Shuni tan olish kerakki, bu yilgi Prezident saylovi - milliy qonunchiligimiz va umume’tirof etilgan xalqaro demokratik tamoyillar asosida, yuksak saviyada bo‘lib o‘tmoqda.
Bu muhim siyosiy kampaniya Yangi O‘zbekiston sharoitida saylovchilarimiz, barcha fuqarolarimizning siyosiy va huquqiy madaniyati, dunyoqarashi yuksalib borayotganini yana bir bor namoyon etmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, hozir soat 16:00 holatiga, jami 10 mingdan ortiq respublikamizning barcha sudьyalari va sud xodimlari oila a’zolari bilan birgalikda o‘z fuqarolik pozisiyasini bildirish uchun saylov uchastkalarida ovoz berishdi.
Albatta mana shu siyosiy jarayonni ko‘tarinki ruxda va yuqori saviyada o‘tishi avvalom bor mukammal va sinchiklab o‘tkazilgan tayyorgarlik jarayoni bilan bevosita bog‘liqdir.
2019 yil 25 iyunda O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksi qabul qilingan kunidan sud tizimida Prezident sayloviga bag‘ishlangan tayyorgarlik ishlari boshlanishiga sabab bo‘ldi.
Albatta bu jarayon davomidagi asosiy e’tibor sud hokimiyati vakillari bilan Saylov kodeksi talablarini o‘rganib chiqish va ushbu qonunchilik mazmun-mohiyatini saylovchilarga ya’ni, fuqarolarimizga tushuntirishga, saylov qonunchiligi talablari buzilishi bilan bog‘liq bo‘lgan shikoyatlarni ko‘rishga doir barqaror sud amaliyotini shakllantirishga, bu toifadagi ishlarni sudlarda belgilangan muddatlarda ko‘rib chiqish va adolatli qarorlarni chiqarish orqali fuqarolarning huquq va qonuniy manfaatlarini tiklash uchun sharoit yaratishga qaratilgan.
Bundan tashqari, saylov qonunchiligidagi xalqaro standartlarning talablarini, ilg‘or xorijiy davlatlarning amaliyotini tahlil qilish borasida ishlarni amalga oshirish davomida:
YeXHTning Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi hamda Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi kuzatuvchilari delegasiyalari bilan Oliy sudda bir necha uchrashuvlar;
YeXHTning Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi kuzatuvchilari missiyasi bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasi ma’muriy sudi hamda 11 ta viloyat ma’muriy sudlarida uchrashuvlar o‘tkazildi.
Mamlakatimizda o‘tkazilgan Parlament saylovlari tahlili va Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosining saylov tizimini takomillashtirishga qaratilgan tavsiyalari bo‘yicha Saylov kodeksi hamda ayrim qonunlarga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi.
Saylov qonunchiligidagi o‘zgartish va qo‘shimchalar mazmun-mohiyatini yetkazish hamda shundan kelib chiqqan holda bu toifadagi ishlar bo‘yicha sud amaliyotini shakllantirish maqsadida:
saylov qonunchiligi hamda jarayoni bilan bog‘liq nizolarni sudlarda ko‘rib chiqish yuzasidan 14 ta mavzuda, ma’muriy sudlar sudyalari bilan ;
jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar sudyalari bilan “Saylov jarayonlari sub’yektlarining qonunchilikda belgilangan javobgarligi” mavzusida seminar mashg‘ulotlari o‘tkazildi;
Oliy sudning ma’muriy ishlar bo‘yicha sudlov hay’ati tomonidan “Saylov komissiyalarining xatti-harakatlari va qarorlari yuzasidan nizolashish to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rish tartibi to‘g‘risida”gi qo‘llanma ishlab chiqilib, sudlarga yuborildi;
saylov qonunchiligi, saylovga oid nizolarni sudlarda ko‘rib chiqilishi, qonunchilikda belgilangan javobgarlik va boshqa mavzularda ommaviy axborot vositalari, gazeta va jurnallarda respublika sudyalari tomonidan maqolalar chop etildi.
