• eye Maxsus imkoniyatlar
Hamdo‘stlik mamlakatlari saylov organlari o‘rtasidagi hamkorlik yanada mustahkamlanmoqda
15.12.2021
1778
Mustaqil davlatlar hamdo‘stligiga a’zo davlatlarning saylov organlari rahbarlarining Maslahat kengashini shakllantirish bo‘yicha ekspert guruhining navbatdagi yig‘ilishi videokonferens aloqa orqali bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilishda MDH Ijroiya qo‘mitasi va MDH PA Kengashi Kotibiyatining mas’ul xodimlari, Armaniston, Belarus, Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Tojikiston, Turkmaniston va O'zbekiston Respublikalari hamda Rossiya Federasiyasining markaziy saylov organlari va tashqi ishlar vazirliklarining vakillari ishtirok etdilar.

Ekspert guruhi yig‘ilishini MDH Ijroiya qo‘mitasi tashkiliy departamenti direktori I.A.Graxovskiy ochdi. Yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi raisining o‘rinbosari  B.T.Kuchkarov raislik qildi.

O‘zbekiston tomonidan ilgari so‘rilgan MDHga a’zo davlatlarning saylov organlari rahbarlarining Maslahat kengashini tuzish tashabbusi MDHga a’zo davlatlari tomonidan qo‘llab-quvvatlandi. Bo‘lajak Maslahat kengashi MDHning davlatlararo organi bo‘lib, Hamdo‘stlik mamlakatlari saylov organlari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish va ularning saylov va referendumlarni xalqaro majburiyatlar va qonun hujjatlariga muvofiq o‘tkazish sohasidagi tajribasini hisobga olgan holda a’zo davlatlarda saylov jarayonini takomillashtirishga ko‘maklashishi ko‘zda tutilmoqda.

Yig‘ilish ishtirokchilari Saylov organlari rahbarlarining Maslahat kengashi va uni shakllantirish to‘g‘risidagi Bitim loyihalari bo‘yicha Belarus Respublikasi, Qirg‘iziston Respublikasi va Rossiya Federasiyasidan kelib tushgan taklif va mulohazalarni ko‘rib chiqdilar. Muhokama yakunlariga ko‘ra, ekspertlar Bitim loyihasi matni bilan kelishib oldilar va belgilangan tartibda uni a’zo davlatlarga ichki kelishish tartib-tamoyillarini o‘tkazish uchun yuborish to‘g‘risida qaror qabul qildilar.

Ichki kelishuv tartib-tamoillar o‘tkazilgach Bitim loyihasi belgilangan tartibda MDH Davlat rahbarlari kengashiga ko‘rib chiqishi uchun kiritiladi.

Ekspert guruhi yig‘ilishida MSKning  doimiy a’zosi G.Rahimova hamda xalqaro hamkorlik bo‘limi boshlig‘i M.Alimboyevlar ishtirok etdilar.

 

MSK Matbuot xizmati