Majlisda Markaziy saylov komissiyasining 2021 yil ikkinchi yarim yilligida amalga oshirilgan ishlari yuzasidan axboroti va Markaziy saylov komissiyasining 2022 yil birinchi yarim yilligiga mo‘ljallangan ish rejasi to‘g‘risidagi masalalar ko‘rib chiqildi.
Komissiya a’zolari dastlab Markaziy saylov komissiyasining 2021 yil ikkinchi yarim yilligida amalga oshirilgan ishlari yuzasidan axborotini ko‘rib chiqdilar.
Qayd etilganidek, Markaziy saylov komissiyasining 2021 yil ikkinchi yarim yillikdagi faoliyati O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyasi, Saylov kodeksi, Markaziy saylov komissiyasining 2021 yil ikkinchi yarim yilligiga mo‘ljallangan ish rejasi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha asosiy tadbirlar dasturi hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazish bo‘yicha kalendar rejaga muvofiq tashkil etildi va amalga oshirdi.
2021 yil ikkinchi yarim yilligida Markaziy saylov komissiyasi faoliyati asosan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishga qaratildi. Saylovni milliy qonunchilik va umume’tirof etilgan xalqaro standartlarga muvofiq, erkin va demokratik, ochiq va oshkora tarzda o‘tkazish uchun Markaziy saylov komissiyasi tomonidan barcha tashkiliy choralar ko‘rildi. Belgilangan tadbirlarni muddatida va yuqori darajada bajarilishi ta’minlandi.
Saylov uchastkalarida pandemiya sharoitida aholi salomatligini ishonchli muhofaza qilish, saylovchilar va saylov jarayoni boshqa ishtirokchilarining xavfsizligi ta’minlash maqsadida maxsus yo‘riqnoma ishlab chiqildi.
Saylov komissiyalari a’zolarining malakasini oshirishni tashkil etish haqidagi konsepsiyaga muvofiq, saylov komissiyalari a’zolarining saylov qonunchiligi va amaliyoti bo‘yicha nazariy bilim va amaliy ko‘nikmalarini yanada yuksaltirish maqsadida kaskad usulida o‘quv-seminarlari tashkil etildi.
Shuningdek, saylov komissiyalari faoliyatida zamonaviy axborot texnologiyalaridan samarali foydalanish, saylovchilarning yagona elektron ro‘yxati bilan ishlashda xato-kamchiliklarga yo‘l qo‘ymaslik hamda “Bir saylovchi – bir ovoz” tamoyilini ta’minlash maqsadida Saylov jarayonini boshqarish axborot tizimi operatorlarini tayyorlash bo‘yicha kaskad usulidagi o‘quvlar o‘tkazildi.
Saylov kampaniyasi davrida saylovchilarga o‘z saylov uchastkasini aniqlash va o‘zgartirish bo‘yicha interfaol xizmat ko‘rsatish yo‘lga qo‘yildi.
Markaziy saylov komissiyasining yangilangan rasmiy veb-sayti hamda O‘zbekiston Respblikasi Prezidenti sayloviga bag‘ishlangan saylov2021.uz axborot veb-portali ishga tushirildi. Saylov komissiyalari a’zolari va saylovchilar uchun qulaylik yaratish maqsadida saylovga oid bracha ma’lumotlarni o‘z ichiga qamrab olgan maxsus Saylov 2021 mobil ilovasi ishlab chiqildi.
Saylovchilarning saylov to‘g‘risida xabardor qilish, ularning elektoral madaniyatini yuksaltirish maqsadida Markaziy saylov komissiyasi tomonidan respublika bo‘yicha keng ko‘lamli axborot-tushuntirish ishlari olib borildi. Axborot materiallari bir necha tillarda chop etilishi, shuningdek rasmiy veb-saytga joylashtirilishi ta’minlandi. Imkoniyati cheklangan saylovchilarni saylovda to‘laqonli ishtirok etishini ta’minlash maqsadida qator tashkiliy tadbirlar amalga oshirildi.
Saylov jarayonlarida ommaviy axborot vositalari va kuzatuvchilar faoliyati uchun barcha sharoitlar yaratildi. Saylov kampaniyasi davrida Markaziy saylov komissiyasining Matbuot markazi va uning mintaqaviy bo‘linmalarida malakali jurnalistlar va ekspertlar faoliyat yuritdi.
Saylovni kuzatgan YeXHT DIIHB o‘zining dastlabki xulosasida COVID-19 pandemiyasi bilan bog‘liq muammolarga qaramay, Markaziy saylov komissiyasi o‘z faoliyatini qonun hujjatlarida belgilangan muddatlarda professional va samarali amalga oshirdi, ilk bor ochiq majlislar o‘tkazib, qarorlarini o‘z vaqtida e’lon qildi, bu bilan esa, u saylov jarayonining oshkora bo‘layotganligini ko‘rsatib berdi deb ta’kidladi.
Bu e’tirof bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga mamlakat miqyosida ko‘rilgan tayyorgarlikka berilgan munosib baho bo‘ldi.
Majlisda Markaziy saylov komissiyasining 2021 yil ikkinchi yarim yilligida amalga oshirilgan ishlari yuzasidan tayyorlangan axborot keng muhokama qilinib, Komissiya a’zolari tomonidan ma’qullandi.
Majlisda Markaziy saylov komissiyasining 2022 yildagi ustuvor vazifalari belgilab olindi hamda 2022 yilning birinchi yarim yilligiga mo‘ljallangan ish rejasi tasdiqlandi.
Markaziy saylov komissiyasining ish rejasi Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi boshlab bergan milliy rivojlanishimizning yangi bosqichida Komissiya faoliyatini “inson – jamiyat – davlat” degan yangi tamoyil asosida samarali tashkil etish, belgilangan ustuvor vazifalarni tizimli amalga oshirish hamda ularning natijadorligini ta’minlashga qaratilgan.
Komissiya a’zolari kelgusi yilda amalga oshiriladigan ishlar, muhim vazifalarni muhokama etar ekanlar, saylovlarni tashkil etish va o‘tkazish, norma ijodkorligi, saylov jarayonlari va saylov qonunchiligini qo‘llash amaliyotini tahlil qilish, Markaziy saylov komissiyasi faoliyatining ochiqligini ta’minlash, saylov tizimi va saylov jarayonlarini keng yoritish, jamoatchilik bilan aloqalarni mustahkamlash, saylov tizimiga axborot-kommunikasiya texnologiyalarini keng joriy qilish, saylov jarayonlariga zamonaviy o‘quv texnologiyalari va uslubiy yondashuvlarni tadbiq etish, xalqaro hamkorlik yo‘nalishida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlarga alohida etibor qaratdilar.
Kun tartibiga kiritilgan masalalar yuzasidan Markaziy saylov komissiyasining tegishli qarorlari qabul qilindi.
Markaziy saylov komissiyasi
Matbuot xizmati