Ularda mazkur yurt va shu yurtda yashovchi xalqlarning eng ezgu orzu va intilishlari aks etgan bo‘ladi. O‘zbekistonning davlat ramzlari xalqimizning shon-sharafi, tarixiy xotirasi va intilishlarini o‘zida mujassam etib, shu yurtda yashovchi har bir fuqaroga g‘urur, faxr va iftixor bag‘ishlaydi. Binobarin, biz buning kabi ramz va timsollarga deyarli har kuni duch kelamiz: davlat organlari – rasmiy idoralarning peshtoqida shu davlatning gerbi osig‘liq ekanini, bayrog‘i hilpirab turganini ko‘rmagan kishi bo‘lmasa kerak – e’tibor bermagan kishi bo‘lishi mumkin.
Afsuski, ko‘rib turib mohiyatiga yetmaslik ham e’tiborsizlikdan pesh emas. Zotan ramz va timsollarni bilish, qadrlash, ularga munosib hurmat ko‘rsatish ham – vatanparvarlik namunasi bo‘lib hisoblanadi. Davlat bayrog‘i mana shunday ramzlardan biri. Tarixiy manbalarda, ayrim o‘rinlarda uni tug‘, yalov deb ham atalgan. Uning boshimiz uzra hilpirab turishidan nainki g‘urur va iftixor hissini tuyamiz, shuningdek bayrog‘imiz doimo sarbaland bo‘lishi uchun burchlidirmiz.
O‘zida juda katta ma’no-mazmunni mujassam etgan, yuksak did va mahorat bilan puxta ishlangan, o‘zida butun O‘zbekiston xalqining asriy orzu-istaklarini, g‘ayrati va shijoatini, xalqimizga xos insonparvarlikni, ajdodlar yodi hamda millat g‘ururini mujassam etgan bayrog‘imiz sayyoramizdagi barcha mamlakatlarning davlat ramzlari orasida biz uchun alohida hurmat va ehtiromga sazovordir.
Deyarli barcha davlatlar o‘z bayrog‘iga ega va ular xilma-xil. Jumladan mustaqil Vatanimizning ham jahon hamjamiyatida tenglar ichida teng ekanini ifoda etib turguvchi o‘z bayrog‘i bor. O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i — bayroqning butun uzunligi bo‘ylab o‘tgan to‘q moviy rang, oq rang va to‘q yashil rangli uchta endan tarkib topgan to‘g‘ri to‘rtburchak shaklidagi matodir. O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘ining uzunligi 250 santimetrga, kengligi 125 santimetrga teng. Moviy rang, oq rang va yashil rangli enlarning kengligi bir xil. Har bir en 40 santimetrga tengdir. Bayrog‘imizning o‘rtasidagi oq rangli enning chetlaridan kengligi 2,5 santimetrga teng qizil hoshiyalar o‘tkazilgan. Bu esa osoyishtalik, tinchlik va barqarorlik shuningdek bunyodkorlik ramzlaridir.
O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘ining yuqori qismidagi moviy rangli enning yuz tomoni va orqa tomonida dastaga yaqin joyida oq rangli yangi oy va uning yonida o‘n ikkita oq rangdagi besh qirrali yulduz tasvirlangan. Oy bilan yulduzlar tasviri esa hayotning bardavomligini, tadrijiylik va to‘kislik ma’nosini ifodalab turibdi.
Sohibqiron bobomiz Amir Temur ham rang tanlashga juda e’tiborli bo‘lgan ekanlar. Garchi jangu jadallarda boshi uzra islom bayrog‘ini baland ko‘targan bo‘lsalar-da, ko‘chma masjidlarining gumbazini ko‘k va qarorgohlarining qubbasini qizil rangga bo‘yattirganlar. Sababi ko‘k rang Allohning ko‘kdagi, qizil rang esa insonning yerdagi qudratini ifodalar ekan. Oq rang – poklik, beg‘uborlik, soflikni, orzu va hayollar tozaligi, ichki go‘zallikka intilishning timsoli bo‘lib, azal-azaldan sulh va amniyat mazmunini ifodalab keladi.
