• eye Maxsus imkoniyatlar
Press reliz
01.03.2022
820
2022-yil 27-fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining doimiy a’zolari G.Rahimova, S.Qurbankulov, B.Yunusovlar Belarus Respublikasi Konstitusiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish masalasi bo‘yicha respublika referendumini xalqaro miqyosda kuzatishda ishtirok etdilar.

Belarus Respublikasining Saylovlar va Respublika referendumlarini o‘tkazish bo‘yicha Markaziy komissiyasi (keyingi o‘rinlarda Belarus Markaziy komissiyasi deb yuritiladi) referendumda ishlash uchun 194 nafar xalqaro kuzatuvchini akkreditasiyadan o‘tkazdi.

O‘zbekiston MSK a’zolari Belarus Markaziy komissiyasining taklifiga binoan hamda  MDH va SHHT kuzatuvchilari missiyalari tarkibida xalqaro kuzatuvchilar sifatida ishtirok etdilar.

Belarus Markaziy komissiyasi, 153 ta hududiy va 5510 ta uchastka referendum komissiyalarida  Referendumga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish jarayonlarini amalga oshirdi.

O‘zbekiston MSK delegasiyasi Belarus Respublikasiga tashrifi doirasida Belarus Markaziy komissiyasi, referendum o‘tkazish bo‘yicha Minsk shahar va Minsk viloyati Nesvij tuman komissiyalari rahbariyati bilan uchrashuvlarda ishtirok etdi.

Tuman uchastka komissiyalari faoliyati bilan tanishish imkoniyati yaratildi.

22-fevraldan 26-fevralgacha ertalab soat 10.00 dan 14.00 gacha va 16.00 dan 19.00 gacha davom etgan respublika referendumi bo‘yicha muddatidan oldin ovoz berish jarayonini kuzatish maqsadida Minsk shahridagi bir qator saylov uchastkalariga tashriflar amalga oshirildi.

O‘zbekiston MSK a’zolari referendum kuni Minsk shahri va Minsk viloyatida ertalab soat 8:00 dan 20:00 gacha bo‘lib o‘tgan saylov uchastkalarining ochilishi, ovoz berish jarayoni va ovozlarni sanab chiqish jarayonini kuzatib bordi. 

Shu kuni ular kuzatuvchilar missiyalarining kuzatuv natijalari bo‘yicha yakuniy bayonotiga bag‘ishlangan tadbirda ishtirok etdilar.

28 fevral kuni Belarus Markaziy komissiyasi raisi I. Karpenkoning Belarus Respublikasi Konstitusiyasiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish masalasi bo‘yicha respublika referendumining dastlabki natijalariga bag‘ishlangan matbuot anjumanida referendum o‘tgan deb hisoblanishi (5 359 471 nafar fuqaro yoki 78,63%, ya’ni, ro‘yxatlarga kiritilganlarning yarmidan ko‘pi), shuningdek, referendum yakunlari bo‘yicha Konstitusiyaga o‘zgartishlar qabul qilinishi (referendumda qatnashgan fuqarolarning 82,86 foizi yoki ro‘yxatga kiritilgan saylovchilarning 65,16 foizi ovoz berganligi) ma’lum qilindi.

Markaziy saylov komissiyasi