• eye Maxsus imkoniyatlar
SAYLOV JARAYONINI BOSHQARISHDA ZARUR BO‘LADIGAN BILIM VA AMALIY KO‘NIKMALAR TAKOMILLASHTIRILMOQDA
02.03.2022
1368
Bugun Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi va Saylov tizimlari xalqaro jamg‘armasi IFES –o‘rtasida BRIDGE dasturini jalb qilgan holda hamkorlik qilish bo‘yicha ish rejasi doirasida navbatdagi trening o‘z ishini boshladi.

“Saylov jarayonlarini boshqarish” mavzusidagi ikki kunlik o‘quv tadbiri Markaziy saylov komissiyasi vakillari uchun tashkil etildi.

Tadbirning ochilish marosimida MSK raisi Zayniddin Nizomxodjayev, AQSH Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) missiyasi direktori Mikayela Meredit, Saylov tizimlari xalqaro jamg‘armasining (IFES) O‘zbekiston bo‘yicha direktori Tamar Jvaniya ishtirok etdi.

Z.Nizomxo‘jayev tadbir ishtirokchilariga tabrik so‘zi bilan murojaat qilar ekan, O‘zbekiston davlat siyosatining asosiy ustuvor yo‘nalishlaridan biri fuqarolarning siyosiy huquqlarini ta’minlash ekanini ta’kidladi.

Mamlakatimizda oxirgi yillarda fuqarolarning vakillik organlariga saylash va saylanish borasidagi konstitusiyaviy huquqlarini ta’minlashda keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi.

So‘nggi yillarda demokratik talablarga javob beradigan zamonaviy saylov tizimini yaratish, fuqarolar va siyosiy partiyalarning saylov jarayonlarida erkin va faol ishtirokini ta’minlash, saylov huquqlarini to‘liq ro‘yobga chiqarishning ishonchli kafolatlari mamlakatimizda amalga oshirilayotgan yangilash va modernizasiya qilish siyosatining muhim ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi.

Ta’kidlanganidek, saylovlar kuchli fuqarolik jamiyatiga ega demokratik konstitusiyaviy davlatning muhim belgisidir. Ular xalq irodasini ifodalash, uning siyosiy hayotda, jamiyatda va davlat boshqaruvi, davlat hokimiyatini shakllantirishda bevosita ishtirok etishining asosiy shaklidir.

Saylov kampaniyalari demokratiya uchun juda muhimdir. Demokratik saylovlar tufayli insonlar o‘zini fuqaro, deb his qiladi, siyosiy tizimni boshqarishda ishtirok etadi.

Shu bilan birga, saylovga barcha zarur ma’muriy-huquqiy, o‘quv-amaliy tayyorgarlik ishlarini amalga oshirishni nazarda tutuvchi jabhalarni samarali tatbiq etish muhim ahamiyat kasb etadi.

O‘quv mashg‘ulotlari saylovni tashkil etish kontekstida boshqaruvning mohiyati, ularni rejalashtirish tushunchalari va metodologiyalarini o‘zlashtirish, saylov jarayonini boshqarish uchun zarur bo‘lgan bilim va amaliy ko‘nikmalarni shakllantirishga qaratilgan.

 


Markaziy saylov komissiyasi