Shu davrda, saylov qonunchiligiga doir o‘quv-uslubiy materiallarni tayyorlash va saylov jarayoni bo‘yicha ishtirokchilarini o‘qitish yuzasidan tuzilgan Ishchi guruhda Oliy sud Farg‘ona, Samarqand viloyatlari va Toshkent shahrida o‘qishlarni tashkil etib, monitoring qilish ishlariga boshchilik qildi.
Hurmatli anjuman ishtirokchilari,
Endi ruxsatlaringiz bilan saylov jarayonidagi sudlarga ajratilgan o‘rin haqida fikr yuritishga ijozat bersangiz.
Xabaringiz bor, joriy yilning 31 mayida Saylov kodeksi talablarini jahon andozalariga keltirishga qaratilgan o‘zgartishlar kiritilgan bo‘lib, yuqori turuvchi saylov komissiyalarining vakolatlaridan qo‘yi turuvchi saylov komissiyalarining harakatlari va qarorlari ustidan berilgan shikoyatlarni ko‘rib chiqish tartibi bekor qilindi va bu qoida mutloq vaqolat sifatida ma’muriy sudlarga berildi.
Endilikda, nomzod ko‘rsatgan siyosiy partiyalar organlari, nomzodlar, ishonchli vakillar, kuzatuvchilar va saylovchilar saylov komissiyalarining harakatlari va qarorlari, ommaviy axborot vositalari vakillari esa saylov komissiyalarining harakatlari ustidan ma’muriy sudlarga, Markaziy saylov komissiyasining qarorlari va harakatlari ustidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudiga shikoyat qilishi mumkin.
Fuqarolarimiz tomonidan qonunda belgilanganidek, Saylov komissiyasining qarori ustidan shikoyat bilan sudga, qaror qabul qilinganidan keyin 5 kun ichida bemalol va to‘siqsiz yozma va elektron shaklda, shuningdek chet davlatda turib ham murojaat qilishga va sudlarning axborot tizimi orqali darhol ro‘yxatga olinishi uchun sharoit va imkoniyatlar yaratildi.
Bunday tartib albatta kuzatuvchilarga ham taaluqli bo‘lib, ular ham sudlarga ariza yoki shikoyatlarni umumiy tartibda berishlari mumkin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga saylov kampaniyasi joriy yilning 24 iyulidan boshlandi.
24-iyuldan 14 oktyabrga qadar saylov komissiyalarining faoliyatiga aralashish, qarorlarini ijro etmaslik, nomzodning, ishonchli vakilining, kuzatuvchining yoki siyosiy partiya vakolatli vakilining huquqlarini buzish, yolg‘on ma’lumotlar tarqatish, saylovni moliyalashtirish tartibini buzish bilan bog‘liq ma’muriy huquqbuzarlik bilan bog‘liq ishlar sudlarga kelib tushmagan.
Ayni paytda saylov oldi tashviqot jarayoni boshlangandan buyon, ya’ni 20 sentyabrdan shu kunga qadar saylovoldi tashviqotini olib borish shartlari va tartibini buzish, saylovga tayyorgarlik ko‘rish jarayonida axborot va tashviqot materiallarini qasddan yo‘q qilish yoki ularga shikast yetkazish bilan bog‘liq bo‘lgan qoidabuzarlik uchun biron-bir shaxs ma’muriy javobgarlikka tortilmagan.
Shu bilan birgalikda fuqarolarning saylash yoki saylanish, saylovoldi targ‘iboti olib borish huquqlarini, ishonchli vakillarni o‘z vakolatlarini erkin amalga oshirishlarida zo‘rlik ishlatish, qo‘rqitish, aldash yoki og‘dirib olish yo‘li bilan to‘sqinlik qilish bilan bog‘liq jinoyat ishlari ham sudlarning ish yurituviga kelib tushmaganligini ma’lum qilaman.
Ushbu davr mobaynida nomzodlar tomonidan saylov komissiyasiga huquqlari buzilganligi to‘g‘risidagi murojaatlariga berilgan javoblaridan norozi bo‘lib sudlarga ariza (shikoyat) keltirilmagan.
9 oktyabrda esa saylovchilarning ro‘yxatlari hamma tanishib chiqishi uchun taqdim etildi.
