, prezidentlikka nomzodlar uchun ovoz berish jarayonida mamlakatimizning barcha hududlarida fuqarolarimiz, saylovchilarimiz ko‘tarinki kayfiyatda faol ishtirok etmoqdalar.  

Ko‘rib turganingizdek, O‘zbekistonning turli hududlaridagi 207 ta saylov uchastkasida o‘rnatilgan 414 ta videokamera saylovchilarning ovoz berish jarayonini ushbu Matubot markazida o‘rnatilgan monitorda, saylov2021.uz Veb-saytida hamda O‘zbekiston MTRKning “O‘zbekiston – 24” telekanalida to‘g‘ridan-to‘g‘ri onlayn rejimida namoyish qilib turibdi.

Shuni alohida ta’kidlash joizki, O‘zbekiston Respublikasining fuqarolari saylovda yuksak siyosiy faollikni namoyon etmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksining
96-moddasiga binoan, agar saylovchilar ro‘yxatiga kiritilgan fuqarolarning o‘ttiz uch foizi ovoz berishda ishtirok etgan bo‘lsa, saylov o‘tgan hisoblanadi. 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi uchastka va okrug saylov komissiyalaridan olingan ma’lumotlarga e’tibor qaratsak soat 11:00 ga qadar saylovchilarning 6 mln 669 ming 552 nafari yoki 33,6 foizi ovoz berdi.

Demak joriy saylovlar o‘tgan deb hisoblanadi va bu bilan barcha saylov jarayoni ishtirokchilarini, xalqimizni tabriklaymiz.

Saylov kodeksiga binoan, O‘zbekiston Respublikasining har bir fuqarosi – saylovchi teng saylov huquqiga ega. Saylovda erkin va yashirin ovoz beriladi. Ovoz beruvchilarning xohish-irodasi nazorat qilinishiga yo‘l qo‘yilmaydi. 

Saylov qonunchiligi normalariga muvofiq, sog‘lig‘ining holatiga yoki boshqa sabablarga ko‘ra ovoz berish binosiga kela olmagan saylovchilar uchun uchastka saylov komissiyalari ovoz berishni o‘sha saylovchilar turgan joyda tashkil etmoqda. 

Saylovlarni nufuzli xalqaro tashkilotlar hamda xorijiy mamlakatlarning kuzatuvchilari bevosita kuzatib boramoqdalar.  

Bundan tashqari, prezidentlikka nomzod ko‘rsatgan siyosiy partiyalardan, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlaridan ham 70 mingga yaqin mahalliy kuzatuvchilar saylovlarni bevosita kuzatib bormoqda va bu kuzatuv saylovlarni qonuniy o‘tishini ta’minlashga xizmat qiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi tomonidan akkreditasiyadan o‘tkazilgan milliy va xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillari, jurnalistlar saylovlar jarayonini faol yoritib bormoqda. Buning uchun biz ularga o‘z minnatdorchiligimizni bildiramiz va jarayonlarni xolis yoritib borishlarida muvaffaqiyat tilaymiz.

Umuman olganda saylovlar amaldagi qonunchilik me’yorlari va xalqaro standartlarga to‘la mos ravishda o‘tmoqda.

Fursatdan foydalanib, barcha kuzatuvchilardan saylov uchastkalarida ovoz berish jarayonlarini, ovozlarni sanash va natijalarni aniqlash jarayonlarini ham faol kuzatib borishlarini so‘rab qolar edik.