Mazkur bosqichda Vatan va xalq manfaatlarini, inson huquq va erkinliklarini kafolatli ta’minlash, uning qadrini ko‘tarish yo‘lida jiddiy qadamlar qo‘yildi.
Binobarin, Yangi O‘zbekistonni barpo etishdek ulug‘ maqsad avvalo, har bir insonning baxtiyor yashashi uchun erkin muhit, zarur shart - sharoit va keng imkoniyatlar yaratishga qaratildi.
Jumladan, fuqarolarning ustuvor sanalgan saylash hamda saylanish bo‘yicha konstitusiyaviy huquqlarini ta’minlash sohasida ham keng qamrovli ishlar amalga oshirildi.
Bu borada yurtimizda amalga oshirilgan demokratik o‘zgarishlardan, saylov qonunchiligidagi muhim yangiliklardan barchangiz yaxshi xabardorsiz, deb o‘ylayman.
Biz uchun eng muhimi shundaki, bunday o‘zgarishlar fuqarolarimizda yurt taqdiriga daxldorlik hissini kuchaytirdi, jamiyat a’zolarining siyosiy - huquqiy ongi keskin o‘sishiga olib keldi.
Hozirda barchamiz muhim siyosiy tadbir – O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi jarayonlariga guvoh bo‘lib turibmiz.
Saylov jarayonlari umume’tirof etilgan xalqaro qoidalar, O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyasi va Saylov kodeksi asosida oshkoralik, tortishuvchanlik hamda demokratiya tamoyillari ostida, mutlaqo yangicha ruhda kechmoqda desam, xato qilmagan bo‘laman.
Albatta, barcha sohalar va jarayonlarda bo‘lgani kabi saylov kampaniyasi davrida ham qonun ustuvorligini ta’minlash, tegishli qonunlarning aniq va bir xilda bajarilishi ustidan samarali nazoratni amalga oshirish muhim ahamiyatga ega.
Shu bois, saylov kampaniyasining ilk kunlaridanoq, mazkur nazoratni ta’minlash vakolatiga ega bo‘lgan prokuratura organlari tomonidan fuqarolarning saylash va saylanish huquqlariga qat’iy rioya etilishiga, bu jarayonda qonuniylikni ta’minlashga qaratilgan barcha choralar ko‘rilmoqda.
Eng avvalo, bu boradagi ishlarni to‘g‘ri va samarali amalga oshirish uchun Bosh prokuraturada salohiyatli xodimlardan iborat Shtab tashkil etdik.
Barcha hududlarga Bosh prokuratura boshqarma boshliqlari darajasidagi, saylov qonunchiligini mukammal o‘zlashtirgan va uni amalga oshirish mexanizmlarini chuqur tushunadigan xodimlar biriktirildi.
Hududiy prokuraturalarda ham viloyat prokurorlari boshchiligida shtablar tuzildi.
Shtablarga:
– saylovga tayyorgarlik ko‘rish va o‘tkazish davomida qonunlarga aniq va bir xilda rioya etilishini ta’minlash;
– saylovni tashkil etish va o‘tkazishga oid, shuningdek, fuqarolarning saylov huquqlari buzilishi bilan bog‘liq murojaatlarni tezkor ko‘rib chiqish va qonun doirasida hal etish;
– ommaviy axborot vositalari va Internet tarmog‘ida e’lon qilinayotgan xabarlarni monitoring qilib borish, saylov jarayonidagi qonun buzilishi bilan bog‘liq xabarlarni zudlik bilan o‘rganish va tezkor munosabat bildirish;
– saylov jarayonlarida aniqlangan qonun buzilishi holatlarini tezkor ravishda bartaraf etilishini ta’minlash vazifalari yuklatildi.
Shtablarimiz xalqaro tashkilotlar hamda keng jamoatchilik bilan yaqindan hamkorlik o‘rnatdi.
Jumladan, Bosh prokuraturada Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi Ijroiya qo‘mitasining xalqaro kuzatuvchilari bilan bevosita uchrashuvlar o‘tkazildi, ma’lumot almashinuvi yo‘lga qo‘yildi.