Bu bosqichda saylovchi - saylovchilar ro‘yxatiga kiritilmaganlik, noto‘g‘ri kiritilganlik yoki ro‘yxatdan chiqarilganlik haqidagi murojaatlari saylov uchastkalari tomonidan hal qilinmagan taqdirda ariza bilan tumanlararo ma’muriy sudiga murojaat qilishi mumkin.
Ushbu huquqdan foydalanish haqidagi arizani ko‘rib chiqmaganlik yoxud rad etganlik kabi xolatlar yuzasidan sudlarga joriy yilning 9 oktyabridan 21 oktyabriga qadar ariza (shikoyat) kelib tushmagan.
Saylovchilarning buzilgan huquqlarini qisqa muddatlarda tiklash orqali ularning O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyasi bilan kafolatlangan huquqlaridan erkin foydalanishini ta’minlash maqsadida qonun hujjatlarida ushbu toifadagi shikoyatlarni ko‘rib chiqish uchun eng qisqa muddatlar belgilangan bo‘lib, saylov komissiyasining xatti-harakatlari yoki qarorlari ustidan berilgan shikoyat shu kundan e’tiboran dam olish yoki bayram kuni bo‘lishidan qat’iy nazar uch kundan kechiktirmay, agar saylovga olti kundan kam vaqt qolgan bo‘lsa, darhol ko‘rib chiqilishi lozim
Ushbu ishlarning o‘ziga hos hususiyati, shikoyatda ko‘tarilgan masalalarning mohiyatini inobatga olgan holda hamda mazkur toifadagi ishlarni o‘z vaqtida va sifatli ko‘rib chiqilishini ta’minlash maqsadida Oliy sud tomonidan sudlarga ishni saylov komissiyasi joylashgan binoda sayyor sud majlisida ko‘rib chiqishi maqsadga muvofiqligi haqida tavsiyalar berildi.
Shunda, o‘rinli savol tug‘ilishi mumkin: “hozirdagi pandemiya sharoitida tumanlararo ma’muriy sudlar viloyatning markazida joylashgan, uzoq hududlarda bo‘lib turgan arizachilar va ishda ishtirok etuvchi shaxslarning sud majlisida ishtiroki qanday tashkil etiladi?”.
Yuqorida ta’kidlaganimdek, saylovga tayyorgarlik ishlarini amalga oshirish jarayonida fuqarolarimiz uchun odil sudlovga erishish imkoniyatlarini kengaytirish masalasida alohida e’tibor berildi va zamonaviy axborot texnologiyalarni joriy qilish orqali istalgan tumanda (shaharda) joylashgan sudlardan videokonferensaloqa orqali sud majlisida ishtirok etish imkoniyati yaratildi.
Bundan tashqari, Oliy sudning Interaktiv xizmatlar portali ya’ni my.sud.uz saytida joylashtirilgan “Videokonferensaloqa” rukni orqali fuqaro o‘z uyidan, shuningdek dunyoning istalgan nuqtasidan turib mobil qurilmalar (telefon, planshet va kamerasi mavjud kompyuter) orqali onlayn tarzda sud majlislarida ishtirok etish mumkin.
Ishni ko‘rish natijalari bo‘yicha qabul qilingan sud hujjati chiqarilishi bilanoq darhol yozma yoki elektron shaklda tegishli saylov komissiyasiga va shikoyat bergan shaxsga topshiriladi yoxud elektron pochta manzillarga yuboriladi.
Shu o‘rinda alohida ta’kidlab o‘tmoqchimanki, xorijiy davlatlardagi vatandoshlarimiz uchun bu kabi imkoniyat va qulayliklardan foydalanish uchun horijdagi 37 ta diplomatik vakolatxona va konsullik muassasalarida tashkil etilgan 54 ta saylov uchastkalari harakatlari va qarorlari yuzasidan berilgan shikoyatlari Toshkent shahridagi 14-sonli saylov uchastkasi orqali Toshkent tumanlararo ma’muriy sudi yurituviga elektron shaklda yuborish mexanizmi yaratildi.
