Pandemiya tufayli yuzaga kelgan murakkab sharoitga qaramasdan, joriy yilning 24-oktabrida ilk bor Saylov kodeksiga binoan, muqobillik asosida, demokratik tamoyillarga muvofiq, ochiq-oshkora o‘tkazilgan Prezident saylovida 16 milliondan ziyod yoki 80,4 foiz saylovchi o‘z xohish-irodasini erkin ifoda etib, ovoz berdi.
Bu, eng avvalo, mamlakatimizda sobitqadamlik bilan amalga oshirilayotgan dadil demokratik islohotlarning, Harakatlar strategiyasida belgilab berilgan vazifalar amalda ro‘yobga chiqayotganining yorqin dalilidir.
Ayni paytda, o‘z bilimi, kuch-g‘ayrati, shijoatini saylovni yuksak saviyada tashkil etishga safarbar etgan o‘n minglab yurtdoshlarimizning zahmati bilan erishilgan ulkan muvaffaqiyatdir. Bu g‘oyat sharafli va mas’uliyatli jarayonning asosiy yuki saylov komissiyalari zimmasiga tushgani tabiiy.
Prezident saylovini katta qiziqish bilan kuzatib borgan xalqaro tashkilotlarning missiyalari, xorijiy davlatlarning mingga yaqin kuzatuvchilari, yuzlab chet ellik jurnalistlar mamlakatimiz saylov qonunchiligi va amaliyotida qisqa muddat ichida amalga oshirilgan muhim o‘zgarishni alohida e’tirof etdilar: O‘zbekistonda erkin demokratik saylovlarni o‘tkazishga qodir zamonaviy va barqaror milliy saylov tizimi yaratilgan!
Real raqobat muhitida o‘tgan Prezident saylovi – ko‘p millatli O‘zbekiston ahli ulug‘ ishlarga qodir buyuk xalq ekanligining yana bir yorqin namoyonidir!
Prezident saylovi, ta’kidlash joizki, tarixi ming yillarga borib taqaluvchi o‘zbek milliy davlatchiligining, Yangi O‘zbekistonning nufuzini yanada yuksaltirdi. Bu mamlakatimizning bugungi taraqqiyoti va porloq kelajagiga xizmat qiladigan muhim omildir.
Barchangizga mustahkam sihat-salomatlik, jonajon Vatanimiz ravnaqi, xalqimiz farovonligi yo‘lidagi ishlaringizda yuksak muvaffaqiyatlar, oilaviy baxt, tinchlik-xotirjamlik tilaymiz!
O‘zbekiston Respublikasi
Markaziy saylov komissiyasi