Markaziy saylov komissiyasining xalqaro axborot markazi bilan ham doimiy aloqa o‘rnatildi va muntazam ravishda axborot almashinuvi amalga oshirilmoqda.
Shuni alohida qayd etish kerakki, muhim siyosiy tadbir o‘tkazilishi jarayonida qonuniylikni ta’minlash, murojaatlar va xabarlarni tezkor, xolis va qonuniy hal etish uchun aynan saylov bo‘yicha malakali xodimlar korpusini ham shakllantirdik.
Jumladan, Bosh prokuraturadan 13 nafar, hududiy prokuraturalardan 248 nafar xodim bilan saylov qonunchiligi bo‘yicha alohida o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazilib, ularning malakalari oshirildi.
Bu xodimlarimiz prokuratura organlarining barcha bo‘g‘inlarida tashkil etilgan 24 soatlik uzluksiz navbatchilikda xizmat qilmoqda, saylov jarayonida qonuniylikni ta’minlash ishlariga to‘liq jalb etilgan.
Sizlarga yaxshi ma’lum, ommaviy tarzda, keng jamoatchilik ishtirokida o‘tkaziladigan har qanday tadbirning tartibli, samarali va osoyishta o‘tishi xavfsizlik chora-larining qay darajada ko‘rilganiga ham bog‘liq.
Tabiiyki, saylov kampaniyasi davrida o‘tkaziladigan tadbirlar ham bundan mustasno emas. Shu bois, mazkur jarayonlarda osoyishtalikni, xavfsizlikni ta’minlash va jamoat tartibini saqlash uchun huquqni muhofaza qiluvchi organlar safarbar etiladi.
Qonunchilikka ko‘ra, prokuratura organlari huquqni muhofaza qiluvchi tuzilmalarning bu boradagi faoliyatini muvofiqlashtiradi.
Ayni shu damlarda, xodimlarimiz boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamda keng jamoatchilik bilan birgalikda hududlarda jamoat tartibini va kriminogen vaziyat barqarorligini saqlash, jinoyatchilik va huquq-buzarliklarning oldini olish choralarini ham ko‘rib bormoqda.
Ichki ishlar, Milliy gvardiya, Davlat xavfsizlik xizmati va sud idoralari bilan yaqindan hamkorlik o‘rnatilib, mamlakatdagi vaziyat haqida real vaqt rejimida axborot almashilmoqda.
Barcha hududlardagi tezkor - tergov guruhlari o‘z faoliyatini kuchaytirilgan holda uzluksiz amalga oshirmoqda.
Har qanday voqea - hodisa, shu jumladan, saylov jarayonida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan huquqbuzarlik holatlarini zudlik bilan tekshirishga hamda zarur prosessual harakatlarni o‘tkazishga bu guruhlar va barcha vositalar shay holatda.
Umuman olganda, bugungi siyosiy tadbirning tinch va osoyishta o‘tkazilishi, jamoat tartibining saqlanishi qat’iy nazoratga olingan.
Ishni ana shunday tartibda tashkil etganimiz, saylov jarayonida qonuniylikni ta’minlash, qonun buzilishi holatlariga yo‘l qo‘ymaslikka zamin yaratmoqda.
Eng muhimi, bu jihat har bir fuqaroning saylov bilan bog‘liq huquqini ro‘yobga chiqarishi, o‘z xohish - irodasini emin - erkin ifoda etishiga imkon bermoqda.
Zotan, shuni alohida ta’kidlash kerakki, soat 15-00ga qadar prokuratura organlariga saylov jarayonida qonun buzilishi holati ro‘y bergani haqida xabar va murojaat kelib tushmadi.
Shuningdek, Markaziy saylov komissiyasi va boshqa idoralardan ham qonun buzilishi bilan bog‘liq materiallar bizga taqdim etilmadi.
