• eye Maxsus imkoniyatlar
MARKAZIY SAYLOV KOMISSIYASI VAKILLARI SANOQ JARAYONLARINI KUZATIB BORDI
09.03.2022
905
Bugun 9-mart kuni Koreya Respublikasida mamlakat boʻylab Prezidentlik saylovlari boʻlib oʻtdi. 

Koreya Respublikasi Milliy saylov komissiyasi maʼlumotlariga koʻra 44 million 197 ming 692 nafar saylovchi mazkur saylovda ishtirok etish uchun roʻyxatga olingan.

Mazkur saylovda partiyalardan roʻyxatga olingan 14 nafar Prezidentlikka nomzod sifatida ishtirok etib, nomzodlarning saylovoldi tashviqoti 15-fevraldan — 8-martga qadar davom etdi.

Koreya Respublikasi mahalliy vaqti bilan ovoz berish jarayonlari yakunlanganidan soʻng, Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining doimiy aʼzosi Adham Ibodullayev, axborot va kommunikatsiyalar boʻlimi boshligʻi Muzaffar Satayev hamda xalqaro hamkorlik boʻlimi yetakchisi Iroda Ubaydullayeva Koreya Respublikasi Milliy saylov komissiyasining Xalqaro Saylovlarni kuzatish dasturi (IEOP) asosida tashkil etilgan video konferensiya tarzidagi muloqot davomida ovoz berish va sanab chiqish jarayonlarini onlayn kuzatib bordi.

Mazkur onlayn formatda oʻtkazilgan Prezident saylovi uchun onlayn xalqaro kuzatuvida 23 ta davlatdan 168 nafar ekspertlar ishtirok etdi.