• eye Maxsus imkoniyatlar
Samarali hamkorlikning muhim asosi
10.06.2022
1480
Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi (YXHT DIIHB) yaqinda o‘z rasmiy saytida 2021 yil 24 oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida DIIHB saylovni kuzatish bo‘yicha missiyasining yakuniy hisobotini e’lon qildi. Shu munosabat bilan YXHT DIIHB delegasiyasining O‘zbekistonga tashrifi kutilmoqda.

 

Tavsiya, tashrif va taqdimot

2021-yilda bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi milliy saylovlar tarixida ilk bor YXHT DIIHB, YXHT Parlament Assambleyasi va Yevropa Parlamenti tomonidan kuzatib borildi. Saylov kuni YXHT Parlament Assambleyasi va Yevropa Parlamenti delegasiyalari DIIHB missiyasiga qo‘shildi, shu tariqa 44 mamlakatdan 365 kuzatuvchidan iborat xalqaro saylovni kuzatish missiyasi shakllandi.

Prezident saylovini kuzatish uchun YXHT Parlament Assambleyasi ilk bor 27 mamlakatdan 100 nafar parlamentariy hamda YXHT Parlament Assambleyasi prezidenti va bosh kotibidan iborat nufuzli delegasiyasini yubordi. Yevropa Parlamenti delegasiyasi esa O‘zbekistonda saylovni kuzatishda birinchi marta ishtirok etdi.

YXHT DIIHB metodologiyasiga muvofiq, byuroning saylovni kuzatishi natijalari bo‘yicha faoliyati bevosita saylovdan keyingi davrda amalga oshiriladi. Bu borada saylovdan keyingi o‘zaro hamkorlik uchta asosiy yo‘nalish, ya’ni DIIHB yakuniy hisobotini e’lon qilish va uni taqdim etish hamda taklif qilingan tavsiyalar asosida keyingi ishlarni davom ettirishni qamrab oladi.

Joriy yilning 22-aprelida YXHT DIIHB o‘z rasmiy saytida 2021-yili bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida DIIHB saylovlarni kuzatish bo‘yicha missiyasining yakuniy hisobotini e’lon qildi.

Yakuniy hisobot taqdimoti tavsiyalarni amalga oshirish bo‘yicha keyingi ishlarda ishtirokchi davlatlarga kuzatuvdan ko‘maklashishga o‘tishning samarali mexanizmi hisoblanadi. Yakuniy hisobotni ishtirokchi davlatga yuborish orqali DIIHB o‘z hisobotini joyida taqdim etish va tavsiyalarini muhokama qilish uchun ushbu mamlakatga tashrif buyurishga tayyorligini bildiradi.

Odatda yakuniy hisobotni taqdim etuvchi byuro delegasiyasiga saylovni kuzatish bo‘yicha tegishli missiya rahbari, rahbariyat a’zosi yoki DIIHB direktori boshchilik qiladi. Mamlakatga bunday tashrif saylov tugaganidan keyin 3-9 oy o‘tgach amalga oshiriladi.

Tashrif davomida yakuniy hisobot qator mas’ul shaxslarga rasman taqdim etilib, unda keltirilgan xulosa va tavsiyalar muhokama qilinadi. Ikki tomonlama, parlamentariy uchrashuvlar, brifinglar, davra suhbatlari o‘tkazilishi ham mumkin.

Bunday tashriflar rasmiylar bilan samarali muloqot, ayrim masalalarga oydinlik kiritish va DIIHB tavsiyalari bo‘yicha hamkorlikda bajarilishi mumkin bo‘lgan chora-tadbirlarni muhokama qilish imkonini beradi.

Saylovning huquqiy-me’yoriy asoslari bo‘yicha milliy qonunchilikka oid sharhlar va ekspert xulosalarini tayyorlash, ekspertlar uchrashuvlari va davra suhbatlarini tashkil etish, texnik maslahatlar berish ham shular jumlasidandir.

 

Takomil va taraqqiyot

Yakuniy hisobot saylov sohasida YXHT DIIHB bilan muloqot va samarali hamkorlikni davom ettirish uchun muhim asosdir.

Chunki hisobotning asosiy qismlaridan biri — bo‘lajak saylovlarni o‘tkazishning huquqiy asoslari va amaliyotini takomillashtirishga qaratilgan tavsiyalar. Ular saylovni tashkil etish uchun mas’ul organlar, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari hamda siyosiy partiyalar, ommaviy axborot vositalari, fuqarolik jamiyati va boshqa manfaatdor idoralar tomonidan ko‘rib chiqilishi uchun mo‘ljallangan.

