Joriy yilning 6 dekabr kuni Markaziy saylov komissiyasi hamda Toshkent Davlat yuridik universiteti bilan hamkorlikda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatining Kengashlari 2021 yil 7 iyundagi qarori bilan tasdiqlangan “Aholining elektoral madaniyatini yuksaltirish milliy dasturi" ijrosi yuzasidan “Yo‘l xaritasi”ning 7-bandiga muvofiq “O‘zbekiston Respublikasida Senator saylovini o‘tkazishning o‘ziga xos xususiyatlari” mavzusida mahorat darsi tashkil etildi. Mahorat darsini MSK a’zosi B.Yunusov hamda TDYUU Konstitusiyaviy xukuk kafedrasi professori v.b. yu.f.d. I. Bekovlar olib borishdi.
Malumki, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati hududiy vakillik palatasi hisoblanadi. Senat o‘z faoliyatini mintaqaviy muammolarni umumdavlat manfaatlari bilan uyg‘un holda hal etishga qaratadi. Senatning vakolat muddati — besh yil.
Senat a’zolari Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan teng miqdorda — olti kishidan saylanadi. Senatga saylov Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, mahalliy Kengashlar deputatlarining tegishli qo‘shma majlislarida mazkur deputatlar orasidan yashirin ovoz berish yo‘li bilan o‘tkaziladi.
Senatning o‘n olti nafar a’zosi fan, san’at, adabiyot, ishlab chiqarish sohasida hamda davlat va jamiyat faoliyatining boshqa tarmoqlarida katta amaliy tajribaga ega bo‘lgan hamda alohida xizmat ko‘rsatgan eng obro‘li fuqarolar orasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tayinlanadi.
Senat a’zolarining saylovi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, mahalliy Kengashlar deputatlari saylanganidan keyin bir oydan kechiktirmay o‘tkaziladi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining, mahalliy Kengashning saylov kuni yigirma besh yoshga to‘lgan hamda kamida besh yil O‘zbekiston Respublikasi hududida muqim yashayotgan deputati Senat a’zoligiga saylanish uchun nomzod bo‘lishi mumkin.
Mamlakatimizda Oliy Majlis Senati a’zolari saylovlarining qonun talablari asosida demokratik prinsiplar asosida o‘tkazilishi va Parlament yuqori palatasiga har tomonlama munosib nomzodlar saylanishi Senatning hududlar manfaatlarini umumdavlat manfaatlari bilan uyg‘un holda ro‘yobga chiqarishdagi faoliyatini yangi bosqichga olib chiqishda muhim rol o‘ynaydi.
Markaziy saylov komissiyasi
Matbuot xizmati