Umuman insoniyat tarixida bayroqning qachon paydo bo‘lgani va uning ramziy ma’noda istifoda etila boshlagani haqida tugal ma’lumot yo‘q. Faqat Abulqosim Firdavsiyning "Shohnoma" asarida shunga oid bir rivoyat uchraydi. Unda aytilishicha johil va shafqatsiz hukmdor Zaxxokning ikki yelkasidan ikkita ilon o‘sib chiqadi-da, uning boshiga hamla qila boshlaydi. U omonlik topish maqsadida ilonlar bilan sulh tuzishga majbur bo‘ladi. Kelishuvga ko‘ra hukmdor har kuni ikki nafar fuqarosini ilonlarga yemish qilishi shart bo‘lgan – shunday bo‘ladi ham. Bu hol uzoq davom etadi. Oxir-oqibat xalqning sabr kosasi to‘lib toshadi. Ular yurtga va hukmdorga xavf solayotgan ilonlarga qarshi bosh ko‘taradilar. Olomonga temirchi Kova rahbarlik qiladi: u barchani atrofiga to‘plash uchun peshonabandini yechib yalov qilib ko‘targanu kishilik tarixida ilk bayroqqa asos solgan emish.
Bu bir rivoyat, hartugul, bayroq – temirchi Kovaning peshonabandi, degan fikrdan yiroqmiz. Shunday taxmin borligini eslatdik xolos. Biror-bir hujjatda rasman tasdiqlangan bo‘lsa ham boshqa gap edi. Zero, fanda ilmiy tasdiqlanmagan ma’lumot asos bo‘lib xizmat qilmaydi. Ilmiy nazariyalarni ham tarixiy manbalar bilan tasdiqlash, hujjat bilan gapirish lozimligi uqdirilgan. Masalan, Amerika qo‘shma shtatlarining Kapitoliy tepaligida bunyod etilgan Prezident saroyi, XIX asr boshlarida ro‘y bergan yong‘indan so‘ng qayta ta’mirlanib, tashqi bezak ishlariga oq marmardan foydalanganlar. Shundan so‘ng uni "Oq uy" deb atay boshlashgan. Biroq bu atama 1903-yili Teodor Ruzvelt tomonidan maxsus hujjat qabul qilinganidan keyingina rasmiy maqomga ega bo‘lgan.
Bayroq sirtdan qaragan kishiga bir parcha mato bo‘lib ko‘rinishi mumkin. Ammo uning mohiyatiga mo‘ralagan kishi mazmuni – mahzan ekaniga amin bo‘ladi. U xalqning o‘zligini anglatadi, millatning or, g‘urur, iftixor singari tuyg‘ularini o‘zida ifoda etadi. Jahonning yuksak arenalarida sportchilarimiz zafar quchib, buning sharafiga madhiyamiz yangrab, bayrog‘imiz yuqori ko‘tarilgan lahzalarni eslang: bundan sha’nimiz nechog‘li yuksalganini, hech kimdan kam emasligimiz uchun g‘ururimiz qanchalar sarbaland bo‘lganini, shuningdek cheksiz hayajonga tushganligimizni so‘zda ifodalashning imkoni bo‘lmasa kerak.
Bayroq muayyan bir jug‘rofiy hududda yashovchi xalqlarning maqsadlar mushtarakligini, maslaklar hamjihatligini ham o‘zida mujassam etadi. U tarqoq tomonlarni jipslashtirish qobiliyatiga ega kuch va qudrat timsolidir. Bayrog‘ini boy bergan harbiy tuzilma ortiq mavjud bo‘lmaydi – u tarqatiladi. Ikkinchi jahon urushida ishtirok etgan bir otaxon ibratli bir voqeani so‘zlab bergandi: "Tinimsiz yog‘dirilgan o‘q yomg‘iri ostida polkimiz tariqday sachrab ketdi, – deya boshlagandi u mahzun hikoyasini, o‘sha suronli yillarni xotirlab. – Bomba va snaryadlarning portlashidan quloqlar batang bo‘lib, karaxtlik vujudga keldi. Tirik qolgan jangchilarni to‘plash, qarshi hujumga o‘tish lozim edi. Biroq komandirlar qanchalik baqirib chaqirmasin buning imkoni bo‘lmadi. Biz mo‘ljalni yo‘qotib qo‘ygandik. Shu asno kimdir ilma-teshik bo‘lib qolgan polk bayrog‘ini topib kelib boshi uzra baland ko‘tardi: "Jangovar bayroq ostida to‘plan!" – degan buyruq yangradi. Ajabo, shu lahza jangchilarda jonlanish paydo bo‘ldi, ong ravshanlashdi – ko‘p o‘tmay jang qilishga qodir jangchilar yana safga tizildilar va biz kurashga kirdik, g‘alabaga erishdik!"