Amaldagi qonunlarimizda saylov qonunchiligini buzganlik uchun ma’muriy va jinoiy javobgarlik ham belgilangan bo‘lib, bundan saylov jarayoni ishtirokchilarining saylov qonunchiligiga to‘liq rioya etishlari va saylov huquqlari samarali amalga oshirilishini ta’minlash kafolati ko‘zlangan.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksida saylov jarayonida sodir etilishi mumkin bo‘lgan qonunbuzilishlar uchun ma’muriy javobgarlikni nazarda tutuvchi normalar
8 ta moddadan iborat bo‘lib, ular 51-moddasi prem ikkidan 51-moddasi prem to‘qqizgacha bo‘lgan moddalarda o‘z ifodasini topgan.
Ahamiyatlisi, mazkur huquqbuzarliklar jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar tomonidan bir sutka mobaynida ko‘rib chiqiladi.
Saylov qonunchiligini buzganlik uchun jinoiy javobgarlik masalasi O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 146 va 147-moddalarida belgilangan.
Fuqarolarning saylovga oid huquqlarini ishonchli himoya qilish, saylov jarayoni bilan bog‘liq nizolar hamda ishlarni o‘z vaqtida va qonuniy ko‘rib chiqish maqsadida:
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi jarayonlari bilan bog‘liq ommaviy nizolar, ma’muriy huquqbuzarlik va jinoiy ishlarni sudlarda tezkor ko‘rib chiqilishini ta’minlash va ularni umumlashtirish bo‘yicha Oliy sudda Ishchi guruhi (Shtab) tuzildi hamda kechki va tungi navbatchilik tashkil etildi.
Ishchi guruhning faoliyati, kechki va tungi navbatchilikning rioya etish jarayoni Oliy sud rahbariyati tomonidan alohida nazoratga olinib, saylov qonunchiligi bilan bog‘liq ommaviy nizolar, ma’muriy huquqbuzarlik va jinoyat ishlarining sudlarga kelib tushishi va ko‘rib chiqilishi yuzasidan kunlik monitoring yo‘lga qo‘yildi.
Hurmatli yurtdoshlar,
Endilikda sudlarda hozirdagi saylov kampaniya jarayoniga doir oxirgi ma’lumotlarga batafsil to‘xtalsam.
Xabaringiz bor, 14 oktyabrdan - 20 oktyabrga qadar muddatidan oldin ovoz berish jarayoni amalga oshirildi.
Bu bosqichda ma’muriy sudlarning yurituviga:
saylovchi oldinroq ovoz berish huquqini amalga oshirishga to‘sqinlik qilish;
ushbu huquqdan foydalanish haqidagi arizani ko‘rib chiqmaganlik yoxud rad etganlik kabi holatlar yuzasidan shikoyatlar kelib tushmagan.
22 oktyabr saylovoldi tashviqotining oxirgi kuni bo‘ldi. Saylovoldi tashviqotini olib borish tartibini buzish bo‘yicha jinoyat ishlari bo‘yicha sudlarga ma’muriy huquqbuzarlikka (MJtK 515-moddasi) oid ishlar kelib tushmagan.
Bugun, 24 oktyabr kuni saylov jarayonida ishtirok etgan siyosiy partiyalar organlari, nomzodlar, ularning ishonchli vakillari, kuzatuvchilar va saylovchilar, shuningdek, ommaviy axborot vositalari vakillari bevosita saylov jarayonidagi:
saylov komissiyalarining xatti-harakatlari (qarorlari) ustidan;
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi xatti-harakatlari (qarorlari) ustidan ma’muriy sudlarga murojaat qilishlari mumkin.
Hududlar taqdim etgan axborotlarga ko‘ra, joriy yilning 24 oktyabr soat 16-00 holatiga respublika sudlariga Prezident saylovi jarayonlari bilan bog‘liq ommaviy nizolar, ma’muriy huquqbuzarlik va jinoyat ishlari kelib tushmagan.
Bu holat o‘z navbatida O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi tomonidan bu siyosiy jarayon yaxshi tashkil etilib, saylov komissiyalarining faoliyati to‘g‘ri yo‘lga quyilganligidan dalolat berib, bu masalada nomzodlar, saylovchi, kuzatuvchi va siyosiy partiya organlaridan sudlarga shikoyat tushmaganligiga, boshqa qoidabuzarliklar sodir etilmaganligiga sabab bo‘lgan.