Odatda tavsiyalar YXHT majburiyatlari va boshqa xalqaro majburiyatlar va standartlarni hisobga olgan holda qanday o‘zgartirishlar kiritish mumkinligi bo‘yicha takliflarni o‘z ichiga oladi. Ulardan ba’zilari amaldagi qonunchilikka o‘zgartirishlar kiritishga, boshqalari saylov o‘tkazish amaliyotini yanada takomillashtirishga qaratilgan bo‘lishi mumkin.

O‘zbekistonning DIIHB bilan saylov jarayonidagi o‘zaro hamkorligi tobora mustahkamlanib borayotganini alohida ta’kidlash zarur. Byuro missiyasi 1999-yildan buyon mamlakatimizda o‘tkazilgan Prezident va parlament saylovlarida kuzatuvchi sifatida ishtirok etib kelmoqda. Bu, o‘z navbatida, O‘zbekistonda saylovlarni mamlakatimiz saylovlar sohasida olgan majburiyatlar, umume’tirof etilgan tamoyillar va eng ilg‘or amaliyot asosida adolatli, halol va shaffof o‘tkazishga xizmat qilmoqda.

Samarali hamkorlik borasida milliy saylov tizimini yanada demokratlashtirish, saylov qonunchiligi va amaliyotini umume’tirof etilgan xalqaro demokratik saylov standartlariga uyg‘unlashtirish orqali fuqarolarning saylov huquqlarini yanada kengroq va to‘laroq ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Bu borada YXHT DIIHB missiyasining har bir saylov natijalari bo‘yicha yakuniy hisobotida o‘z aksini topgan tavsiyalarining maqbullari O‘zbekiston saylov qonunchiligi va amaliyotiga implementasiya qilinib, saylovga oid milliy huquqiy baza takomillashtirilmoqda.

O‘tgan vaqt mobaynida O‘zbekiston DIIHB saylovlarni kuzatish bo‘yicha missiyasining qator tavsiyalarini amalga oshirdi. 2018-2019-yillarda saylovga oid qonunlar va qonunosti hujjatlar tizimlashtirilib, yagona Saylov kodeksiga birlashtirilgani, saylov jarayoniga axborot-kommunikasiya texnologiyalari tobora keng joriy etilgani kabi ko‘plab o‘zgarishlar buning yorqin dalilidir.

Markaziy saylov komissiyasi muvofiqlashtiruvida hamda manfaatdor vazirlik va idoralar, fuqarolik jamiyati institutlari ishtirokida saylov qonunchiligi va amaliyotini missiyaning 2019 yilgi parlament saylovi bo‘yicha yakuniy hisoboti asosida yanada takomillashtirish yuzasidan izchil ishlar olib borildi.

Yakuniy hisobotda YXHT DIIHB O‘zbekistonga saylov jarayonini takomillashtirishda yordam ko‘rsatishga tayyorligini izhor etib, o‘ttiz ikkita tavsiyani taqdim etgandi.

Missiyaning yakuniy hisobotidagi tavsiyalarni tahlil qilish va umumlashtirish, O‘zbekistonning saylov qonunchiligi va amaliyotida qo‘llash uchun maqbul tavsiyalarni milliy qonunchilikka implementasiya qilish uchun bir qator tashkiliy-amaliy chora-tadbirlar amalga oshirildi.

Davlatimiz rahbari Oliy Majlisga 2020-yil 29-dekabrdagi Murojaatnomasida 2021-yilda bo‘lib o‘tadigan Prezident saylovi munosabati bilan Markaziy saylov komissiyasiga bo‘lajak saylovni milliy qonunchilik va umume’tirof etilgan xalqaro demokratik tamoyillar asosida yuqori darajada tashkil etishga alohida e’tibor qaratish zarurligini ta’kidlagan edi.

Shu bilan birga, Murojaatnomada so‘nggi saylovda xalqaro kuzatuvchilarning maqbul tavsiyalarini milliy qonunchilik va amaliyotga tatbiq etish bo‘yicha ishlarni davom ettirish zarurligi qayd etildi. Mazkur ustuvor vazifalar 2021-yilga mo‘ljallangan Davlat dasturida batafsil ifodasini topdi.

Bu borada 2021-yil mobaynida milliy saylov qonunchiligini xalqaro saylov standartlariga yanada uyg‘unlashtirish, missiyaning yakuniy hisobotidagi tavsiyalarni amalga oshirish va amaliyotga joriy etish borasida saylov qonunchiligini takomillashtirishga oid ikkita muhim qonun qabul qilindi.