E’tibordan soqit qilib bo‘lmaydigan yana bir haqiqat shuki, bayroq johillar qo‘lida tajovuz timsoli bo‘lib hilpirashi ham mumkin. Zotan, shamolga farqi yo‘q, yo‘lida uchragan matoni hilpirataveradi. Kishilik tarixida kechgan bosqinchilik yurishlariga nazar tashlasak, bunga yanada amin bo‘lamiz. Masalan ikkinchi jahon urushi yillari, fashizm bayrog‘i ostida ellik millionga yaqin insonning yostig‘i quridi. Odamning bosh chanog‘i va ikkita suyakning tasviri aks etgan dengiz qaroqchilarining bayrog‘i qanchadan-qancha yo‘lovchi va yuk tashuvchi kemalarga xavf-xatar solgani ham ayni haqiqat. Hozirda ham ochiq okeanlarda mana shunday qaroqchi kemalar davlatlararo qatnaydigan yuk kemalariga bosqinlar uyushtirib kelayotgani sir emas.
Ekstremistik tashkilotlar, terroristik uyushmalarning ham o‘z bayroqlari bor: ular ham ana shu bayroqlarini ezgulik xarobalari ustida o‘rnatib, uning ta’sir doirasini – jaholat ko‘lamini kengaytirish istagidalar. Ammo yovuzlikning umri hech qachon uzoqqa cho‘zilmagan, safari – qisqa. Erksevar insonlar hech qachon tajovuzkor kuchlarga tobe bo‘lmagan. Najmiddin Kubro singari ulug‘ alloma bobomiz ham mo‘g‘ul bosqinchilarining iltifotini qabul qilmay. "Vatan ozodligi yo sharafli o‘lim!" deya jang maydoniga chiqqan. Tarixchilarning shahodat berishlaricha, og‘ir jarohatlanib yerga qulayotgan alloma, o‘limi oldidan yovning yalovini (bayrog‘ini) yulib olib, oyoqlar ostiga uloqtirgan ekan.
Basharti, ezgulikka xizmat qilmaydigan har qanday ramz va timsollar oxir-oqibat shu ko‘yga tushadi – oyoqlar ostida toptaladi. Basharti, shamolda hilpiragan har qanday matoga bayroq deb qarab bo‘lmaydi. Kim bayrog‘ini qayerga qo‘ndirmoqchi, u yerda nima ekib, nima undirmoqchi, bu borada – ogohlikni qo‘ldan qo‘ymaslik lozim. Inchunun, bu masalada bizning mustahkam maqsad va muddaomiz bor. U davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning: “Hech shubhasiz, o‘z kuchimiz va imkoniyatlarimizga bo‘lgan ishonch bizni Uchinchi Renessans poydevorini yaratishdek ezgu maqsad yo‘lida birlashtirib, yanada kuchli va mustahkam qilmoqda. Bu intilishlar ulkan amaliy ishlarga aylanib, buyuk xalq harakati tobora kengayib bormoqda...
Ortimizda tog‘dek tayanch va suyanch bo‘lib turgan ko‘pmillatli xalqimiz, hayot yo‘llarida to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatadigan moʻtabar nuroniylarimiz, mehnatkash, oqila opa-singillarimiz, ilg‘or va zamonaviy fikrlaydigan, dunyoda hech kimdan kam bo‘lmagan azmu shijoatli yoshlarimiz bor. Eng muhimi, jamiyatimizda tinchlik-osoyishtalik, millatlararo totuvlik, bag‘rikenglik va mehr-oqibat muhiti hukm surmoqda...
Biz barchamiz “Yangi O‘zbekistonda erkin va farovon yashaylik!” degan yagona maqsad atrofida birlashib, mas’uliyat va javobgarlikni chuqur his etgan holda, fidokorona mehnat qilib, o‘z orzu-maqsadlarimizga, inshoolloh, erishamiz” – degan so‘zlarida o‘z aksini topgan. Demakki, maqsadimiz uchinchi Renessans poydevorini yaratish, Yangi O‘zbekistonda erkin va farovon yashash hamda taraqqiyot cho‘qqilari sari yuksalish ekan bayrog‘imiz ham balandga bo‘ylab, yuksaklarda hilpirayveradi.
Xudoyor MAMATOV,
Markaziy saylov komissiyasi kotibi,
Yuridik fanlar doktori, professor