Markaziy saylov komissiyasi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasining butun hududida Saylov kodeksning bir xil tarzda qoʻllanilishini taʼminlash hamda boʻshab qolgan oʻrinlarga xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari deputatlarining saylovini oʻtkazishda saylov tashkilotchilarining bilim va koʻnikmalarini mustahkamlash maqsadida 1,4-5 -mart kunlari “Boʻshab qolgan oʻrinlarga mahalliy Kengash deputatlari saylovini oʻtkazishning dolzarb masalalari” mavzusidagi oʻquv seminarlarini oʻtkazish belgilangan.
Bugun mazkur oʻquv seminarning birinchi kuni Zoom platformasi orqali boʻlib oʻtmoqda. Unda, Markaziy saylov komissiyasi raisi Zayniddin Nizamxodjayev, Kotibiyat mudiri Xudoyor Mamatov, doimiy aʼzolar Suyarjon Kurbankulov, Baxodir Yunusov hamda oʻquv markazi rahbari Xolmuhammad Paluaniyazov ishtirok etmoqda.
Onlayn oʻquv seminarida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi, Toshkent shahar va viloyat saylov komissiyasi, raisi, oʻrinbosari, kotibi hamda boshqa mutasaddilar qatnashmoqda.
Seminarlar davomida, “Mahalliy Kengashlar tomonidan boʻshab qolgan oʻrinlarga saylovni tayinlash tartibi. Saylovlar boʻyicha, Chora-tadbirlar rejasini tasdiqlash. Saylovni moliyalashtirish. Komissiya aʼzolariga ish haqi toʻlash.”, “Saylov komissiyalarining vazifalari. Boʻshab qolgan oʻrinlarga mahalliy Kengashlar deputatlari saylovini eʼlon qilish. Siyosiy partiyalar hujjatlarini qabul qilish” kabi mavzularda maʼruzalar tingladi.