2021-yil 8-fevralda qabul qilingan “Saylov qonunchiligi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun bilan O‘zbekiston Konstitusiya siga, “Referendum yakunlari hamda davlat hokimiyati tashkil etilishining asosiy prinsiplari to‘g‘risida”gi konstitusiyaviy qonunga, “Siyosiy partiyalarni moliyalashtirish to‘g‘risida”gi qonunga hamda Saylov kodeksiga qator o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi.

2021-yil 31-may kuni imzolangan “O‘zbekiston Respublikasining Saylov kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonunga muvofiq Saylov kodeksining o‘n bitta moddasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi.

Shuningdek, byuroning yakuniy hisobotida bayon etilgan tavsiyalarning ijrosiga bevosita daxldor bo‘lgan boshqa bir qator qonunchilik hujjatlari qabul qilinganini ham qayd etish zarur. Jumladan, 2020-yil 15-oktabrda “Nogironligi bor shaxslarning huquqlari to‘g‘risida”gi qonun qabul qilindi va 2021-yilning yanvar oyidan kuchga kirdi.

“O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat, Jinoyat-prosessual kodekslariga hamda O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun 2020-yilning 15-dekabrida qabul qilindi. Unda tuhmat va haqorat qilishga oid jinoiy jazoni liberallashtirish nazarda tutilgan, ozodlikdan mahrum etish jazosi bekor qilindi.

“Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyani (Nyu-York, 2006-yil 13-dekabr) ratifikasiya qilish haqida”gi qonun 2021-yilning 7-iyun kuni qabul qilindi.

Byuro tavsiyalari ijrosining lozim darajada bajarilishida Prezident sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha Markaziy saylov komissiyasi tomonidan ishlab chiqilgan yangi tahrirdagi normativ-huquqiy hujjatlar ham muhim ahamiyat kasb etdi. Mazkur nizom va yo‘riqnomalarda yakuniy hisobotdagi bir qator muhim tavsiyalar inobatga olingan.

Shunday qilib, YXHT DIIHBning parlament saylovi bo‘yicha yakuniy hisobotda qayd etilgan 32 tavsiyasidan 21 tasi qabul qilindi.

 

Tizimli ishlar samarasi

Davlatimiz rahbari imzolagan “2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risida”gi farmon va “Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili” Davlat dasturida saylov qonunchiligi va amaliyotini yanada takomillashtirish chora-tadbirlarini amalga oshirish nazarda tutilgan. Bular Saylovchilar yagona elektron ro‘yxati va Saylov jarayonlarini boshqarish axborot tizimini takomillashtirish hamda milliy saylov tizimining nufuzini yanada oshirishdan iborat.

Markaziy saylov komissiyasida ayni paytda Ichki ishlar vazirligi, Kadastr agentligi, Davlat personallashtirish markazi va boshqa manfaatdor vazirlik hamda idoralar vakillaridan, shuningdek, MSKning xorijiy saylov organlari faoliyatini tashkil etish amaliyotini o‘rganuvchi xodimlaridan iborat ishchi guruhlar faoliyat yuritmoqda. Bunday tizimli ishlar samarasida saylov qonunchiligini takomillashtirish bo‘yicha takliflar va tegishli normativ-huquqiy hujjatlar ishlab chiqiladi.

Shu tariqa, o‘tgan saylov kampaniyalari va ularga DIIHBning saylovlarni kuzatish bo‘yicha missiyalari, boshqa xalqaro hamda xorijiy ekspertlar tomonidan berilgan baholar O‘zbekistonda milliy demokratik saylov tizimi shakllanishi va rivojlanishiga sezilarli ta’sirini ko‘rsatmoqda. Natijada har bir saylov kampaniya siga berilgan e’tiroflarda mamlakatimizda saylovni tashkil qilish va o‘tkazish borasida muayyan muvaffaqiyatlar qayd etilmoqda.

Xususan, YXHT DIIHBning 2021-yilgi saylov bo‘yicha yakuniy hisobotida saylov O‘zbekis ton Prezidenti tashabbusi bilan ijtimoiy va iqtisodiy, siyosiy va huquqiy sohalarda “Yangi O‘zbekiston” shiori ostida amalga oshirilayotgan islohotlar strategiyasini amalga oshirish jarayonida o‘tgani alohida qayd etilgan. E’tirof etilganki, O‘zbekiston so‘nggi yillarda saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish jarayonida salmoqli yutuqlarni qo‘lga kiritgan, saylov qonunchiligida tub islohotlarga erishgan. Bu YXHT DIIHB tomonidan taklif etilgan tavsiyalarni implementasiya qilishga yo‘l ochgan.

