• eye Maxsus imkoniyatlar
SAYLOVLAR SOHASIDA YXHT DIIHB BILAN MULOQOT VA AMALIY HAMKORLIKNI YANADA MUSTAHKAMLASH UCHUN ASOS
29.04.2022
1102
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi (MSK) shuni maʼlum qiladiki, 2022-yil 22-aprel kuni Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining (YXHT) Demokratik institutlar va inson huquqlari boʻyicha byurosi (DIIHB) oʻzining rasmiy saytida 2021-yil 24-oktyabr kuni boʻlib oʻtgan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida DIIHB Saylovlarni kuzatish boʻyicha missiyasining Yakuniy hisobotini eʼlon qildi.

Qayd etish zarurki, DIIHB Saylovlarni kuzatish boʻyicha missiyasining eʼlon qilingan Yakuniy hisoboti hajman va mohiyatan gʻoyat muhim va jiddiy hujjat hisoblanadi. MSK tomonidan saylov jarayonining barcha ishtirokchilari, ekspertlar va mutaxassislar, fuqarolik jamiyati institutlari, olimlar va amaliyotchilar jalb etilgan holda yaqin vaqt ichida mazkur Hisobotning batafsil tahlili oʻtkaziladi.

Yakuniy hisobotda oʻtgan saylov kampaniyasiga baho berilgan boʻlib, DIIHB tavsiyalarini inobatga olgan holda Oʻzbekiston tomonidan amalga oshirilayotgan va saylov jarayonini takomillashtirish boʻyicha ishlarni davom ettirishga qaratilgan chora-tadbirlar tahlili oʻrin olgan.

MSK, Yakuniy hisobotni saylovlar sohasida YXHT DIIHB bilan muloqot va konstruktiv hamkorlikni davom ettirish uchun asos sifatida qabul qilish mumkin, deb hisoblaydi.

Shu munosabat bilan Oʻzbekistonning DIIHB bilan saylovlar jarayonidagi oʻzaro hamkorligi tobora mustahkamlanib borayotganini alohida taʼkidlash zarur. Byuroning Missiyasi 1999-yildan buyon mamlakatimizda oʻtkazilgan prezident va parlament saylovlarida kuzatuvchi sifatida ishtirok etib kelmoqda. Bu, oʻz navbatida, Oʻzbekistonda saylovlarni mamlakatimiz saylovlar sohasida olgan majburiyatlar, umumeʼtirof etilgan tamoyillar va eng ilgʻor amaliyot asosida adolatli, halol va shaffof oʻtkazishga xizmat qilmoqda.

Konstruktiv hamkorlik borasida milliy saylov tizimini yanada demokratlashtirish, saylov qonunchiligi va amaliyotini umumeʼtirof etilgan xalqaro demokratik saylov standartlariga uygʻunlashtirish orqali fuqarolarning saylov huquqlarini yanada kengroq va toʻlaroq taʼminlashga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Saylovlar sohasidagi qonunlar va boshqa normativ-huquqiy hujjatlarni tizimlashtirish yoʻli bilan yagona Saylov kodeksiga kodifikatsiya qilinishi, saylovlar jarayoniga axborot kommunikatsiya texnologiyalarining joriy etilishi kabi koʻplab koʻratkichlar shundan yorqin dalolatdir.

Shu tariqa, oʻtgan saylov kampaniyalari va ularga DIIHBning saylovlarni kuzatish boʻyicha missiyalari va boshqa xalqaro hamda xorijiy ekspertlar tomonidan berilgan bahosi Oʻzbekistonda milliy demokratik saylov tizimining shakllanishi va rivojlanishiga oʻzining sezilarli taʼsirini koʻrsatdi. Har bir saylov kampaniyasiga berilgan bahoda mamlakatimizda saylovlarni tashkil qilish va oʻtkazish borasida muayyan muvaffaqiyatlarni qayd etilmoqda.

Bu borada 2021-yili boʻlib oʻtgan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi ham muhim ahamiyat kasb etadi.

