• eye Maxsus imkoniyatlar
Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan bayram tabrigi
07.03.2022
766

Muhtarama opa-singillar!

Hurmatli hamkasblar!

Mamamlakatimiz milliy saylov tizimda mehnat qilayotgan, saylovlarni tashkil etish va o‘tkazishda faol ishtirok etib kelayotgan barcha hamkasblarimizni, saylovchilarni – opa-singilarimizni, qizlarimizni Markaziy saylov komissiyasi nomidan bahor, go‘zallik va nafosat ayyomi – 8 mart – Xalqaro xotin-qizlar bayrami bilan chin dildan, samimiy tabriklaymiz.

Ayolga, onaga jamiyatning, xalqning, umuman, insonning munosabati mazmun-mohiyati qadimiy va muʼtabar kitoblarimizda aytib qo‘yilgan: “Jannat onalarning oyog‘i ostidadir”.

Bugun Yangi O‘zbekistonimizda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida  ayollarimizga hurmat-eʼtibor ko‘rsatish, ularni eʼzozlash borasida amalga oshirilayotgan ezgu ishlarning mohiyati ota-bobolarimiz asrlar osha amal qilib kelgan va kelayotgan xuddi shu qadimiy hikmatga juda mosdir.

Milliy davlatchiligimizning qadimiy va boy tarixida ayollarimiz hech qachon davlat va jamiyatning bugungidek yuksak eʼzoz-eʼtibori va g‘amxo‘rligiga sazovor bo‘lmagan. Bugun mamlakatimiz milliy saylov tizimida, deputatlar, senatorlar, hokimlar, olimalar, pedagoglar, tadbirkorlar orasida – barcha sohalarda nom qozongan opa-singillarimiz, qizlarimiz tobora ko‘paymoqda. Biz ular bilan haqli ravishda faxrlanamiz!

Biz barcha onalarimiz, buvilarimiz, opa-singillarimiz va qizlarimizga, eng avvalo, tinchlik-xotirjamlik,  mustahkam sihat-salomatlik, oilaviy baxt va uzoq umr tilaymiz. Hayotingizdan, xonadoningizdan hech qachon fayzu baraka arimasin. Go‘zal Vatanimizning ravnaqi yo‘lidagi xayrli ishlaringizda hamisha muvaffaqiyatlar yor bo‘lsin!

Doimo xalqimizning, Vatanimizning, oilangizning yuksak mehri va ardog‘ida yuring!

 

Ehtirom bilan,

Zayniddin NIZAMXODJAYEV,

O‘zbekiston Respublikasi

Markaziy saylov komissiyasi Raisi