Saylovda konstitusiyaviy normalar va xalqaro saylov standartlariga binoan O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti davriylik prinsipi asosida saylandi.
Bu O‘zbekiston Respublikasining umum e’tirof etilgan xalqaro demokratik saylov tamoyillariga sadoqatining amaldagi yana bir isbotidir.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi xalqaro mezonlar va standartlarga mos milliy saylov qonunchiligimizga, unda belgilangan ochiqlik, oshkoralik, erkinlik va adolat kabi umume’tirof etilgan demokratik prinsiplarga to‘la mos holda, ko‘tarinki ruhda o‘tkazildi.
Bu, eng avvalo, mamlakatimizda sobitqadamlik bilan amalga oshirilayotgan dadil demokratik islohotlarning, Harakatlar strategiyasida belgilab berilgan vazifalar amalda ro‘yobga chiqayotgani va yuksak samaralar berayotganining yorqin dalilidir.
Ayni paytda, yaratilgan ana shunday keng sharoit va ulkan imkoniyatlardan foydalanib, o‘z bilimi, kuch-g‘ayrati, shijoatini saylovni yuksak saviyada tashkil etishga safarbar etgan o‘n minglab yurtdoshlarimizning zahmati bilan erishilgan ulkan muvaffaqiyatdir.
Bu g‘oyat sharafli va mas’uliyatli jarayonning asosiy yuki saylov komissiyalari zimmasiga tushgani tabiiy. Beshta siyosiy partiya va ularning nomzodlari o‘rtasida muqobillik asosida va ryeal raqobat muhitida o‘tgan saylov O‘zbekistonda erkinlik va dyemokratiya amalda mustahkamlanib borayotganining yorqin namoyishiga aylandi.
So‘nggi besh yil mobaynida mamlakatimiz milliy saylov qonunchiligida jiddiy o‘zgarishlar yuz berdi. Nufuzli xalqaro ekspertlar ta’kidlaganidek, Yangi O‘zbekistonda saylov qonunchiligini izchil takomillashtirish hamda saylovlarni o‘tkazish amaliyoti sifat jihatidan yangi pog‘onaga ko‘tarildi.
Bu galgi Prezident saylovi ilk bor 2019-yilda qabul qilingan Saylov kodeksi asosida o‘tdi.
Saylov qonunchiligiga shu yilning 8-fevral va 31-may kunlari kiritilgan o‘zgartishlar va qo‘shimchalarga binoan, eng avvalo, saylov jarayoni ishtirokchilari, ya’ni saylovchilar, siyosiy partiyalar, saylov komissiyalari, ommaviy axorot vositalari hamda kuzatuvchilarning huquqlari va kafolatlari sezilarli darajada kengaytirildi. Zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy etish orqali saylov jarayonlarini boshqarish tizimi yanada takomillashtirildi.
Barcha darajadagi saylov komissiyalari o‘z ishini Saylov kodeksi talablariga binoan, qonuniylik, mustaqillik, xolislik, ochiqlik, oshkoralik va shaffoflik tamoyillariga to‘la amal qilgan holda tashkil etdi.
Siyosiy partiyalar va Prezidentlikka nomzodlar uchun saylov kampaniyasi davrida saylovoldi tashviqoti uchun teng va keng imkoniyatlar yaratildi.
Saylov uchastkalarida pandemiya sharoitida aholi salomatligini ishonchli muhofaza qilish, saylovchilar va saylov jarayoni boshqa ishtirokchilarining xavfsizligini ta’minlash uchun zarur sharoitlar yaratildi.
Shuni alohida ta’kidlamoqchimanki, ayni kuz fasli bo‘lishiga qaramay, saylov kuni ona O‘zbekistonimizning barcha hududlarida, Yaratganning inoyati bilan, mayin ko‘klam quyoshining charaqlab turgani ham saylovchilarimizga bahoriy kayfiyat, ko‘tarinki ruh va ulkan ishonch bag‘ishladi. Fuqarolarning saylovda faol va erkin ovoz berishida muhim omil bo‘ldi.
Ayni paytda, saylovchilarning bu faolligi joriy yilda milliy saylov qonunchiligimizga xalqimiz bilan bamaslahat kiritilgan o‘zgartirishlarga binoan saylov kunining qorli-qirovli sovuq dekabridan mutadil oktyabr oyiga ko‘chirilishi g‘oyat to‘g‘ri ish bo‘lganligining amaldagi yana bir dalolatidir.
Prezident saylovini nufuzli xalqaro tashkilotlar, jumladan, Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotning Parlament Assambleyasi hamda Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi, Shanxay Hamkorlik Tashkiloti, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi va MDH Parlamentlararo Assambleyasi, Turkiy tilliy davlatlar Hamkorlik Kyengashi, Turkiy Kyengash Parlament Assambleyasi hamda Islom Hamkorlik Tashkiloti kabi yigirmaga yaqin xalqaro tashkilotdan va ellikka yaqin xorijiy davlatdan jami mingga yaqin xalqaro kuzatuvchi hamda 1672 nafar mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalarining vakillari bevosita kuzatib va yoritib bordi.
Xalqaro kuzatuvchilar va ommaviy axborot vositalarining bunday keng ko‘lamli ishtiroki O‘zbekistonda o‘tgan saylovlar tarixidagi rekord ko‘rsatkichdir.
Shuningdek, saylovda ishtirok etgan beshta siyosiy partiyadan va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlaridan qariyb 64,5 ming nafar vakil saylovni bevosita kuzatib bordi.