Oʻzbekistonda saylovlar ilk bor YXHT DIIHB, YXHT Parlament Assambleyasi va Yevropa Parlamentining birgalikdagi saʼy-harakatlari bilan kuzatildi. Saylov kuni YXHT Parlament Assambleyasi va Yevropa Parlamenti delegatsiyalari DIIHB missiyasiga qoʻshilidi va shu tariqa 44 mamlakatdan 365 nafar kuzatuvchidan iborat Xalqaro saylovni kuzatish missiyasi shakllantirildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini kuzatish uchun YXHT Parlament Assambleyasi ilk bor 27 mamlakatdan 100 nafar parlamentariy hamda YXHT Parlament Assambleyasi Prezidenti Margareta Sederfelt va Bosh kotibi Roberto Montelladan iborat oʻzining nufuzli delegatsiyasini yubordi.

Yevropa parlamenti delegatsiyasi esa Oʻzbekistonda saylovlarni kuzatishda birinchi bor ishtirok etdi.

Bular barchasi YXHT DIIHB tomonidan Oʻzbekistonda soʻnggi yillarda Harakatlar strategiyasi doirasida izchillik bilan amalga oshirilayotgan demokratik islohotlar yoʻlini eʼtirof etib, qoʻllab-quvvatlayotganidan dalolatdir.

Yakuniy hisobotda saylov Oʻzbekiston Prezidenti tashabbusi bilan ijtimoiy va iqtisodiy, siyosiy va huquqiy sohalarda “Yangi Oʻzbekiston” shiori ostida amalga oshirilayotgan islohotlar strategiyasi jarayonida oʻtganligi toʻgʻrisida hulosa qilingan.

Eʼtirof etilganki, Oʻzbekiston soʻnggi yillarda saylovlarga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish jarayonida salmoqli yutuqlarni qoʻlga kiritgan, saylov qonunchiligida tub islohotlarga erishgan. Bu esa YXHT DIIHB tomonidan taklif etilgan tavsiyalarni implementatsiya qilishga xizmat qilgan.

Saylov kampaniyasini moneliklarsiz oʻtkazish kafolatlarining mustahkamlanishidan mamnuniyat bildirilib, maʼmuriy resurslardan foydalanishga oid faktlarni istisno qilishga doir chora-tadbirlar yuqori baholangan, saylov huquqini huquqiy himoya qilish kafolatlarining mustahkamlanishi qayd etilgan.

MSKning Prezident sayloviga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish borasidagi faoliyatiga yuksak baho berilgan: “Saylovga tayyorgarlik koʻrish ishlari yuqori samara va katta uyushqoqlik bilan amalga oshirildi”, deb qayd etilgan. Taʼkidlanishicha, COVID-19 bilan bogʻliq muammolarga qaramay, MSK oʻz faoliyatini yuksak tashkiliy darajada, sifatli, va qonunchilikda belgilangan muddatlarda samarali tashkil etgan.

Saylov kampaniyasining ochiq va oshkora oʻtkazilgani ijobiy baholangan. Qayd etilishicha, MSKning barcha majlislari ilk bor keng jamoatchilik eʼtiboriga ochiq-oshkora, onlayn translyatsiya qilingan, MSK qarorlari esa Komissiya veb-saytida darhol chop etilgan, okrug saylov komissiyalari bilan jonli videokonferensiyalar muntazam oʻtkazilgan.

Saylovda imkoniyati cheklangan shaxslar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish borasidagi chora-tadbirlarga ham ijobiy baho berilgan. “Qonunga koʻra, barcha saylov uchastkalari nogironligi boʻlgan saylovchilar uchun qulay boʻlishi kerak va MSK turli xil nogironligi boʻlgan shaxslarning barcha saylov uchastkalarida ovoz berishda ishtirok etishini osonlashtirish choralari koʻrildi. Saylovchiga oʻz xohishiga koʻra boshqa shaxs yordamidan foydalanish imkoniyati, saylov uchastkalarini nishab yoʻlaklar (panduslar) bilan jihozlash, nogironlar aravachasiga moslangan ovoz berish kabinalari, Brayl alifbosidagi maxsus trafaretlar va lupalar shular jumlasidandir”.