Markaziy saylov komissiyasining Prezident sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish borasidagi faoliyatiga yuksak baho berilgan. COVID-19 bilan bog‘liq muammolarga qaramay, Markaziy saylov komissiyasi o‘z faoliyatini yuksak tashkiliy darajada, sifatli va qonunchilikda belgilangan muddatlarda samarali tashkil etgani ta’kidlangan.

Saylov kampaniyasining ochiq va oshkora o‘tkazilganiga, imkoniyati cheklangan shaxslar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish borasidagi chora- tadbirlarga ham ijobiy baho berilgan.

Saylovchilar faolligini oshirish bo‘yicha kampaniya to‘qqiz tilda olib borilgani, shuningdek, saylov qonunchiligi va Markaziy saylov komissiyasi qarorlariga daxldor barcha materiallar o‘zbek, rus va qoraqalpoq tillarida e’lon qilib borilgani, bundan tashqari, internetda qozoq, qirg‘iz, tojik va turkman tillarida tarqatilgani va boshqa bir qator holatlar qayd etildi.

Yakuniy hisobotda saylov jarayonlari bilan bog‘liq ayrim kamchiliklar ham ko‘rsatib o‘tilgan. Markaziy saylov komissiyasi fikricha, ular qonunchilik tomonidan tartibga solish amaliyo tining o‘ziga xos jihatlari, hududiy, milliy va madaniy shart-sharoitlarni hisobga olganda, kamchilik bo‘lmasligi ham mumkin.

YeXHT DIIHB saylov jarayonlarini yanada takomillashtirishda O‘zbekistonga har tomonlama yordam berishga tayyor ekanini bildirib, yakuniy hisobotda yigirma to‘rtta tavsiyani taklif etgan.

Shu munosabat bilan yakuniy hisobotni batafsil tahlil qilish, unda keltirilgan tavsiyalarni o‘rganish hamda ularni qo‘llash bo‘yicha takliflar ishlab chiqish uchun idoralararo ishchi guruh tashkil etildi. Ushbu ishchi guruhga saylov jarayonining barcha ishtirokchilari, ekspertlar va mutaxassislar, siyosiy partiyalar vakillari, fuqarolik jamiyati institutlari, olimlar va amaliyotchilar jalb etildi.

Yakuniy hujjatni o‘rganishga BMTning Taraqqiyot dasturi, Saylov tizimlari xalqaro fondi, YXHTning Loyihalar bo‘yicha koordinatori kabi xalqaro tashkilotlardan ekspertlar jalb qilingan bo‘lib, ular mazkur hisobotni BMT, YXHT universal hujjatlari va demokratik hamda erkin saylovlar standartlarini belgilovchi xalqaro huquqning boshqa hujjatlari bilan qiyosiy tahlil qilish, shuningdek, xalqaro amaliyot bilan taqqoslashtirishda yordam bermoqda.

Tavsiyalar YXHT DIIHBdan tashrif buyuradigan delegasiya bilan hamkorlikda har tomonlama ko‘rib chiqiladi. Natijasi bo‘yicha O‘zbekistonda saylov qonunchiligini takomilashtirish, saylov amaliyoti samaradorligini oshirish, xususan, 2022-2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekis tonning taraqqiyot strategiyasida belgilab berilgan ustuvor vazifalarni bajarish doirasida takliflar ishlab chiqiladi.

Xulosa o‘rnida ta’kidlash lozimki, O‘zbekistonda YXHT DIIHB tavsiyalarini bajarish borasida zarur imkoniyatlardan samarali foydalanish bo‘yicha ko‘plab ishlar amalga oshirildi va oshirilmoqda. Bu esa, o‘z navbatida, mamlakatimiz demokratik taraqqiyot uchun xalqaro standartlarga javob beradigan saylov sohasidagi ilg‘or tajribalarni tatbiq etishga xizmat qiladi.

 

 

Gulnoza RAHIMOVA,

O‘zbekiston Respublikasi

Markaziy saylov komissiyasining

doimiy asosda ishlovchi a’zosi

Manba: «Yangi O‘zbekiston» gazetasining 2022-yil 10-iyun kungi 115-soni