Birinchi marta mamlakatimizning tuman va shaharlaridagi 207 saylov uchastkasiga o‘rnatilgan 414 videokamera orqali uzatilgan onlayn translyasiyani millionlab odamlar kuzatish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
Shuningdek, minglab saylov uchastkalaridan jurnalistlar tomonidan tele- va radio, foto reportajlar, intervyular va xabarlar muntazam uzatib turildi. Internetdagi ijtimoiy tarmoqlar, veb-saytlar orqali butun dunyoga namoyish qilindi.
Saylov kampaniyasi davrida Markaziy saylov komissiyasining Matbuot markazi va uning hududiy bo‘limlarida saylov jarayonining barcha ishtirokchilari uchun keng media-maydon yaratildi. Ularda yuzlab matbuot anjumanlari, brifinglar, intervyular, seminarlar, uchrashuvlar o‘tkazildi.
Tadbirlarda O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining rahbarlari, Oliy sudi raisi, Bosh prokurori, Ichki ishlar, Axborot texnologiyalari va kommunikasiyalarini rivojlantirish vazirlari, okrug saylov komissiyalari raislarining axborotlari tinglandi.
Saylov kampaniyasiga start berilgan kundan buyon xorijiy va mahalliy ommaviy axborot vositalarida 76 mingdan ortiq materiallar e’lon qilindi.
Markaziy saylov komissiyasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha asosiy tadbirlar dasturi qabul qilingani va izchillik bilan amalga oshirilgani saylovlarni qonun talablari asosida, yuksak tashkiliy darajada o‘tkazishni ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etdi.
Bu yilgi Prezident saylovining o‘ziga xos jihatlaridan yana biri – bu saylovchilarimizning fuqarolik mas’uliyati, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan tub islohotlarga daxldorlik tuyg‘usining yanada oshganligi bilan bog‘liq.
Saylov O‘zbekiston xalqining yuksalib borayotgan siyosiy tafakkurini, ijtimoiy faolligi va madaniy saviyasini yana bir bor yaqqol namoyon etdi, desak ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz. Zero, saylov o‘zining, farzandlarining ertasini o‘ylagan millat, xalq hamda Vatanini sevgan har bir sadoqatli inson uchun ulkan imkoniyatdir.
Saylovchilar ro‘yxatiga kiritilgan 20 milliondan ortiq saylovchidan 80,4 foizdan ko‘prog‘i ishtirok etgani buning dalilidir.
Saylovda konsullik ro‘yxatida turgan turmaganligidan qat’i nazar, xorijda istiqomat qilayotgan barcha vatandoshlarimiz uchun 37 davlatda tashkil etilgan 54 saylov uchastkasida ovoz berish imkoniyati yaratildi. Avvallari faqat konsullik vakolatxonalaridan rasman ro‘yxatdan o‘tgan O‘zbekiston fuqarolarigina saylovlarda qatnashardi.
Siyosiy partiyalar tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga ko‘rsatilgan nomzodlar saylovchilarning quyidagi miqdordagi ovozini oldi:
O‘zbekiston “Adolat” sosial-demokratik partiyasidan nomzod Bahrom Abduhalimov – 3,39 foiz;
O‘zbekiston Ekologik partiyasidan nomzod Narzullo Oblomuradov – 4,14 foiz;
O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasidan nomzod Alisher Qodirov – 5,48 foiz;
O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasidan nomzod Maksuda Varisova – 6,63 foiz;
Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan nomzod Shavkat Mirziyoyev – 80,12 foiz.
O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksiga ko‘ra, ovoz berishda ishtirok etgan saylovchilarning 50 foizdan ortig‘ining ovozini olgan nomzod Prezident etib saylangan, deb hisoblanadi.
Ushbu ma’lumotlarga tayanib, Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan nomzod Shavkat Mirziyoyev saylovchilarning eng ko‘p – 80,12 foiz ovozini olib, ishonchli g‘alaba qozondi va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti etib saylandi.
Xalq ishonchi va mehrini qozonish inson uchun eng oliy saodatdir!
Shavkat Miromonovichning eng oliy martaba va ana shunday oliy saodatga ikkinchi marotaba musharraf bo‘lgani bag‘rikeng davlat rahbarining fuqarolar huquq va erkinliklarini, xavfsizligi va farovonligi, qonuniy manfaatlarini ta’minlash, bir so‘z bilan aytganda, inson qadr-qimmatini yuksaltirish borasida uzoqni ko‘zlab yuritayotgan siyosatiga xalqimizning bergan yuksak bahosidir.
Bu bag‘rikenglik nafaqat saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish jarayonida, balki saylovdan keyin ham yanada yorqin namoyon bo‘ldi. Davlatimiz rahbari muqobillik asosida o‘tgan saylovda boshqa partiyalardan ko‘rsatilgan nomzodlarning kelgusi faoliyatlariga omad tilar ekan, biz kuni kecha o‘zaro raqobat qilgan bo‘lsak, endi barcha orzu-intilish va harakatlarimizni birlashtirib, jonajon Vatanimiz ravnaqi yo‘lida faol hamkorlik qilamiz, deb alohida ta’kidladi.
Dunyodagi eng osoyishta, eng barqaror va eng gurkirab rivojlanayotgan demokratik mamlakatlardan biri sifatida tan olingan Yangi O‘zbekistonimizga hech qachon ko‘z tegmasin.
Zayniddin NIZAMXODJAYEV,
O‘zbekiston Respublikasi
Markaziy saylov komissiyasi Raisi,
O‘zbekiston Qahramoni
(Manba: “Guliston” jurnali, 2021-yil 5-son)