Saylovoldi tashviqoti tadbirlarida imkoniyati cheklangan shaxslar ishtiroki uchun sharoitlar taʼminlangani qayd etilgan. Bunday uchrashuvlarda imo-ishora tilidan (surdo tarjimadan), jumladan video aloqa orqali foydlanilgan.

“MSK saylovchilarni, shu jumladan kam sonli millatlarning tillarida, saylov kunidan ancha oldin xabardor qilish uchun keng qamrovli va inklyuziv kampaniya tashkil eta oldi. Nogironlar uchun yaratilgan qulayliklarni yanada kengaytirish uchun bir nechta yangi qoidalar joriy qilindi",- deyiladi Yakuni hisobotda.

DIIHB Missiyasi tomonidan oʻtkazilgan ommaviy axborot vositalari monitoringida ovoz berishda faol qatnashish boʻyicha kampaniya toʻqqiz tilda olib borilgani qayd etildi. Saylovoldi materiallari, shu jumladan saylov qonunchiligi va MSK qarorlariga dahldor barcha materiallar oʻzbek, rus va qoraqalpoq tillarida eʼlon qilib borildi, shuningdek internetda qozoq, qirgʻiz, tojik va turkman tillarida tarqatildi.

Missiya saylov kuni ovoz berish jarayoni osoyishta va tartibli oʻtganini qayd etadi. MSK butun kun mobaynida fuqarolarning ovoz berish jarayonidagi faolligiga oid oraliq natijalar haqida jamoatchilikni vaqti-vaqti bilan xabardor etib bordi. Barcha saylov uchastkalarida siyosiy partiyalar va fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlaridan kuzatuvchilar hozir boʻldi. Saylovni, shuningdek xalqaro tashkilotlar va xorijiy mamlakatlardan qariyb 1 000 nafar xalqaro kuzatuvchi kuzatib bordi. Ovoz berish jarayonini ommaviy axborot vositalarining akkreditatsiyadan oʻtgan 1 672 nafar chet ellik va mahalliy vakillari keng yoritib bordi. Bu saylov jarayonining ochiqligi va oshkoraligini taʼminlashda muhim ahamiyat kasb etdi.

Saylovni oʻtkazish uchun mamlakatda 10 761 ta saylov uchatkasi tashkil etildi. Xalqaro saylovni kuzatish missiyasi 1 267 ta saylov uchastkasida ovoz berishni kuzatib bordi. Shundan, ovoz berish jarayoni bilan bogʻliq ayrim salbiy jihatlar 139 ta (11 foiz) saylov uchastkasidagina qayd etildi.

Ayni paytda, Yakuniy hisobotda saylov jarayonlarini bilan bogʻliq kamchiliklar ham koʻrsatib oʻtilgan. MSKning fikricha, baʼzi kamchiliklar qonunchilik tomonidan tartibga solish va amaliyotining oʻziga xos jihatlari, hududiy, milliy va madaniy shart-sharoitlarni hisobga olganda, kamchilik boʻlmasligi ham mumkin.

YXHT DIIHB saylov jarayonlarini yanada takomillashtirishda Oʻzbekistonga texnik yordam berishga tayyor ekanligini bildirib, Yakuniy hisobotda bir qator tavsiyalarini taklif etgan. MSK taklif etilgan mazkur tavsiyalar YXHT DIIHB bilan hamkorlikda har tomonlama koʻrib chiqiladi va natijasi boʻyicha Oʻzbekistonda saylov qonunchiligini yanada takomilashtirish, saylov amaliyoti samaradorligini yanada oshirish boʻyicha, xususan 2022-2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning Taraqqiyot strategiyasida belgilab berilgan ustuvor vaziflarni amalga oshirish doirasida takliflar ishlab chiqiladi deb umid bildiradi.

Markaziy saylov komissiyasi YXHT DIIHB bilan qaror topgan hamkorlikni yuksak qadrlaydi, oʻzaro manfaatli hamkorlik yanada samaraliroq boʻlishiga va mamlakatimiz saylov amaliyotida oʻzining ijobiy inʼikosini topishiga ishonch bildiradi.

 

Oʻzbekiston Respublikasi

Markaziy saylov komissiyasi