• eye Maxsus imkoniyatlar
MSK shahar/tuman saylov komissiyalarining faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha bir qator ishlarni olib bormoqda
20.01.2022
1465
Ma’lumki, Markaziy saylov komissiyasi 2021-yil 29-dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining 2022 yil birinchi yarim yillikka mo‘ljallangan ish rejasini tasdiqladi. Ayni kunlarda ish rejada belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash bo‘yicha mas’ullar bilan hamkorlikda ish olib borilmoqda.

Ana shunday ishlardan biri “Xalq deputatlari mahalliy Kengashlariga saylov o‘tkazish bo‘yicha viloyatlar (shahar/tuman) va Toshkent shahar saylov komissiyalari faoliyatini tartibga soluvchi namunaviy reglament loyihasini ishlab chiqish bo‘lib, ushbu hujjat loyihasiga xalq deputatlari mahalliy Kengashlariga saylov o‘tkazuvchi viloyat (shahar/tuman) saylov komissiyalarining faoliyatini takomillashtirish bilan bog‘liq masalalarni kiritish belgilanmoqda.

Bu xususda so‘z yuritganda  “Saylov kodeksiga kiritilgan o‘zgartishga asosan shahar/tuman Kengashiga saylov o‘tkazuvchi okrug saylov komissiyalari faoliyati tugatilganligiga alohida e’tibor qaratish kerak”, - deydi Markaziy saylov komissiyasi doimiy asosda ishlovchi a’zosi  Bahodirjon Yunusov, - “2019 yildagi saylovda 5739 ta shahar/tuman Kengashiga saylov o‘tkazuvchi okrug saylov komissiyasi faoliyat yuritgan edi. Kyelgusida mahalliy Kengashlarga o‘tkaziladigan saylovlarda ushbu okrug saylov komissiyalarining vakolatlarini ham tegishlicha shahar/tuman saylov komissiyalari bajarishlari lozim bo‘ladi. Namunaviy Reglament loyihasini ishlab chiqishda ushbu masalalarga ham oydinlik kiritiladi".

Shu o‘rinda hududlarda saylov komissiyalari Saylov Kodeksidagi ushbu yangiliklarni amaliyotda qanday qo‘llayotganliklarini o‘rganish, tahlil qilish hamda zarur takliflarni ishlab chiqish maqsadga muvofiq hisoblanadi. Ayni kunlarda ushbu masalani Saylov kodeksi talablari asosida o‘rganish va haqiqiy holatni tahlil qilib zarur takliflar ishlab chiqish bo‘yicha ish olib borilmoqda.

Saylov komissiyalarining faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha me’yoriy hujjatlariga taklif ishlab chiqishda birinchi navbatda hududlarda faoliyat olib borayotgan saylov komissiyalari tarkibi, ularning faoliyati muhim hisoblanadi.

Shu maqsadda Markaziy saylov komissiyasida har yangi yilning boshidan saylov komissiyalari tarkibi tahlil qilib chiqiladi. Bugungi kunda viloyat, shahar/tuman saylov komissiyalarining ro‘yxatlari, ularning telefon raqamlari va ma’lumotlari shakllantirilgan. Keyingi oylarda ushbu saylov komissiyalari bilan onlayn seminar o‘tkazish ham rejalashtirilgan.

Dastlabki tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, shahar/tuman saylov komissiyalari tarkibi Saylov kodeksiga kiritilgan yangi o‘zgartishga asosan 21 nafargacha emas, balki 11 nafarga qadar tuzilganligi ma’lum bo‘lmoqda. Shuning uchun, kelgusida komissiya tarkibini kengaytirish, ularni tayyorlash, malakasini oshirish bilan bog‘liq masalalarni hal qilish lozim bo‘ladi. Aynan shu masalalar kelgusida saylovlarga tayyorgarlik ko‘rishda hal qilinishi lozim bo‘lgan dolzarb masalalar sirasiga kiradi.

 

Markaziy saylov komissiyasi

Matbuot xizmati