MSK Matbuot markazi
2021 yil 24 oktyabr
soat: 17:30
Avval xabar berganimizdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida saylovchilarning ovoz berish jarayonlari faol davom etmoqda.
Mazkur saylovda O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari yuksak siyosiy faollikni namoyon etmoqdalar.
Joylardan 17:00 ga qadar olingan ma’lumotlarga ko‘ra O‘zbekiston hududidagi 19 million 859 ming 127 nafar saylovchilardan 14 mln 258 ming 780 nafari yoki 71,8 foizi ovoz berdi.
Hozirga qadar Vladivostok, Tokio, Seul, Kvandju, Pekin, Shanxay, Guandjou, Kuala-Lumpur va Singapur shaharlaridagi saylov uchastkalarida ovoz berish jarayonlari yakunlandi. Ushbu saylov uchastkalarida ovoz berish natijalarini aniqlash, byulletenlarni sanash jarayonlari boshlangan.
Toshkent vaqti bilan soat 17:00 da AQSHning Vashington va Nyu-Yorkdagi saylov uchastkalarida ovoz berish boshlandi.
Boshqa xorijiy mamlakatlarda tuzilgan saylov uchastkalarida ovoz berish jarayoni davom etmoqda.
Eslatib o‘taman xorijiy davlatlardagi saylov uchastkalarida 299 780 nafar saylovchi saylovchilar ro‘yxatiga kiritilgan.
Saylovchilarga murojaat
Hurmatli saylovchilar,
Markaziy saylov komissiyasi tomonidan saylov kuni o‘tkazilgan monitoring natijalari ba’zi saylov uchastkalarida “oilaviy” ovoz berish holatlari qayd etilganini ko‘rsatmoqda.
Ta’kidlash joizki, ko‘rilgan keng targ‘ibot va tashviqot ishlariga qaramasdan ushbu salbiy amaliyotdan hali-hanuz to‘laqonli voz kecha olmaganimizni ko‘rsatmoqda.
Shuning uchun barcha fuqarolardan “Bir saylovchi – bir ovoz” tamoyiliga qat’iy rioya qilishlarini yana bir bor so‘rab qolamiz.
Markaziy saylov komissiyasi kelgusidagi faoliyatida ham O‘zbekiston saylov amalimyotida “oilaviy ovoz berish” kabi salbiy jihatlarni batamom yo‘q qilish yuzasidan tizimli choralar ko‘rishni davom ettiradi albatta.
Shuningdek, bir saylovchi tomonidan ikki yoki undan ortiq saylov byulletenlarini saylov qutisiga tashlab yuborish kabi ayrim ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolavhalarga ham Markaziy saylov komissiyasining e’tibori qaratildi.
Zudlik bilan bunday holatlarga huquqiy baho berish uchun prokuratura idoralariga murojaat qilindi.
O‘rganish natijalari bo‘yicha keyingi matbuot anjumanlarimizda axborot beriladi.
Hurmatli saylov jarayonining muhim ishtirokchilari: kuzatuvchilar va ommaviy axborot vositalari vakillari, siyosiy partiyalarning vakolatli vakillari.
Qariyib 2 soatdan so‘ng, ya’ni soat 20:00 da mamlakatimiz hududidagi 10 761 ta saylov uchastkalarining barchasida saylovchilarning ovoz berish jarayonlari to‘liq yakunlanadi va natijalarni aniqlash jarayoni boshlanadi.
Ochiqlik va oshkoralik bilan o‘tayotgan mazkur saylovlarda fuqarolarimizning har bir ovozi inobatga olinishi shart.
Saylov natijalarini qalbakilashtirishga qarshi kurashning eng samarali yo‘li bu – jamoatchilik nazoratidir.
Shuning uchun barcha saylov jarayoni ishtirokchilaridan ovozlarni sanab chiqish jarayonida qonun talablariga qat’iy amal qilgan holda, bu jarayonni qat’iyat bilan amalga oshirishlarini so‘rab qolamiz.