• eye Maxsus imkoniyatlar
Toshkent Davlat Transport universitetida onlayn seminar mashg‘uloti
28.01.2022
673
Jamiyatning demokratiya yo‘lidan jadal rivojlanishi va bu borada amalga oshirilayotgan islohotlarning muvaffaqiyati ko‘p jihatdan fuqarolarning huquqiy ongi va huquqiy madaniyati darajasiga bog‘liq. Mamlakatimizda barcha sohalarda olib borilayotgan islohotlarning mohiyatini anglash, ushbu jarayonda ishtirok etish fuqarolarning huquqiy madaniyati yuqori bo‘lishini taqozo etadi.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyasining ikkinchi bo‘limi “Inson va fuqarolarning asosiy huquqlari, erkinliklari va burchlari” deb nomlangan, ushbu bo‘lmning 8-bobi “Siyosiy huquqlar”ga bag‘ishlangan bo‘lib, 32-moddasida fuqarolarning jamiyat va davlat boshqaruvidagi ishtiroki haqidagi norma belgilangan.

Unga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasining fuqarolari jamiyat va davlat ishlarini boshqarishda bevosita hamda o‘z vakillari orqali ishtirok etish huquqiga egadirlar. Bunday ishtirok etish o‘zini o‘zi boshqarish, referendumlar o‘tkazish va davlat organlarini demokratik tarzda tashkil etish, shuningdek davlat organlarining faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini rivojlantirish va takomillashtirish yo‘li bilan amalga oshiriladi.

 Shuningdek, Konstitusiyaning 117-moddasida O‘zbekiston Respublikasining fuqarolari davlat hokimiyati vakillik organlariga saylash va saylanish huquqiga ega ekanligi, har bir saylovchi bir ovozga egaligi, ovoz berish huquqi, o‘z xohish irodasini bildirish tengligi va erkinligi qonun bilan kafolatlanishi belgilab qo‘yilgan.

Mazkur normalarni hayotga tadbiq etish maqsadida Yagona Saylov Kodeksi ishlab chiqilgan.

Yuqoridagilarni inobatga olgan xolda, Markaziy saylov komissiyasi tashabbusi bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashining va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining 2021 yil 7 iyundagi Qo‘shma qarori bilan tasdiqlangan Aholining elektoral madaniyatini yuksaltirish bo‘yicha Milliy harakatlar dasturi ijrosini ta’minlash doirasida Toshkent Davlat Transport universiteti talabalari uchun onlayn seminar tashkil etildi.

MSK a’zosi B.Yunusov tomonidan olib borilgan seminarda saylov Kodeksining qabul qilinishi, tuzilishi, asosiy qoidalar mamlakatimizda o‘tkaziladigan saylovlar, xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi, parlament deputatlari, mahalliy Kengashlarga saylovlar haqida ma’lumotlar berildi.

Shuningdek, saylovlarni ochiq, oshkora o‘tkazilishi, saylov komissiyalari faoliyati, siyosiy partiyalar ishtiroki, kuzatuvchilar hamda ommaviy axborot vositalari faoliyati bilan bog‘liq normalar va ularni amalga oshirish usullari xususida so‘z yuritildi.

Seminar davomida tinglovchilarga animasion va videoroliklar yordamida saylov jarayonlarini o‘tkazish tajribasi amaliy misollar bilan yoritib berildi.

Shuningdek, 150 nafar tinglovchi ishtirok etgan seminarda SYAER, kelgusida bo‘lib o‘tadigan saylovlar,  saylov yoshi to‘g‘risidagi  savollarga batafsil javob berildi.