Xabaringiz bor, saylov kuni o‘z yashash joyida bo‘lish imkoniyatiga ega bo‘lmagan saylovchilarga qonun talablariga muvofiq muddatidan oldin ovoz berish imkoni yaratib berildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilning 14 - 20 oktyabr kunlari jami 421.618 nafar, jumladan O‘zbekiston hududida bo‘lib turgan 301 ming nafardan ortiq fuqaro muddatidan oldin ovoz berdi va shu tariqa o‘zining siyosiy huquqidan foydalandi.
Bu jarayonlarda ham prokuratura organlariga qonun buzilishiga yo‘l qo‘yilganligi haqida murojaatlar kelib tushmadi.
Umuman olganda, agar saylov qonunchiligi buzilganligi haqida xabar va murojaatlar kelib tushsa yoki ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda biror ma’lumotlar e’lon qilinsa, ular o‘sha zahoti Shtabimiz tomonidan alohida nazoratga olinadi.
Bunday murojaatlar tezkor ravishda qonun doirasida mukammal o‘rganiladi va ulardagi har bir holatga huquqiy baho beriladi.
Shu o‘rinda, barcha yurtdoshlarimizga ayrim jihatlarni yana bir bor eslatib o‘tmoqchiman.
Saylov qonunchiligini buzish, ya’ni:
– saylov komissiyalarining faoliyatiga aralashish, ularning qarorlarini bajarmaslik;
– nomzodning, ishonchli vakilning, kuzatuvchining yoki siyosiy partiya vakolatli vakilining huquqlarini buzish;
– nomzodlar, siyosiy partiyalar to‘g‘risida yolg‘on ma’lumotlar tarqatish;
– axborot hamda tashviqot materiallarini qasddan yo‘q qilib yuborish yoki ularga qasddan shikast yetkazish;
– saylovni moliyalashtirish tartibini buzish;
– saylov natijalarini e’lon qilish tartibini buzish kabi harakatlar ma’muriy javobgarlikka sabab bo‘ladi.
Ovoz berishning yashirinligini buzish, saylov hujjatlarini qalbakilashtirish, ovozlarni ataylab noto‘g‘ri hisoblash, saylov huquqini amalga oshirishga to‘sqinlik qilish kabi jiddiy qonun buzilishi holatlari esa, jinoiy javobgarlikka asos bo‘ladi.
Fursatdan foydalanib, kimningki, saylash yoki saylanish huquqlari buzilsa yoxud fuqarolarimiz saylov qonunchiligini buzish holatlariga guvoh bo‘lsa, zudlik bilan hududiy prokuratura organlariga yoki Bosh prokuraturaning 1007 ishonch telefoniga murojaat qilishlarini so‘raymiz.
Fuqarolarimizning prokuraturaga bemalol murojaat qilishlari uchun barcha imkoniyat va sharoitlar yaratilgan.
Asosiysi, murojaat qonun doirasida albatta ko‘rib chiqiladi.
Hurmatli jurnalistlar va xalqaro kuzatuvchilarga ham alohida murojaat qilmoqchiman!
Prokuratura organlari saylov jarayonida qonun ustuvorligini ta’minlashga jiddiy e’tibor qaratmoqda va buning uchun barcha sa’y - harakatlarni ro‘yobga chiqarmoqda.
O‘z navbatida, buni ham istisno etmasligimiz kerak – qonun buzilishi holatlari haqidagi hamma ma’lumot ham bizgacha yetib kelmasligi mumkin.
Sizlar bevosita joylarda saylov uchastkalari va okruglarida vaziyatni o‘rganib, saylovchilar, saylov komissiyalari vakillari bilan muloqotdasiz.
Agarda, Sizlarda qonun buzilishi to‘g‘risida biron - bir ma’lumot mavjud bo‘lsa, uni Bosh prokuraturaga taqdim etsangiz, uni zudlik bilan o‘rganib, tegishli baho berilishini ta’minlash choralarini ko‘ramiz.
Biz bunday hamkorlikka tayyormiz. Bundan buyon tushadigan murojaatlar bo‘yicha esa, navbatdagi uchrashuvimizda ma’lum qilinadi.